Oʻzbekiston Respublikasida Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (djetro) vakolatxonasi ochish toʻgʻrisida (241-son)
24.06.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yaponiya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikning institutsional asoslarini kengaytirish, Oʻzbekiston Respublikasining eksport salohiyatini rivojlantirish hamda vatanimiz mahsulotlarining xalqaro bozorlarga kirib borishi uchun jahon ilgʻor tajribasini qoʻllash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya Hukumatining Oʻzbekiston Respublikasida Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (DJETRO) ning mintaqaviy vakolatxonasini ochish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Maʼlumotlar uchun qabul qilinsinki, quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasidagi DJETRO vakolatxonasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Yaponiya kompaniyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini respublika iqtisodiyotiga jalb qilish, ikkala mamlakat sanoat korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni va ilgʻor texnologiyalarni ayirboshlashni kengaytirish;
eksport salohiyatini rivojlantirish, vatanimizda ishlab chiqarilgan tovarlarning raqobatbardoshliligini oshirish hamda ularning Yaponiya va xalqaro sotish bozorlariga kirib borishiga koʻmaklashish boʻyicha dasturlarni amalga oshirish;
sanoat ishlab chiqarishi, kichik va oʻrta tadbirkorlikning eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlarini yaxshilashga, standartlashtirish va sertifikatsiyalashga koʻmaklashish;
respublika mutaxassislari malakasini oshirish tadbirlarini, shu jumladan, ularning Yaponiyada oʻtkaziladigan DJETRO oʻquv dasturlarida qatnashishini tashkil etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi DJETRO vakolatxonasini Toshkent shahrida Amur Temur koʻchasidagi Xalqaro savdo-koʻrgazma kompleksning Biznes-markazi binosiga imtiyozli shartlarda joylashtirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
DJETRO vakolatxonasiga xalqaro hukumatlararo tashkilot vakolatxonasi maqomini bergan holda uni akkreditatsiyadan oʻtkazishni;
Oʻzbekiston Respublikasida DJETRO loyihalarini amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga, ulardan konsullik yigʻimlari undirmasdan, kirish vizalari rasmiylashtirishni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasida DJETRO loyihalarini amalga oshirishda qatnashuvchi Yaponiya mutaxassislariga, davlat boji toʻlanmagan holda, koʻp martali vizalar berilishini va ularning muddatlari uzaytirilishini, ularning yashash joylari boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtganlik muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 24-iyun,
241-son
