Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish yuzasidan davlat buyurtmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2016-yil 15-iyundagi 206-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (271-son)
12.05.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 6-yanvardagi PQ-2717-son qaroriga muvofiq, shuningdek zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida kontraktatsiya shartnomalarining tuzilishi va ularning bajarilishini hisobga olish va monitoringini olib borishning elektron tizimini ishlab chiqish va joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish yuzasidan davlat buyurtmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2016-yil 15-iyundagi 206-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 6-son, 55-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “Oʻzvinosanoat-xolding” xolding kompaniyasi, “Oʻzbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “Oʻzagroeksport” AJ Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish yuzasidan davlat buyurtmasi parametrlarining bajarilishi monitoringining elektron tizimini xalqaro tajribani hisobga olgan holda ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va joriy etsinlar.
3. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T.Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
