Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-3077-son)
21.06.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot yetkazib berishni koʻpaytirishni ragʻbatlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning raqobatdoshligini va moliyaviy barqarorligini oshirish, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish maqsadida:
1. 2017-yilning 1-iyulidan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
oʻzi ishlab chiqargan tovarlarni xorijiy valyutaga ularning tannarxidan past narxlar boʻyicha mustaqil ravishda yoki vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalarining tashqi savdo tashkilotlari orqali eksport qiluvchi tashkilotlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 26-martdagi PQ-1731-sonli qarori bilan tashkil etilgan Mahsulotlarni jahon bozorida haqiqiy vujudga kelgan, shu jumladan tannarxidan past narxlar boʻyicha eksport qilish masalalarini koʻrib chiquvchi Maxsus ekspert komissiyasi qarorlari asosida, soliq solish maqsadida tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) sotishdan olingan tushumlar miqdori tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) sotishning haqiqiy narxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi;
oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlar uchun amalda boʻlgan imtiyozlar va preferensiyalar oʻzlari egasi boʻlgan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlarga tatbiq etiladi;
keltirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan tovarlarning muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish muddatlari 3 ish kunigacha qisqartiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi xalqaro karantin qoidalarining oʻsimliklar karantini sohasidagi milliy normativ hujjatlarga joriy etilishini taʼminlash boʻyicha tadbirlar rejasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ilgari ishlatilgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilishga ruxsat berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibi haqidagi Nizom loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 21-iyun,
PQ-3077-son
