Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2016-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida (630-III-son)
24.11.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2016-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 169-moddasiga muvofiq koʻrib chiqdi.
2016-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalarini va ustuvorliklarini amalga oshirish hisobot davrida asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning ijobiy oʻsish surʼatlari saqlanib qolishini hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari yanada mutanosib rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratilishini taʼminladi.
Joriy yilning toʻqqiz oyida yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 7,8 foizni tashkil etdi, xususan sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi — 7,2 foiz, qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqarish — 6,4 foiz, qurilish ishlari hajmi — 15,0 foiz, chakana tovar aylanishi — 14,2 foiz, xizmatlar — 12,4 foiz oʻsdi.
Eksport qiluvchi korxonalarni faol ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar eksport hajmlarining tobora oʻsish surʼatlarini va tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosini taʼminladi. Masalan, yil boshidan buyon oʻz mahsulotini ilgari eksport qilmagan 835 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, shuningdek 246 turdagi yangi mahsulotni eksport qilish amalga oshirildi, mahalliy mahsulotni xorijga yetkazib berish geografiyasi 52 ta yangi bozorga kengaydi.
Hisobot davrida Davlat budjeti xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi taʼminlanib, ularni moliyalashtirishga xarajatlar umumiy hajmining 59,1 foizi miqdorida mablagʻlar ajratildi.
“Sogʻlom ona va bola yili” davlat dasturining oila, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlashga, onalar va bolalarni tibbiy parvarishlash darajasi hamda sifatini oshirishga qaratilgan tadbirlarini amalga oshirish doirasida joriy yilning toʻqqiz oyida barcha manbalar hisobidan 6,8 trln. soʻmdan ziyod va 150,0 mln. AQSh dollari miqdorida mablagʻ ajratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2016-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni atroflicha muhokama qilib, Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining, shuningdek 2017-yilgi soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlariga bagʻishlangan majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev maʼruzasida bayon etilgan ustuvor vazifalarni inobatga olgan holda hamda siyosiy partiyalar fraksiyalari, Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi va parlament quyi palatasi qoʻmitalarining taklif va mulohazalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2016-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Hisobot davrida Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi saʼy-harakatlarni asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni, 2016-yilgi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari daromadlari hamda xarajatlarining asosiy parametrlarini soʻzsiz ijro etishga, iqtisodiyotning yanada barqaror va mutanosib rivojlanishini taʼminlashga yoʻnaltirsin.
3. Siyosiy partiyalar fraksiyalariga, Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhiga hukumat aʼzolarining, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining budjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanilishining hamda moliyaviy intizomga rioya etilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotini va maʼlumotlarini Qonunchilik palatasi va qoʻmitalar majlislarida eshitish masalasi yuzasidan kelgusida tashabbus bilan chiqish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari oʻzining nazorat-tahlil faoliyatida, xususan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijro etilishi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish chogʻida qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar hamda budjet mablagʻlaridan samarali foydalanishga doir tavsiyalar kiritsin.
5. Qonunchilik palatasining deputatlari joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar chogʻida, shuningdek parlament nazoratini amalga oshirish chogʻida davlat boshqaruvi organlari va budjet tashkilotlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlarining shakllantirilishi va ijro etilishi, budjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanilishi, budjet qonunchiligining ijro etilishi masalalariga alohida eʼtibor qaratsinlar.
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 24-noyabr,
630-III-son
