Oʻzbekiston Respublikasida Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisida Nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida (251-son)
01.05.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 14-martdagi PQ-2829-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-iyuldagi 200-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 7-son, 49-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisida Nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va ilm-fan masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-may,
251-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-maydagi 251-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 15-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“guruhlarni toʻldirish, qoidaga koʻra, akademik litseylarda 26 nafargacha, kasb-hunar kollejlarida 30 nafargacha oʻquvchilar doirasida belgilanadi, oʻquvchilarning oʻquv yuklamasi va boshqa oʻquv-tarbiya jarayonini ratsionalizatsiyalash masalalari Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi davlat standartiga muvofiq aniqlanadi”.
2. 24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Akademik litsey va kasb-hunar kollejini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi diplom oliy taʼlim muassasasiga kirish huquqini beradi.
Akademik litsey bitiruvchilariga diplom bilan birgalikda maxsus chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan mutaxassislik boʻyicha davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
Akademik litsey va kasb-hunar kollejini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi diplom (sertifikat) egallagan bilimlarini mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini beradi”.
