Atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
20.05.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan Turkmaniston Atrof-muhitni muhofaza qilish va yer resurslari davlat qoʻmitasi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Turkmaniston Atrof-muhitni muhofaza qilish va yer resurslari davlat qoʻmitasi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida 1996-yil 16-yanvarda imzolangan Shartnoma va Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida strategik sheriklik toʻgʻrisida 2017-yil 6-martda imzolangan Shartnoma qoidalariga amal qilgan holda,
Tomonlar davlatlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarning yuqori darajasidan kelib chiqib,
atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni takomillashtirishga hamda Tomonlar davlatlarining milliy va xalqaro ekologik dasturlarda qatnashishi boʻyicha qoʻshma faoliyatini muvofiqlashtirishga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlarning muhim va dolzarbligini inobatga olgan holda,
tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga asoslanib,
Atrof-muhitni muhofaza qilish va rivojlantirish boʻyicha Rio-de-Janeyro deklaratsiyasi (Rio-de-Janeyro, 1992-yil), BMTning Ming yillik deklaratsiyasi (Nyu-York, 2000-yil), Barqaror rivojlanish boʻyicha Yoxannesburg deklaratsiyasi (Yoxannesburg, 2002-yil), shuningdek BMT barqaror rivojlanish boʻyicha konferensiyasining Rio-20 “Biz istagan kelajak” yakuniy hujjati prinsiplari va tavsiyalariga amal qilgan holda,
Tomonlar davlatlarining atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish boʻyicha hamkorlik qilishdagi umumiy manfaatlarini inobatga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda.
Ushbu Bitim Tomonlar davlatlari manfaatlari yoʻlida milliy, mintaqaviy va global miqyosdagi ekologik tahdidlarga yechim topish va tegishli javob qaytarish uchun Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirishga qaratilgan.
2-modda.
Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni rivojlantiradilar:
a) bioxilma-xillikni saqlash, shu jumladan noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan hayvonlar turlari populatsiyasini muhofaza qilish va qayta tiklash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish;
b) iqlim oʻzgarishi va uning oqibatlariga moslashish;
v) muqobil energiya manbalarini rivojlantirish;
g) atrof-tabiiy muhitni monitoring qilish;
d) atmosfera havosini muhofaza qilish;
e) tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;
j) Orolni qutqarish xalqaro Fondi faoliyatini mustahkamlash va takomillashtirish;
z) ekologik talofat hududlarida, birinchi navbatda, Orol dengizi qurishining salbiy ekologik oqibatlari bilan bogʻliq hududlarda atrof-muhit holatini yaxshilash boʻyicha global va mintaqaviy muammolarni oʻrganish va ularning yechimini topish;
i) Tomonlar uchun oʻzaro qiziqish uygʻotadigan hamkorlikning har qanday boshqa sohalari.
3-modda.
Ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
a) atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida tajriba, ilmiy-texnikaviy axborot, normativ-huquqiy va normativ-texnik hujjatlar bilan almashish;
b) qoʻshma dastur va loyihalar ishlab chiqish;
v) qoʻshma uchrashuvlar, treninglar, seminar va konferensiyalar oʻtkazish, tashriflar almashinuvini tashkil qilish;
g) mintaqaviy va xalqaro hamkorlik platformalari va jarayonlari doirasida Tomonlar davlatlarining umumiy manfaatlariga muvofiq boʻlgan qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish;
d) Tomonlar birgalikda amalga oshirishi mumkin boʻlgan hamkorlikning har qanday boshqa shakllari.
4-modda.
Ushbu Bitim doirasida hamkorlikni amalga oshirishni muvofiqlashtirish maqsadida Tomonlar masʼul boʻlinmalar va shaxslar toʻgʻrisida bir-birlarini qisqa muddatlarda yozma ravishda xabardor qiladilar.
Masʼul boʻlinmalar va shaxslar oʻzgartirilgan taqdirda, Tomonlar ushbu oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
5-modda.
Tomonlar ushbu Bitim doirasida olinayotgan axborotning maxfiyligini taʼminlashlari lozim hamda bunday axborot uchinchi shaxslarga faqatgina boshqa Tomonning oldindan yozma roziligi olingandan soʻng taqdim qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat siri va Turkmaniston davlat sirini tashkil qiluvchi maʼlumotlar ushbu Bitim doirasida taqdim qilinmaydi.
6-modda.
Ushbu Bitim doirasida Tomonlar:
a) Bitimni amalda tatbiq qilishga qaratilgan qoʻshma tadbirlar rejalari, harakat dasturlari va “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;
b) zarur hollarda, ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va uni takomillashtirish istiqbollarini muhokama qilish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzadilar va muntazam maslahatlashuvlar mexanizmini yoʻlga qoʻyadilar.
7-modda.
Basharti har bir alohida holatda oʻzgacha tartib kelishilmagan boʻlsa, Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirish davomida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xarajatlarni mustaqil ravishda qoplaydilar.
8-modda.
Ushbu Bitimni qoʻllash va talqin qilish bilan bogʻliq Tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan har qanday nizolar maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
9-modda.
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
10-modda.
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanuvchi alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin boʻlib, ular mazkur Bitimning 11-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
11-modda.
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning ushbu Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini olgan kundan boshlab ikki oy oʻtgunga qadar amal qiladi.
Ushbu Bitim amal qilishining tugatilishi Bitim doirasida boshlangan va uning amal qilishi tugatilgunga qadar yakunlanmagan loyiha va dasturlar ijrosining tugatilishiga olib kelmaydi.
Turkmanboshi shahrida 2017-yil 20-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovutlar kelib chiqqan hollarda Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
