Litva Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (360-son)
18.10.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Litva Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligini yanada chuqurlashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 23—25-sentabrda Litva Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Litva Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida imzolangan 1-ilovaga muvofiq hujjatlar amalga oshirilishi ustidan muntazam monitoring va nazorat oʻrnatsinlar.
2. Litva Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va savdo aylanmasini yanada koʻpaytirish chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2 -ilova berilmaydi.
Quyidagilar Litva Respublikasi bilan investitsiya hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari hisoblansin:
mahalliy xom ashyo chuqur ishlanishi, qayta ishlash tarmoqlarining eksport salohiyati oshirilishi taʼminlangan holda respublika yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalarini zamonaviylashtirish;
qurilish materiallari va xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishni, mebel sanoatini rivojlantirish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va ularni qayta ishlash;
transport infratuzilmasini takomillashtirish;
ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va mamlakatimiz mahsulotlarini eksportga yetkazib berishni koʻpaytirish shartlarida Litva Respublikasida qoʻshma korxonalar tashkil etilishiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar qoʻyish.
3. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 3-ilovaga* muvofiq loyihalar ishlab chiqilishi va ularning ekspertizadan oʻtkazilishi tashkil etilishini, shuningdek kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb etiladigan kredit liniyalari doirasida ularni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari aniqlanishini taʼminlasinlar.
*3 -ilova berilmaydi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 18-oktabr,
360-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 18-oktabrdagi 360-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Litva Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida imzolangan hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi bilan Litva Respublikasi oʻrtasida davlatlararo munosabatlar, doʻstlik va hamkorlik asoslari toʻgʻrisida shartnoma (Vilnyus, 2002-yil 24-sentabr).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Litva Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida protokol (Vilnyus, 2002-yil 24-sentabr).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Litva Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Bojxona departamenti oʻrtasida qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida bitim (Vilnyus, 2002-yil 24-sentabr).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy universiteti va Vilnyus universiteti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma (Vilnyus, 2002-yil 24-sentabr).
