Avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (469-son)
06.07.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 18-apreldagi PQ-2897-son qarori ijrosini taʼminlash hamda avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilishini monitoring qilish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 6-iyul,
469-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-iyuldagi 469-son qaroriga ILOVA
Avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilishini monitoring qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom talablari jamoat ehtiyojlari uchun ularning yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan yuridik va jismoniy shaxslarga berilgan obyektlarga tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
idoralararo komissiya — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-fevraldagi PQ-2796-son qaroriga muvofiq tuzilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan oʻtkazish hamda aniqlash boʻyicha idoralararo komissiyalar;
ishchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy organlari;
avval xususiylashtirilgan obyektlar — keyinchalik mulk egasining oʻzgarishidan qatʼi nazar, davlat tomonidan xususiy mulk egalariga (jumladan ustav kapitaliga kiritish, sotish va boshqacha begonalashtirish yoʻllari bilan) berilgan binolar, turar joy boʻlmagan binolar va qurilishi tugallanmagan koʻchmas mulk obyektlari;
foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari — soʻnggi 12 oy mobaynida tovarlar ishlab chiqarish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish)da umumiy maydonining 50 foizdan koʻprogʻi (bir bino yoki noturarjoy xonasi konturi doirasida) foydalanilmay kelingan avval xususiylashtirilgan binolar va noturarjoy xonalari;
qurilishi tugallanmagan obyektlar — qurilish loyiha-smeta hujjatida belgilangan normativ muddatlarda, qurilishning belgilangan normativ muddati mavjud boʻlmagan taqdirda - qurilish boshlangan sanadan boshlab 24 oy mobaynida qurib bitkazilmagan avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan koʻchmas mulk obyektlari;
loyiha tashabbuskorlari — avval xususiylashtirilgan, qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi mulkdorlar;
investitsiya loyihalari — Idoralararo komissiya tomonidan tasdiqlangan, avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida amalga oshiriladigan, investitsiya kiritish va yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil qilish boʻyicha loyihalar;
masʼul tashkilotlar — mazkur Nizomga muvofiq investitsiya loyihalari amalga oshirilishi monitoringini oʻtkazishda ishtirok etuvchi va ishchi organga maʼlumotlar taqdim etuvchi tashkilotlar.
2-bob. Investitsiya loyihalari amalga oshirilish monitoringini yuritish tartibi
3. Ishchi organ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-fevraldagi PQ-2796-son qaroriga muvofiq, idoralararo komissiyalar va tijorat banklari tomonidan loyiha tashabbuskorlari bilan birga ishlab chiqilgan hamda tasdiqlangan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi holati monitoringini yuritadi.
4. Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi monitoringini yuritish doirasida ishchi organ:
investitsiya loyihalarining parametrlarini koʻrsatgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining hisobini yuritadi;
investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi boʻyicha loyiha tashabbuskorlari va masʼul tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlarni tahlil qiladi va umumlashtiradi;
idoralararo komissiyaga investitsiya loyihalari amalga oshirilishining monitoringi natijalari toʻgʻrisida maʼlumot kiritadi;
xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish boʻyicha davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi.
5. Investitsiya loyihalari amalga oshirilishi monitoringini yuritish uchun loyiha tashabbuskorlari va masʼul tashkilotlar har oyda hisobot oyidan keyingi oyning uchinchi sanasidan kechiktirmay ishchi organga quyidagi maʼlumolarni taqdim etadi:
loyiha tashabbuskorlari — investitsiya loyihalarining moliyalashtirilishi va investitsiya loyihalari amalga oshirilishi boʻyicha ishlarning holati, shu jumladan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq, hisobot sanasiga investitsiya loyihalarida nazarda tutilgan moliyaviy-iqtisodiy parametrlar boʻyicha maʼlumotlar;
tijorat banklari — mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq investitsiya loyihalarining moliyalashtirilishi (kreditlar ajratilishi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri davlat soliq boshqarmalari — loyiha tashabbuskorlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirganligi toʻgʻrisida mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq maʼlumotlar.
6. Investitsiya loyihasini amalga oshirish yakuniga yetgandan soʻng loyiha tashabbuskori investitsiya loyihasining investitsiyaviy, ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish, ishlarni bajarish), eksport (nazarda tutilgan boʻlsa) hajmlari va yangi ish oʻrinlari boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari bajarilganligini koʻrsatgan holda, investitsiya loyihasini toʻliq amalga oshirganligi toʻgʻrisida ishchi organga maʼlumot taqdim etadi.
7. Investitsiya loyihasini amalga oshirish yakuniga yetgandan soʻng masʼul tashkilotlar ishchi organga quyidagi maʼlumotlarni taqdim etadi:
tuman (shahar) hokimliklari uch kun muddatda — tuman (shahar) hokimi tomonidan qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasini tasdiqlash haqida qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri mehnat bosh boshqarmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri davlat soliq boshqarmalari bilan birgalikda bir hafta muddatda — investitsiya loyihalarining tashabbuskorlaridan olingan maʼlumotlar tahlili natijalari, shu jumladan soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarning individual raqami (STIR) orqali kelib tushgan mablagʻlarni oʻrganish asosida, investitsiya loyihasini amalga oshirish davrida yaratilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi xulosa.
8. Ishchi organ olingan maʼlumotlarni hisobot oyidan keyingi oyning 7-sanasiga qadar tahlil qiladi va umumlashtiradi, idoralararo komissiyaga va Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga quyidagilarni taqdim etadi:
investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi monitoringi natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
mazkur Nizomning 4-ilovasidagi shakl boʻyicha investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi monitoringi natijalari toʻgʻrisidagi yigʻma maʼlumot;
investitsiya loyihalarini amalga oshirmagan loyihalar tashabbuskorlari roʻyxati.
9. Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi idoralararo komissiya majlislarida har oyda kamida bir marta koʻrib chiqiladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi olingan maʼlumotlarni umumlashtiradi va har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va idoralararo komissiyalar ishlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritadi.
3-bob. Loyihalar tashabbuskorlariga koʻmaklashish
11. Monitoring jarayonida, shuningdek loyiha tashabbuskorlarining investitsiya loyihalarini amalga oshirishida toʻsiqlar vujudga kelgan taqdirda ishchi organga murojaatlari boʻyicha:
investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni hal etishda oʻz vakolati doirasida koʻmaklashish toʻgʻrisida davlat organlari va tegishli tashkilotlarga iltimosnoma yuboradi;
iltimosnoma yoʻllangandan keyin masala hal etilmagan taqdirda investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarning oʻz vakolati doirasida bartaraf etilishi yuzasidan davlat organlari va tegishli tashkilotlarga bajarilishi majburiy boʻlgan talabnoma yuboradi;
xususiylashtirilgan obyektlar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga ruxsat etuvchi hujjatlarni olishda, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda va tijorat banklarining kreditlari ajratilishida koʻmaklashadi.
12. Ishchi organ tomonidan hisobot oyi davomida yuborilgan talabnomalar va iltimosnomalar, shuningdek ularga muvofiq davlat organlari hamda tegishli tashkilotlar tomonidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar idoralararo komissiyaga taqdim etiladigan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi monitoringi natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomada aks ettiriladi.
13. Davlat organlari va masʼul tashkilotlar tomonidan ishchi organ yuborgan iltimosnoma va talabnomalar zarur darajada eʼtibor bermay qoldirilgan taqdirda, idoralararo komissiya ularning mansabdor shaxslariga nisbatan javobgarlik choralarini qoʻllash tashabbusi bilan chiqadi.
14. Investitsiya loyihasi loyihaning ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish, ishlarni bajarish), eksport (mavjud boʻlsa) hajmi va yaratiladigan yangi ish oʻrinlari soni boʻyicha prognoz parametrlari bajarilgan taqdirda amalga oshirilgan hisoblanadi.
15. Ishchi organ idoralararo komissiyaning qaroriga binoan, yiliga kamida bir marta joyiga borgan holda, amalga oshirilgan investitsiya loyihalarining samaradorligini oʻrganadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
17. Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda paydo boʻlgan bahsli holatlar qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Investitsiya loyihasini moliyalashtirish hamda uning moliyaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlarida nazarda tutilgan ishlarning bajarilishi toʻgʻrisida
AXBOROT
T/r STIR Avval xususiylash-tirilgan obyektlarning mulkdorlari (ijarachilari) Hudud nomi Tuman (shahar) nomi Taqdim etilgan xabarnomaning sanasi va raqami Egallagan maydoni Xizmat koʻrsatuvchi bank nomi Faoliyat turi Tarmoq Loyiha mazmuni umumiy yer maydoni (ga) shu jumladan bino va inshootlar maydoni (kv. m) 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 jadvalning davomi Investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatlari Investitsiya loyihasini foydalanishga topshirish muddati (oy) Tashkil etilgan ish oʻrinlari Kiritilgan investi-tsiyalar (mln soʻm) Shu jumladan, Ishlab chiqarilgan mahsulot va koʻrsatilgan xizmatlar hajmi (mln soʻm) Mahsulot eksporti hajmi (ming AQSh dollari) Izoh oʻz mablagʻlari bank kredit-lari yil chorak oy 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22
Avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Investitsiya loyihalarining moliyalashtirilishi (kredit ajratilishi) toʻgʻrisida
AXBOROT
T/r STIR Avval xususiylashtirilgan obyektlarning mulkdorlari (ijarachilari) Tuman (shahar) nomi Faoliyat turi Loyiha mazmuni Bank tomonidan kreditlar ajratish muddatlari (oy) Xizmat koʻrsatuvchi bank Ajratilgan kreditlar miqdori (mln soʻm) Izoh 1 2 3 4 5 6 7 8 9
Avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Loyiha tashabbuskorlarining moliya-xoʻjalik faoliyatining amalga oshirilishi toʻgʻrisida
AXBOROT
T/r STIR Avval xususiylashtirilgan obyektlarning mulkdorlari (ijarachilari) Hudud nomi Tuman (shahar) nomi Xizmat koʻrsatuvchi bank Faoliyat turi Loyiha tashabbuskorlarining moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilishi toʻgʻrisida axborot Izoh 1 2 3 4 5 6 7 8
Avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining bajarilishini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi monitoringi natijalari toʻgʻrisida
YIGʻMA AXBOROT
T/r Hudud nomi Avval xususiylashtirilgan obyektlarning investitsiya loyihalari boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi mulkdorlari (ijarachilari) Kiritilgan investitsiyalar summasi (mln soʻm) Shu jumladan, banklar kreditlari(mln soʻm) Ishlab chiqarilgan mahsulot va koʻrsatilgan xizmatlar hajmi (mln soʻm) Shu jumladan eksport qilingani (ming AQSh dollari) Tashkil etilgan ish oʻrinlari 1 2 3 4 5 6 7
