Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B. Ahmedovning “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi haqida”gi axboroti toʻgʻrisida (513-III-son)
05.08.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B. Ahmedovning “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi haqida”gi axborotini eshitib, shuni taʼkidlaydiki, Oʻzbekistonda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab olingan va amalga oshirilmoqda, bunda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasini takomillashtirishga, ularni qayta tiklash va restavratsiya qilishga, madaniy meros obyektlarini imkon qadar ilk koʻrinishida saqlab qolishni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi, “Muzeylar toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilingan boʻlib, ular madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishning ishonchli huquqiy asoslari boʻlib xizmat qilmoqda. Shuningdek Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiya (Parij, 1972-yil 16-noyabr), Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya (Parij, 2003-yil 17-oktabr), Madaniy boyliklarning noqonuniy olib kirilishi, olib chiqilishi hamda ularga boʻlgan mulk huquqini boshqaga oʻtkazishni taqiqlash va uning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi konvensiya (Parij, 1970-yil 14-noyabr) ratifikatsiya qilindi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusiga binoan YUNESKO shafeligida Samarqand shahrining 2750 yilligi, Qarshi va Shahrisabz shaharlarining 2700 yilligi, Xiva, Buxoro va Termiz shaharlarining 2500 yilligi, Toshkent shahrining 2200 yilligi, Margʻilon shahrining 2000-yilligi xalqaro miqyosda nishonlandi, bu esa oʻzbek xalqining tarixiy-madaniy merosi umumjahon ahamiyatiga molik ekanligining eʼtirofi boʻldi.
Mamlakatimiz hududida 7345 ta moddiy-madaniy meros obyektlari joylashgan boʻlib, shundan 4124 tasi — arxeologiya obyektlari, 2277 tasi — arxitektura obyektlari, 657 tasi — monumental sanʼat asarlari, 287 tasi — diqqatga sazovor joylar hamda 53 tasi — nomoddiy madaniy meros obyektlari hisoblanadi. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari muhofaza etiladigan tarixiy yodgorliklar sifatida, Navroʻz xalq bayrami, Boysun bahori, milliy musiqa sanʼati — Katta ashula, Shashmaqom, milliy hajv sanʼati — Askiya esa nomoddiy madaniy meros obyektlari sifatida YUNESKOning Umumjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, muzeylarda 2,5 milliondan ziyod muzey buyumlari va kolleksiyalari mavjud, arxivlarda madaniy meros obyektlari boʻlgan millionlab hujjatlar saqlanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 7-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, saqlash, ularni targʻib qilish va ulardan foydalanish boʻyicha 2010 — 2020-yillarga moʻljallangan davlat dasturini amalga oshirishda masʼul tashkilot sifatida ishtirok etmoqda.
Yuridik va jismoniy shaxslarning madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan davlat nazorati amalga oshirilmoqda. Davlat boshqaruvi organlarining madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, madaniy meros obyektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, ommalashtirish va ulardan foydalanish, shuningdek ularni tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazish masalalariga doir faoliyatini muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holatini oʻrganish hamda ushbu masala yuzasidan oʻtkazilgan nazorat-tahlil tadbirlarining natijalari shuni koʻrsatadiki, madaniy meros obyektlarini inventarizatsiyadan oʻtkazish, pasportlarini tayyorlash, ularning chegaralarini belgilash, ularni muhofaza qilish, restavratsiya qilish, oʻrganish va tarqib qilish masalalarida kamchiliklar hamda muammolar mavjud.
Chunonchi, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, saqlash va ulardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibiga, mazkur Qonunda belgilangan muhofaza etiladigan tegralarning chegaralarini, qurilish va xoʻjalik faoliyatini tartibga solish tegralarini hamda muhofaza etiladigan tabiiy landshaft tegralarini belgilash tartibiga va ularni saqlash rejimlariga, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarni tashkil etish va ularni saqlash rejimlariga taalluqli muhim qonunosti hujjatlari ishlab chiqilmagan.
Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini yuritish toʻliq darajada amalga oshirilmayapti va bunday obyektlarni muhofaza qilish tegralarining loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek moddiy-madaniy meros obyektlarining muhofaza belgilarini oʻrnatish taʼminlanmayapti. Chunonchi, mavjud 7345 ta moddiy madaniy meros obyektlaridan atigi 1255 tasiga (17 foiziga) nisbatan davlat kadastri shakllantirilgan.
Madaniy meros obyektlarini aniqlash va hisobga olish ishlarini yaxshilash talab etiladi, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obyekti belgilariga ega boʻlgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarining toʻliq toifalashtirilgan roʻyxatini tuzish zarur boʻladi.
“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining bir qator qoidalari va normalarini, shuningdek boshqa qonun hujjatlarining madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga doir qismini yanada takomillashtirish zarurati mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B. Ahmedovning “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi haqida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi:
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ularni saqlash va ulardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibiga, muhofaza etiladigan tegralarning chegaralarini, qurilish va xoʻjalik faoliyatini tartibga solish tegralarini hamda muhofaza etiladigan tabiiy landshaft tegralarini belgilash tartibiga va ularni saqlash rejimlariga, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarni tashkil etish tartibiga va ularni saqlash rejimlariga taalluqli qonun osti hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqish hamda qabul qilish yuzasidan zudlik bilan chora-tadbirlar koʻrsin;
Tarixiy-madaniy boylik hisoblangan obyektlarni davlat hisobiga olish hamda ularni Moddiy-madaniy meros obyektlarining davlat kadastriga va Nomoddiy madaniy meros obyektlarining roʻyxatiga kiritishni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsin;
“Oʻzarxiv” agentligi bilan birgalikda arxivlarda saqlanayotgan madaniy meros obyektlarini inventarizatsiyadan oʻtkazsin, shuningdek arxivlarda saqlanayotgan madaniy meros obyektlarini hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilovchi qonun osti hujjatlarini ishlab chiqsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, saqlash, ularni targʻib qilish va ulardan foydalanish boʻyicha 2010 — 2020-yillarga moʻljallangan davlat dasturining soʻzsiz bajarilishiga, shuningdek madaniy meros obyektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlarni koʻrish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi qonun hujjatlarini inventarizatsiyadan oʻtkazishni davom ettirsin hamda manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini, shuningdek boshqa qonun hujjatlarining madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanishga doir qismini takomillashtirish boʻyicha belgilangan tartibda takliflar tayyorlasin va kiritsin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 5-avgust,
513-III-son
