Bosim ostida ishlaydigan uskunalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida (427-son)
24.06.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, bosim ostida ishlaydigan uskunalar xavfsizligiga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Bosim ostida ishlaydigan uskunalarning xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament ilovaga* muvofiq tasdiqlansin va rasmiy eʼlon qilinganidan olti oy oʻtgandan keyin amalga kiritilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlar amalga kiritilgach, standartlashtirish boʻyicha ularda koʻrsatilgan mahsulotlar va xizmatlarga doir ilgari qabul qilingan tegishli normativ hujjatlar majburiylik xususiyatini yoʻqotishi va belgilangan tartibda qoʻllanilishida ixtiyoriylik kasb etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. “Oʻzstandart” agentligi vakolatli organlar bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament amalga kiritilgan kundan boshlab bosim ostida ishlaydigan uskunalarni standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarni qoʻllashda majburiylik xususiyatini bekor qilish va ixtiyoriylikni taʼminlash yuzasidan belgilangan tartibda chora-tadbirlar koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda — tasdiqlangan Umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida aholi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik faoliyati subyektlari keng xabardor qilinishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Gʻ.I. Ibragimov va U.U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-iyun,
427-son
