Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-3001-son)
24.05.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-5052-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash hamda aholi, avvalo yoshlar bandligini va mehnat resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash borasida mehnat organlarining masʼuliyatini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2. Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga quyidagi huquqlar berilsin:
zarur hollarda, vazirlikning markaziy apparati, hududiy organlar va tasarruf etiladigan tashkilotlar tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
yangi ish oʻrinlari tashkil etgan hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifasiga kiruvchi shaxslarni, avvalo professional taʼlim muassasalarining bitiruvchilari, imkoniyati cheklangan shaxslar, sobiq harbiy xizmatchilarni ishga joylashtirgan ish beruvchilarga nisbatan belgilangan tartibda ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy tuzilmalariga biriktirilgan binolar, inshootlar va imoratlarni belgilangan tartibda, sotish yoki buzish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga qaror qabul qilishlari uchun takliflar kiritish, shuningdek, tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish markazlarini joylashtirish uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yangi binolar, inshoot va imoratlar sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha qarorlar qabul qilish.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan, normativ-huquqiy xarakterga ega qarorlari, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir;
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimi boʻyicha “Mikrokreditbank” ATBning Kuzatuv kengashi raisi hisoblanadi;
mehnat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, hisobot oydan keyingi har oyning 10-sanasiga qadar oʻzining rasmiy saytida va markaziy ommaviy axborot vositalarida mehnat bozoridagi vaziyat va bandlik holati toʻgʻrisida maʼlumotlarni, shu jumladan ish qidirib mehnat organlariga murojaat qilgan hamda ishsizlik boʻyicha nafaqa olayotgan fuqarolar soni, yaratilgan ish oʻrinlari, roʻyxatga olingan boʻsh (vakant) ish oʻrinlari va ish beruvchilar, investorlar va aholi uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa maʼlumotlarni chop etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati talablariga binoan bandlikka ruxsat berish va koʻnikmalarni baholash tizimi boʻyicha oʻtkaziladigan test sinovlarida qatnashish uchun toʻlanadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida soliqqa tortilmaydi;
vazirlikning nomi oʻzgarishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning tasarrufidagi tuzilmalari mulki va avtotransport vositalari boʻyicha huquqni belgilashga doir hujjatlarni qayta rasmiylashtirish belgilangan toʻlovlarni undirmasdan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, vazirlikning hayʼat organlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrsin, unga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
bandlik va mehnat munosabatlari sohasida davlat siyosatini amalga oshirishni yanada takomillashtirish boʻyicha aniq choralarni ishlab chiqqan holda qonun hujjatlarida belgilangan Vazirlikning asosiy faoliyat yoʻnalishini tanqidiy koʻrib chiqish;
aholi bandligi taʼminlanishining hududiy va tarmoqli dasturlarining amalga oshirilishi natijadorligini, shuningdek, mehnat bozorini boshqarish va ijtimoiy sohani rivojlantirish qismida 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini beshta ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha rivojlantirish toʻgʻrisidagi qabul qilingan harakatlar strategiyasi doirasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni har chorakda va tizimli koʻrib chiqish;
bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasida dolzarb muammolarni hal etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqqan holda, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi va xalq qabulxonalaridan kelib tushayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqish asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi topshiriqlarini bajarish yuzasidan samarali nazoratni taʼminlaydigan ijro intizomi darajasini oshirish;
bandlik, mehnat bozori, mehnat munosabatlari, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning dolzarb masalalarini joylarda muhokama qilinishini, shuningdek, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilishni taʼminlagan holda hayʼatning kengaytirilgan sayyor yigʻilishlari oʻtkazilishini tashkil etish;
qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlarida belgilangan, yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishni taʼminlash yuzasidan Vazirlik va uning tarkibiy tuzilmalari rahbar xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirishni taʼminlagan holda mehnat va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha quyi boshqarma organlari rahbarlarining hisobotlarini tizimli asosda tinglanilishini tashkil etish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlarini sarflashning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar hisoblansin:
mehnat bozorini barqaror va balanslashgan holda rivojlantirish, aholi bandligi darajasini oshirish va mehnat resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash boʻyicha maqsadga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni moliyaviy taʼminlash;
ishsizlar, professional taʼlim muassasalari bitiruvchilari, akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalari, shuningdek, ish topishda qiyinchiliklarga uchrayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobat qilaolmayotgan shaxslarni ishga joylashtirish va moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan kafolatlarni amalga oshirish;
ishsizlar va band boʻlmagan aholiga, birinchi navbatda yoshlarga, ayollarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va ishsizlarni ijtimoiy muhofaza qilish boʻyicha sifatli xizmatlar koʻrsatishni tashkillashtirish boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish, shuningdek, mehnat boʻyicha organlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan yagona ijtimoiy toʻlovlardan ajratmalar;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat huquq mehnat inspektorlari va davlat texnik inspektorlari, shuningdek, mehnat sharoitlari davlat ekspertizasi mansabdor shaxslari tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni buzganligi uchun belgilangan tartibda solinadigan maʼmuriy undiruvlar summasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy tuzilmalariga biriktirilgan binolar, inshootlar va imoratlarni sotishdan tushgan mablagʻlar, mulkni baholash va sotish boʻyicha aniq xarajatlardan tashqari, toʻliq hajmda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi;
fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish sohasida faoliyatni amalga oshirayotgan nodavlat tashkilotlari xorijga ishga yuborilgan har bir fuqaro uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan stavka boʻyicha Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga mablagʻlar oʻtkazadilar;
taʼsischi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda barcha soliqlar va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar toʻlanganidan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi davlat unitar korxonalarida qoladigan sof foydaning bir qismi;
qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda mehnat daftarchalari blanklarini sotishdan olingan daromadlar;
Bandlik jamgʻarmasining boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarida va boshqa moliya tuzilmalarida joylashtirishdan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya yordamlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining aholi bandligini taʼminlash, fuqarolarni xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesga jalb etish, tomorqa va dehqon xoʻjaliklaridan oqilona foydalanish, aholi bandligini taʼminlash yuzasidan davlat va xoʻjalik organlari, mahalliy ijro hokimiyati, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlari masʼuliyatini oshirish masalalarini keng va xolisona yoritish “Mahalla” teleradiokanalining muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi televideniye va radio orqali, jumladan, “praym taym” efir vaqtidan keng foydalanish asosida aholi bandligi masalalari boʻyicha tushuntirish ishlarini faol olib borish boʻyicha aniq va taʼsirchan chora-tadbirlarni amalga oshirishni taʼminlasin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi aholi bandligi masalalari boʻyicha joylarda turkum sayyor teletasvirlarni olib borish va radioeshittirishlar tayyorlashni tashkillashtirishda “Mahalla” teleradiokanaliga yordam koʻrsatsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi respublika tumanlari va shaharlari kesimida ish joylarini tashkil etishga davlat buyurtmalarini shakllantirishda respublikaning mehnat kuchi haddan ziyod boʻlgan tumanlarida yangi ish joylariga boʻlgan talabni belgilashga alohida eʼtibor qaratsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi manfaatdor vazirliklar va idoralar, xoʻjalik birlashmalari kompleks rivojlantirish hududiy va tarmoq dasturlarini shakllantirish va tasdiqlashda, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan har yili kiritiladigan, respublikaning tumanlari va shaharlari kesimida ish joylarini yaratishga boʻlgan davlat buyurtmasidan kelib chiqqan holda ustuvor tartibda respublikaning mehnat kuchi haddan ziyod boʻlgan tumanlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishni taʼminlasin.
9. Asosiy taʼlim jarayonidan boʻsh vaqtda Oʻzbekiston Respublikasining mehnat kuchi haddan ziyod boʻlgan tumanlarida band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni amalga oshiradigan tayanch kasb-hunar kollejlarining roʻyxati 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi markazi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda tayanch kasb-hunar kollejlarida amalga oshirilayotgan, mehnat bozori, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hozirgi darajasi va istiqbollariga muvofiqliligi talablariga javob beraolishini taʼminlaydigan, band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻrgatish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari oʻquv dasturlari mazmuni va muddatlarini tubdan qayta koʻrib chiqsin.
10. Bandlik va mehnat muhofazasi respublika ilmiy markaziga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-sentabrdagi 414-sonli “Budjet tashkilotlarini moliyalashtirishni takomillashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi qarorining 4-bandida koʻzda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi belgilangan tartibda:
ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
bir oy muddatda hududiy Bandlik bosh boshqarmalari va tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish markazlari toʻgʻrisidagi yangilangan namunaviy nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlasin;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Toshkent shahar, Mirobod tumani, Mirobod koʻchasi, 15-uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 24-fevraldagi PQ-2498-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-may,
PQ-3001-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-3001-son qaroriga7-ILOVA
Mehnat organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-3001-son qaroriga8-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining mehnat kuchi haddan ziyod boʻlgan tumanlarida band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni amalga oshiradigan tayanch kasb-hunar kollejlarining
ROʻYXATI
*Izoh. Tumanlar, kasb-hunar kollejlar va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish roʻyxatiga mehnat bozorining ehtiyojlari, mehnat kuchi haddan ziyod tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi sifatli va tarkibiy oʻzgarishlarga qarab Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda OʻMKHT markazining birgalikdagi qarorlari bilan qoʻshimchalar kiritilishi va oʻzgartirilishi mumkin.
