Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi uchrashuvlari yakunlari va deputatlarning saylovchilar bilan boʻlajak uchrashuvlardagi ustuvor vazifalari toʻgʻrisida (458-III-son)
06.06.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari X. Ketmonovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi uchrashuvlari yakunlari va deputatlarning saylovchilar bilan boʻlajak uchrashuvlardagi ustuvor vazifalari toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi shuni taʼkidlaydiki, 2016-yilning 22 — 31-mart kunlari saylov okruglarida saylovchilar bilan boʻlib oʻtgan navbatdagi uchrashuvlar davomida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Deputatlar oʻzlariga berilgan vaqtdan ishni tizimli va samarali tashkil etish, saylovchilarning manfaatlariga daxldor boʻlgan muhim hayotiy masalalarni hal etish uchun oqilona foydalandilar.
Deputatlar korpusi tomonidan joylarda 1824 ta uchrashuv tashkil etilib, ularda 166,5 ming nafardan ziyod kishi ishtirok etdi. Oʻtkazilgan uchrashuvlar soni 2015-yilning noyabrida tashkil etilgan uchrashuvlar bilan taqqoslanganda 674 taga yoki 36 foiz, aholini qamrab olish darajasi esa 61 ming nafar kishiga yoki 36,6 foiz oshgan.
Uchrashuvlar chogʻida deputatlar aholini mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati, yangi qabul qilingan qonunlarning hamda qabul qilinayotgan qonun loyihalarining mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor etdilar, shuningdek joylardagi huquqni qoʻllash amaliyotiga doir muammolarni aniqlash hamda qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga doir ishlarni amalga oshirdilar.
Saylov okruglarida tashkil etilgan uchrashuvlarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, siyosiy partiyalar mahalliy organlarining vakillari ishtirok etdi. Deputatlarning koʻpchilik qismi aholining turli qatlamlari vakillari, shu jumladan pensionyerlar, koʻp bolali oilalar, nogironlar, “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida yashovchilar bilan, shuningdek taʼlim va davolash muassasalari, mehnat jamoalari, fermer xoʻjaliklari va boshqa joylardagi uchrashuvlarni lozim darajada oʻtkazishga muvaffaq boʻldilar.
Saylov okruglaridagi faoliyat doirasida yosh avlodda vatanparvarlik, oʻzining kerakliligini his etish va davlat hayotidagi masʼuliyat tuygʻularini kuchaytirish, ularda qatʼiy hayotiy nuqtai nazarni shakllantirish hamda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mohiyati va ahamiyatini yetkazish maqsadida yoshlar bilan ishlashga deputatlar tomonidan jiddiy eʼtibor qaratildi. Mazkur yoʻnalishda yoshlarning 36 ming nafarga yaqin vakili ishtirokida “Tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik — jamiyat taraqqiyotining muhim omili” mavzusidagi seminarlar va davra suhbatlari doirasida 206 ta maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etilib, ular mintaqada tinchlik va xavfsizlikni saqlash, terrorizmga, separatizmga, ekstremizmga va hozirgi zamondagi boshqa taqdidlar hamda xavflarga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni tushuntirishga qaratildi.
Oʻtkazilgan tadbirlar yoshlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga daxldorlik tuygʻusini kuchaytirishga, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini, siyosiy faolligini oshirishga hamda fuqarolik nuqtai nazarini mustahkamlashga koʻmaklashdi.
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining takliflariga koʻra deputatlar tomonidan saylov okruglarida oʻtkazilgan bir kun nodavlat notijorat tashkilotlarining mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlardagi faolligini oshirish masalalariga bagʻishlandi. Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tashkil etilgan uchrashuvlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining, shuningdek Jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot saylovchilar eʼtiboriga yetkazildi.
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan joylarda amalga oshirilgan ishlar markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida, shuningdek xorijiy internet-saytlarda keng yoritib borildi. Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlari ommaviy axborot vositalaridagi 1278 ta materialda, xususan, 380 tasi markaziy, 722 tasi mahalliy va 176 tasi xorijiy internet-saytlarda yoritildi. Ommaviy axborot vositalarida yoritilgan materiallarning soni 2015-yilning noyabridagi koʻrsatkichlarga taqqoslanganda 378 taga yoki 29,6 foiz koʻpaydi.
Oʻtkazilgan uchrashuvlar tahlili shuni koʻrsatdiki, aholi mamlakatda amalga oshirilayotgan, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga va kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli oʻzgarishlarni umuman qoʻllab-quvvatlaydi.
Dunyoning turli mintaqalarida tanglik tobora zoʻrayib, xalqaro terrorizm va ekstremizm kuchayib borayotgan bir vaqtda mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik hukm surayotganligini saylovchilar asosiy yutuqlarimiz sifatida eʼtirof etmoqdalar. Ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yutuqlarimiz, shuningdek mamlakatimiz rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan tashqi siyosat ham keng qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Saylovchilar bilan uchrashuvlar chogʻida deputatlar tomonidan mamlakatimizning sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotiga taalluqli 5500 dan ziyod murojaat koʻrib chiqildi. 2015-yil noyabr oyidagi koʻrsatkichlarga taqqoslaganda murojaatlarning soni 23,3 foiz koʻpaygan.
Uchrashuvlar vaqtida saylovchilar davlat dasturlariga muvofiq taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy baho berdilar. Xususan, malakali pedagog kadrlar tayyorlash borasida katta ishlar amalga oshirilganligi, koʻplab oʻrta maktablar, akademik litseylar va kollejlar, oliy oʻquv yurtlari qurilganligi hamda rekonstruksiya qilinganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Shu bilan birga aholi maktabgacha taʼlimning sogʻlom, barkamol bola shaxsini shakllantirish, uning ilm olishga boʻlgan qiziqishlarini rivojlantirish, bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish hamda maktab taʼlimiga tayyorlash borasida tutgan katta oʻrni va ijobiy taʼsirini qayd etib oʻtdi. Shu munosabat bilan ayrim saylov okruglarida fuqarolar maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, ularni zamonaviy moddiy-texnika bazasi hamda pedagog kadrlar bilan mustahkamlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish taklifini bildirdilar.
Saylovchilar respublikada yoʻl-transport infratuzilmasini rejali ravishda takomillashtirib borish borasida aniq yoʻnaltirilgan bunyodkorlik ishlari olib borilayotganligini alohida taʼkidladilar. Ular, ayniqsa, jahondagi ilgʻor andozalar darajasida amalga oshirilayotgan Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasi qurilishi hamda Qamchiq dovoni orqali oʻtadigan avtomagistralning rekonstruksiya qilinishi kabi keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilayotganligini alohida qoniqish bilan qayd etdilar. Shu bilan birga shaharlardagi va boshqa aholi punktlaridagi yoʻllarni (ichki avtomobil yoʻllarini) qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash masalalariga kelgusida katta eʼtibor qaratilishi istagi bildirildi.
Mamlakatimizning koʻplab hududlarida deputatlar bilan uchrashuvlar chogʻida saylovchilar qishloq xoʻjaligida, shu jumladan chorvachilikda amalga oshirilayotgan islohotlar va chuqur tarkibiy oʻzgarishlarni alohida qayd etdilar. Amalga oshirilgan ishlar natijasida yirik qoramol, qoʻy va echkilarning soni yildan-yilga oʻsib bormoqda, naslchilik chorvachiligi yaxshilanmoqda, aholi sut bilan toʻliq taʼminlanib, sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlash rivojlanmoqda. Ayni vaqtda saylovchilar hududlarda sut va sut mahsulotlarini chuqur qayta ishlash korxonalari sonini koʻpaytirish, fermer va dehqon xoʻjaliklariga mazkur tarmoqni rivojlantirish uchun imtiyozlar va preferensiyalar berish borasidagi takliflarini bayon etdilar.
Saylovchilar uchrashuvlar vaqtida mustaqillik hayotimizning mazmun-mohiyatini tubdan oʻzgartirganligini, maʼnaviy qadriyatlarni tiklash, milliy oʻzlikni anglashning oʻsishi uchun cheksiz imkoniyatlar ochganligini ham taʼkidlab oʻtdilar. Madaniy meros obyektlarini asrash va ulardan foydalanish, ularni tiklash, restavratsiya qilish hamda ushbu obyektlarni dastlabki koʻrinishda saqlab qolish sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga aholi tomonidan yuqori baho berilmoqda. Ayni paytda saylovchilar mamlakatimizdagi tarixiy, madaniy va intellektual merosni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlar ijrosiga deputatlar tomonidan alohida eʼtibor qaratilishi istagini bildirdilar.
Bundan tashqari saylovchilar bilan uchrashuvlar mobaynida deputatlar korpusi vakillariga har yilgi Ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarini sifatli amalga oshirishga katta eʼtibor qaratish tavsiya etildi.
Koʻrsatilgan masalalarni hal etish uchun siyosiy partiyalar fraksiyalari va Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining jiddiy eʼtibori, hukumat va, xususan, manfaatdor vazirliklar hamda idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikdagi saʼy-harakatlari talab etiladi.
Shu bilan birga Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi faoliyati davomida tashkiliy tusdagi ayrim kamchiliklar ham boʻldi. Xususan, saylovchilar bilan uchrashuvlarning jadvallarini oʻz vaqtida tuzish, saylovchilar bilan uchrashuvlarni tashkil etishda hokimliklar tomonidan deputatlarga yordam koʻrsatish, uchrashuvlarda mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakillari va mahalliy Kengashlarning deputatlari ishtirok etishi, fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish borasidagi kamchiliklar (Andijon, Namangan, Jizzax va Samarqand viloyatlarida) qayd etildi. Saylovchilar bilan ishlashda Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari oʻrtasida aniq hamda oʻzaro uygʻun hamkorlikning mavjud emasligi ham koʻzga tashlandi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan ishlari samaradorligini yanada oshirish, shuningdek fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari X. Ketmonovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi uchrashuvlari yakunlari va deputatlarning saylovchilar bilan boʻlajak uchrashuvlardagi ustuvor vazifalari toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining “Maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirishning, ularni pedagog kadrlar va zamonaviy moddiy-texnika baza bilan mustahkamlashning holati va istiqbollari toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziriga parlament soʻrovi yuborish haqidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining “Oʻzbekiston Respublikasida shaharlar va boshqa aholi punktlaridagi yoʻllarni (ichki avtomobil yoʻllarini) qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash hamda saqlashning holati va istiqbollari toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosariga hamda “Oʻzbekiston Respublikasida sut va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qayta ishlashning holati va istiqbollari toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri oʻrinbosariga parlament soʻrovi yuborish haqidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
3. Quyidagilar tavsiya etilsin:
Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasiga Ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi koʻrsatkichlarining Surxondaryo viloyatida bajarilishining borishini oʻrganish boʻyicha nazorat-tahlil tadbirini oʻtkazish yakunlari yuzasidan Termiz shahrida qoʻmitaning kengaytirilgan majlisini tashkil etish;
Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasiga majlisda madaniyat va sport ishlari vazirining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijro etilishining holati haqida”gi axborotini eshitishni tashkil etish.
4. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari:
saylovchilar bilan oʻtgan uchrashuvlar davomida koʻtarilgan masalalarni har tomonlama va chuqur tahlil qilish asosida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tegishli mansabdor shaxslariga deputat soʻrovlarining belgilangan tartibda yuborilishini tashkil etsin;
joriy yilning birinchi yarim yilligida qabul qilingan qonunlarning, koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qarorining mohiyati va ahamiyati saylov okruglarida saylovchilar bilan boʻlajak uchrashuvlar chogʻida aholiga yetkazilishini taʼminlasin.
5. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha siyosiy partiyalar fraksiyalari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining oʻzaro hamkorligi mexanizmini siyosiy partiyalar bilan hamkorlikda ishlab chiqish, shuningdek hududiy partiya tashkilotlarida fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish imkoniyati toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish tavsiya etilsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan ishlashi chogʻida saylovchilar tomonidan koʻtarilgan masalalarni hal etishga, shuningdek saylov okruglaridagi boʻlajak uchrashuvlarni oʻz vaqtida va sifatli tashkil etishga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Ketmonov zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 6-iyun,
458-III-son
