Soliq solinishining oldini olish hamda daromad va kapital soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisida 1996-yil 6-iyunda Buxarest shahrida imzolangan Konvensiyaga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
04.07.2016
Oʻzbekiston respublikasi va Ruminiya oʻrtasida
Bayonnoma
Oʻzbekiston Respublikasi va Ruminiya,
Oʻzbekiston Respublikasi va Ruminiya oʻrtasida ikkiyoqlama soliq solinishining oldini olish hamda daromad va kapital soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisida 1996-yil 6-iyunda Buxarest shahrida imzolangan Konvensiyaga (bundan keyingi oʻrinlarda Konvensiya deb yuritiladi) oʻzgartirishlar kiritish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I MODDA
Konvensiyaning 2-moddasi “Konvensiya tatbiq etiladigan soliqlar” 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Ushbu Konvensiya tatbiq qilinadigan mavjud soliqlarga, xususan, quyidagilar kiradi:
a) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan qoʻllanilganda:
(i) yuridik shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
(ii) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
(iii) mol-mulk soligʻi;
(bundan keyingi oʻrinlarda “Oʻzbekiston soliqlari” deb yuritiladi);
b) Ruminiyaga nisbatan qoʻllanilganda:
(i) daromad soligʻi;
(ii) foyda soligʻi;
(bundan keyingi oʻrinlarda “Ruminiya soliqlari” deb yuritiladi).
II MODDA
1. Konvensiya 3-moddasi “Umumiy taʼriflar” 1-bandining “b” va “s” kichik bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini anglatadi, geografik maʼnoda qoʻllanilganda Oʻzbekiston Respublikasi hududini, jumladan hududiy suvlari va samoviy hududi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi va xalqaro huquqqa muvofiq oʻzining suveren huquqlari va yurisdiksiyasini, shu jumladan, yer osti boyliklaridan va tabiiy resurslardan foydalanish huquqini amalga oshirishi mumkin boʻlgan hududni anglatadi”;
s) “Ruminiya” atamasi Ruminiya davlati hududini, shu jumladan Ruminiya suvereniteti ostida boʻlgan hududiy suvlarni va havo kengligini, shuningdek Ruminiya qonunchiligi va xalqaro huquq meʼyorlari va prinsiplariga muvofiq uning suveren huquqlari amalga oshiriladigan va yurisdiksiyasi ostida boʻlgan chegaradosh hududlar, kontinental shelf va alohida iqtisodiy zonani anglatadi.
2. Konvensiya 3-moddasi “Umumiy taʼriflar” 1-bandining “j” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“j) “vakolatli organ” atamasi:
(i) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan qoʻllanilganda, Davlat soliq qoʻmitasining Raisi yoki uning vakolatlangan vakilini;
(ii) Ruminiyaga nisbatan qoʻllanilganda, Davlat moliyasi vazirini yoki uning vakolatlangan vakilini;”.
III MODDA
Konvensiyaning 27-moddasi “Axborot almashish” quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27-modda
Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur Konvensiya qoidalarini bajarish yoxud soliq solinishi mazkur Konvensiyaga zid boʻlmagan tarzda Ahdlashuvchi Davlatlar, ularning maʼmuriy-hududiy birliklari yoki mahalliy hokimiyat organlari foydasiga undiriladigan har qanday turdagi va tavsifdagi soliqlarga oid milliy qonunchilikni tatbiq qilishga va ijro etishga yaqindan aloqador boʻlgan axborotni almashadilar. Axborot almashish 1- va 2-moddalar bilan cheklanmaydi.
2. Ahdlashuvchi Davlat tomonidan mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq olingan har qanday axborot ushbu Davlatning milliy qonunchiligiga asosan olingan axborot kabi maxfiy deb hisoblanishi lozim hamda faqat mazkur moddaning 1-bandida aytib oʻtilgan soliqlarni hisoblash yoki undirish, majburiy undirish yoki sud taʼqibi, ushbu soliqlarga nisbatan eʼtiroz va shikoyatlar boʻyicha qarorlar qabul qilish yoxud bunday faoliyatni nazorat qilish bilan shugʻullanuvchi shaxslar yoki organlargagina (sud va maʼmuriy idoralar shular jumlasidan) taqdim qilinishi mumkin. Ular bunday axborotni ochiq sud majlisida yoki sud qarorlarida oshkor qilishlari mumkin.
3. Har qanday holatda ham mazkur moddaning 1- va 2-bandlari qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlarga quyidagi majburiyatlarni yuklaydigan tarzda talqin qilinmasligi lozim:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga zid boʻlgan maʼmuriy tadbirlar oʻtkazish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga muvofiq olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim qilish;
c) har qanday savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat yoki kasbiy sirni yoxud savdo jarayonini oshkor etuvchi yoki oshkor etilishi jamoat tartibiga (ordre public) xilof hisoblangan axborotni taqdim qilish.
4. Agar bir Ahdlashuvchi Davlat tomonidan ushbu moddaga muvofiq axborot soʻralgan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Davlat bunday axborot oʻz soliq maqsadlari uchun zarur boʻlmasa ham, soʻralgan axborotni olish uchun axborot toʻplash boʻyicha oʻz tadbirlaridan foydalanishi lozim. Mazkur bandning birinchi jumlasida nazarda tutilgan majburiyatga nisbatan ushbu moddaning 3-bandida belgilangan cheklovlar qoʻllaniladi, biroq har qanday holatda ham bunday cheklovlar ichki manfaatlar mavjud emasligi sababli axborot taqdim etishni rad qilish uchun Ahdlashuvchi Davlatga ijozat beradigan tarzda talqin qilinmasligi lozim.
5. Har qanday holatda ham, mazkur moddaning 3-bandi Ahdlashuvchi Davlatga bunday maʼlumot faqatgina bank, boshqa moliyaviy muassasa, nominal egasi, agent yoki ishonchli boshqaruvchilar ixtiyorida ekanligi yoxud bunday maʼlumot biror bir shaxsga nisbatan ulushli mulkiy manfaatlarga taalluqliligi asosida axborot taqdim qilishni rad etishga imkoniyat sifatida talqin qilinmasligi lozim.”.
IV MODDA
Konvensiya quyidagi mazmundagi 27A-modda bilan toʻldirilsin:
“27A-modda
Soliqlarni undirishda yordam
1. Davlatlar oʻzlariga tegishli soliq majburiyatlarini undirishda bir-birlariga oʻzaro amaliy yordam koʻrsatadilar. Bunday yordam 1- va 2-moddalarning qoidalari bilan cheklanmaydi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur moddani qoʻllash tartibini oʻzaro kelishish yoʻli bilan belgilaydilar.
2. Mazkur moddada qoʻllanilgan “soliq majburiyati” atamasi Ahdlashuvchi Davlatlar yoki ularning mahalliy hokimiyat organlari nomidan undiriladigan va undirilishi mazkur Konvensiyaga yoki Ahdlashuvchi Davlatlar ishtirokchisi boʻlgan istalgan boshqa hujjatga zid boʻlmagan tarzda har qanday tur va tavsifdagi soliqlar sifatida toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻni, shuningdek, bunday soliqlarga tegishli foizlar, maʼmuriy jarimalar hamda ushbu mablagʻni undirish yoki undirilishini taʼminlash boʻyicha xarajatlarni anglatadi.
3. Basharti Ahdlashuvchi Davlatlardan biriga taalluqli soliq majburiyati ushbu Davlatning qonunlariga muvofiq undirilishi va ushbu Davlatning qonunlariga koʻra ayni shu paytda uni undirilishiga toʻsqinlik qila olmaydigan shaxs tomonidan toʻlanishi lozim boʻlsa, bu holda ushbu Davlatning vakolatli organlari soʻrovnomasiga binoan bunday soliq majburiyati ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organlari tomonidan undiruv uchun qabul qilinadi. Bunday soliq majburiyati ikkinchi Davlat tomonidan, ayni mazkur Davlatga taalluqli soliq majburiyati singari, uning oʻz soliqlarini undirishi uchun qoʻllanadigan oʻzining qonunchiligi qoidalariga muvofiq undirib olinadi.
4. Agar Ahdlashuvchi Davlatning soliq majburiyati ushbu Davlat qonunchiligiga muvofiq undirishni taʼminlash choralarini koʻrishni taqozo qiladigan majburiyat boʻlsa, bunday soliq majburiyati ushbu Davlatning vakolatli organi soʻrovnomasiga binoan boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi tomonidan taʼminlash choralarini koʻrish maqsadida qabul qilinadi. Ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlat bunday soliq majburiyatiga nisbatan, hatto dastlabki koʻrsatilgan Ahdlashuvchi Davlatda bunday choralarni koʻrish paytida soliq majburiyati bajarilishining imkoni boʻlmagan yoki uni ijro etilishiga toʻsqinlik qilish huquqiga ega shaxs tomonidan toʻlanishi kerak boʻlgan taqdirda ham, ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlatga taalluqli boʻlganidek oʻz qonunchiligi qoidalariga muvofiq oʻzining soliq majburiyatiga nisbatan belgilangan taʼminlash choralarini koʻradi.
5. Mazkur moddaning 3- va 4-bandlari qoidalaridan qatʼiy nazar, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining qonunchiligiga muvofiq soliq majburiyatiga nisbatan shunday majburiyatning xususiyatiga koʻra qoʻllanishi mumkin boʻlgan vaqt cheklovlari va ustuvorlik tartibi ushbu Davlat tomonidan 3- va 4-bandlarda nazarda tutilgan maqsadlar uchun qabul qilinayotgan soliq majburiyatiga nisbatan qoʻllanilmaydi. Bundan tashqari, Ahdlashuvchi Davlatlarning biri tomonidan mazkur moddaning 3- va 4-bandlarida nazarda tutilgan maqsadlar uchun qabul qilinayotgan soliq majburiyatiga nisbatan ushbu Davlatda boshqa Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligida nazarda tutilgan ustuvorlik tartibi qoʻllanilishi mumkin emas.
6. Ahdlashuvchi Davlatlarning biriga taalluqli soliq majburiyatining mavjudligi, haqiqiyligi yoki summasini aniqlash boʻyicha tartibotlar ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning sud yoxud maʼmuriy organlari muhokamasiga olib chiqilmaydi.
7. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan biri mazkur moddaning 3- va 4- bandlariga muvofiq soʻrov yuborganidan soʻng toki ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat tegishli soliq majburiyati summasini undirib, birinchi Ahdlashuvchi Davlatga oʻtkazguniga qadar bunday soliq majburiyati:
a) soʻrov mazkur moddaning 3-bandiga muvofiq yuborilganda — birinchi aytilgan Davlatga taalluqli, ushbu Davlatning qonunlariga muvofiq undirilishi hamda shu paytda ushbu Davlatning qonunlariga koʻra uni undirilishiga toʻsqinlik qila olmaydigan shaxs tomonidan toʻlab berilishi lozim soliq majburiyati hisoblanmay qolsa, yoki;
b) soʻrov mazkur moddaning 4-bandiga muvofiq yuborilganda — koʻrsatilgan birinchi Davlatga taalluqli, uni undirish uchun ushbu Davlat oʻz qonunchiligiga muvofiq taʼminot choralarini koʻrishi mumkin soliq majburiyati hisoblanmay qolsa, bu holda birinchi Davlatning vakolatli organlari bu haqda darhol ikkinchi Davlatning vakolatli organlarini xabardor qiladilar va birinchi Davlat ikkinchi Davlatning ixtiyori boʻyicha oʻz soʻrovini toʻxtatadi yoki chaqirtirib oladi.
8. Ushbu moddaning qoidalari hech bir holatda Ahdlashuvchi Davlat zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklanishi sifatida talqin qilinishi mumkin emas:
a) y yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunlari va maʼmuriy amaliyotiga zid boʻlgan choralarni koʻrish;
b) jamoat tartibiga (ordre public) zid choralarni koʻrish;
c) agar boshqa Ahdlashuvchi Davlat har bir muayyan holatda oʻz qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga muvofiq uning ixtiyorida boʻlgan undirishga yoki undiruvni taʼminlashga doir barcha oqilona choralarni koʻrmagan boʻlsa, koʻmaklashish;
d) koʻmaklashayotgan Davlat zimmasiga tushayotgan maʼmuriy sarf-xarajatlar undiruv natijasida ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat olishi mumkin foydaga nomutanosib boʻlgan holatlarda koʻmaklashish”.
V MODDA
Konvensiya quyidagi mazmundagi 28A-modda bilan toʻldirilsin:
“28A-modda
Oʻzgartirishlar kiritish
Ushbu Konvensiyaga Ahdlashuvchi Davlatlarning oʻzaro roziligi bilan Konvensiyaning ajralmas qismi hisoblanuvchi alohida bayonnomalar orqali oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin”.
VI MODDA
Har ikkala Ahdlashuvchi Davlat bir-birini ushbu Bayonnoma kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini yakunlangani toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar. Ushbu Bayonnoma soʻnggi xabarnoma sanasidan boshlab kuchga kiradi va kuchga kirgan yildan keyingi kalendar yilining birinchi yanvaridan yoki undan keyingi davrdan boshlab amal qiladi.
VII MODDA
Ushbu Bayonnoma Konvensiyaning ajralmas qismi hisoblanadi va Konvensiyani amal qilishi tugatilgan sanadan boshlab amal qilishini tugatiladi.
Ushbunining tasdigʻi sifatida, tegishli tarzda vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar, mazkur Bayonnomani imzoladilar.
Buxarest shahrida 2016-yil 4-iyulda, har biri oʻzbek, rumin va ingliz tillaridagi ikki asl nusxalarda tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
