Auditorlik tashkilotlari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (274-son)
12.05.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5 oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4848-son Farmoniga muvofiq hamda auditorlik tashkilotlarining xizmatlar sifati va ular tomonidan taqdim etiladigan xulosalarning ishonchliligi uchun masʼuliyatini kuchaytirish boʻyicha faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, auditorlik xizmatlari sifatini va auditorlik kasbi nufuzini oshirish, shuningdek, auditorlik tashkilotlarining auditorlik xizmatlaridan foydalanuvchilar bilan oʻzaro hamkorligini yaxshilashning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
auditorlik xizmatlari buyurtmachilarining zamonaviy ehtiyojlari, korporativ boshqaruv tizimi va auditning xalqaro amaliyoti standartlari talablaridan kelib chiqqan holda auditorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish;
insofsiz raqobat uchun auditorlik tashkilotlarining samarali javobgarlik choralarini qoʻllash orqali auditorlik xizmatlari bozorida adolatli raqobatni taʼminlash, shu jumladan auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan Auditorlarning kasb etikasi kodeksi auditorlar tomonidan buzilgan hollarda taʼsir choralarini qoʻllash masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha ixtisoslashtirilgan boʻlinma tashkil etish;
auditning xalqaro standartlarini qoʻllashning eng yaxshi jahon tajribasini joriy etish, auditorlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish hamda oʻz aʼzolari boʻlgan auditorlik tashkilotlariga nisbatan ish sifati nazoratini ixtiyoriy asosda amalga oshirish boʻyicha auditorlarning respublika jamoat birlashmalari faoliyatini faollashtirish;
auditorlik xizmatlari bozorining axborot ochiqligini taʼminlaydigan shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining veb-saytida auditorlik xizmatlari bozorining faoliyati toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlarni joylashtirish.
2. Auditorlik xizmatlari bozorida adolatli raqobatni taʼminlash, uning barqaror ishlashi va rivojlanishiga koʻmaklashadigan auditorlik tashkilotlarining masʼuliyatini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yuqorida koʻrsatilgan kompleks chora-tadbirlar Dasturining amalga oshirilishini tizimli ravishda nazorat qilishni taʼminlasin hamda har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli maʼlumotlarni taqdim etib borsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 12-may,
274-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi 274-son qaroriga ILOVA
Auditorlik xizmatlari bozorida adolatli raqobatni taʼminlashga, uning barqaror faoliyat koʻrsatishi va rivojlanishiga koʻmaklashadigan auditorlik tashkilotlarining masʼuliyatini oshirish boʻyicha
Kompleks chora-tadbirlar dasturi
