Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlarga shtrixli kodlashni joriy etish toʻgʻrisida (438-son)
21.09.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston tovarlarining ichki va xorijiy bozorlarda raqobatbardoshliligini oshirish, tovar ishlab chiqaruvchini tovarlarni raqamlashning xalqaro tizimlari doirasida identifikatlashtirish, isteʼmolchi huquqlarini himoya qilish, tovarlar ishlab chiqarishning avtomatlashtirilgan hisobini yuritishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“EAN International” tovarlarni raqamlash Xalqaro Uyushmasi (Belgiya) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga 478 raqamli identifikatlashtirish kodi berilganligi;
Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi tomonidan xalqaro talablarga muvofiq, tovarlari EAN shtrixli kodlari bilan tamgʻalanadigan tadbirkorlik faoliyati subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish hamda tovarlarni identifikatlashtirish tizimidan foydalanuvchilar faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish uchun “EAN Uzbekistan” tovarlar va xizmatlarni avtomatik identifikatlashtirish markazi tashkil etilganligi;
“Oʻzdavstandart” markazi tomonidan shtrixli kodlarning original-maketlarini tayyorlash markazi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlarni shtrixli kodlash toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga:
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlarni shtrixli kodlash tizimini joriy etish boʻyicha yagona siyosatni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlar shtrixli kodlarining davlat reyestrini yuritishni tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shtrixli kodlash tizimini qoʻllash tartibini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni va uslubiy materiallarni ishlab chiqish;
tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi subyektlarni turli manbalardagi shtrixli kodlar original-maketlari bilan taʼminlash funksiyalari yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hamda “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda 1999-yil sentabr oyida Toshkent shahrida sanoat, qishloq xoʻjaligi va savdo korxonalari vakillarini koʻrsatib oʻtilgan tizimni qoʻllash xususiyatlari bilan tanishtirish uchun “Oʻzbekiston Respublikasida tovarni raqamlash (shtrixli kodlash)” mavzuyida respublika seminari oʻtkazsin.
5. Mulkchilikning barcha shakllaridagi yuridik shaxslarga tovarlarni shtrixli kodlashni:
eksport qilinayotgan mahsulotlarni, yangi tovarlarni va ular uchun yangi etiketkalar yoki oʻrash-joylash buyumlari buyurtma qilinayotgan tovarlarni tamgʻalashni — 2000-yil 1-martgacha;
boshqa barcha tovarlarni tamgʻalashni — 2000-yil oxirigacha joriy etish tavsiya qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, oʻz mahsulotiga “EAN International” shtrixli kodini uchinchi mamlakatlarda olgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari undan ushbu qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil mobaynida foydalanishlari mumkin.
6. “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari aholini va tovar ishlab chiqaruvchilarni Oʻzbekiston Respublikasida tovarlarni shtrixli kodlashni joriy etish tartibi, qoidalari va muddatlari toʻgʻrisida keng xabardor qilishni taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va Bosh vazirning tegishli oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 21-sentabr,
438-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 21-sentabrdagi 438-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlarni shtrixli kodlash toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizomda foydalaniladigan asosiy tushunchalar:
tovar — bevosita yoki ulgurji va chakana savdo tarmoqlari orqali sotish uchun tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan va/yoki yetkazib beriladigan (isteʼmol qilish va ishlab chiqarish maqsadidagi) mehnat mahsuloti;
tadbirkorlik faoliyati subyektlari — Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan va ishlab chiqarish, savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yoxud xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik, shuningdek, jismoniy shaxslar — yakka tartibdagi tadbirkorlar;
shtrixli kod bilan tamgʻalash — shtrixli kodni tovar birligi yuzasiga qoʻyish;
GSI shtrixli kodi — tovar birliklarini identifikatlashtirish va ularni tamgʻalash uchun “GSI” tovarlarni raqamlash Xalqaro Uyushmasi qoidalarida belgilangan oʻlchamlar bilan va joylashtirilgan holda izchil joylashtirilgan parallel shtrixlar va ular oʻrtasidagi oraliqdagi kombinatsiyalar bilan ifodalangan raqamli kod;
Standartlashtirish boʻyicha milliy organ — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Oʻzbekiston standartlar instituti.
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Tovarlarni GSI shtrixli kodlari bilan tamgʻalash Standartlashtirish boʻyicha milliy organ, “GSI” — tovarlarni raqamlash Xalqaro Uyushmasining standartlari va meʼyoriy hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Oʻz tovarlari GSI shtrix kodlari bilan tamgʻalanishi istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi subyektlari tashkilotning va Oʻzbekiston milliy standartlariga muvofiq ishlab chiqariladigan mahsulotning shtrixli kodida foydalaniladigan tovar kodini olish uchun “GSI Uzbekistan” uyushmasida roʻyxatdan oʻtadilar” tovarlar va xizmatlarni avtomatik identifikatlashtirish markazida roʻyxatdan oʻtadilar.
3. Tadbirkorlik faoliyati subyektlari — oʻz tovarlari GSI shtrixli kodlari bilan tamgʻalanishi istagini bildirgan mahsulotlar (tovarlar)ni tayyorlovchilar Standartlashtirish boʻyicha milliy organga Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni Davlat reyestriga kiritish va shtrixli kodlarning original-maketlarini olish uchun Oʻzbekiston milliy standartlari talablariga muvofiq mahsulotlar haqidagi axborotni taqdim etadilar.
4. Tadbirkorlik faoliyati subyekti — shtrixli kod qoʻyilgan mahsulotlar (tovarlar)ni tayyorlovchi buyurtmachining talabiga koʻra uni yetkazib berish boshlangunga qadar maʼlumotlar bazasini shakllantirish uchun buyurtmachiga mahsulotlar (tovarlar)ning asosiy isteʼmol tavsifnomalari toʻgʻrisida axborot beradi.
5. “GSI Uzbekistan” uyushmasida roʻyxatdan oʻtkazilmagan tadbirkorlik faoliyati subyektlari ishlab chiqariladigan va yoki sotiladigan mahsulotlar (tovarlar)ni GSI shtrixli kodlari bilan tamgʻalash huquqiga ega emaslar.
6. Tadbirkorlik faoliyati subyektlari shtrixli kodlash boʻyicha standartlar va mazkur Nizom talablarini buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javob beradilar.
II. TOVARLARNI GSI SHTRIXLI KODLARI BILAN TAMGʻALASH
7. Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan yoki sotiladigan mahsulotlar (tovarlar)ni GSI shtrixli kodlari bilan tamgʻalash tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan ushbu Nizom qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Mahsulot (tovar)larni GSI shtrix kodlari bilan tamgʻalash tadbirkorlik faoliyati subyekti tomonidan GS1 tasniflash va kodlash sohasida roʻyxatdan oʻtkazish tartib raqami, ishlab chiqarilayotgan tovarning raqamli kodi va shtrixli kodning original-maketi olingandan keyin ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi
9. Mahsulotlarga (tovarlarga) qoʻshimcha ishlov beradigan (qadoqlash, idishga qayta joylash va boshqalar) tadbirkorlik faoliyati subyektlari ularni shuningdek GSI shtrixli kodi bilan tamgʻalashlari mumkin.
