Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2015-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (SQ-84-III-son)
01.04.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi F. Mullajonovning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2015-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati shuni qayd etadiki, qonun hujjatlariga muvofiq tarzda amalga oshirilgan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2015-yilga moʻljallangan aniq maqsadga qaratilgan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarini bajarishga yoʻnaltirilgan muvozanatli pul-kredit siyosati iqtisodiyotda inflatsion jarayonlarni jilovlash yoʻli orqali milliy valyutaning barqarorligini taʼminlashga, shuningdek, yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlariga erishishga koʻmaklashgan.
Respublika Markaziy banki tomonidan boshqarilayotgan mamlakat bank tizimining faoliyati hisobot yilida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 16-yanvardagi majlisidagi maʼruzasida, tegishli qonunchilik hujjatlarida, shu jumladan, Oliy Majlis Senatining 2015-yil 7-avgustdagi SQ-51-III-sonli Qarorida belgilangan, mamlakat bank tizimining barqarorligini taʼminlash hamda bank tizimining iqtisodiy rivojlanishni, makroiqtisodiy mutanosiblikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashdagi ishtirokini kengaytirishga, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi vazifalarni bajarishga qaratildi.
Xususan, bank tizimining jami kapitali hisobot yilida 23,3 foizga koʻpayib, soʻnggi 5 yilda mazkur koʻrsatkich 2,4 barobar oʻsgan. Bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 23,6 foizni tashkil qilib, bu xalqaro standartlardan qariyb uch barovar koʻpdir. Bank tizimining likvidligi 64,5 foizni tashkil etgan boʻlib, bu belgilangan xalqaro normativ talablardan ikki barobardan ziyod yuqoridir.
Xalqaro valyuta fondi Oʻzbekiston bank sektori soʻnggi yillar mobaynida barqarorlikni, yaxshi kapitallashuv va yuqori likvidlik darajasini saqlab qolayotganligini qayd etmoqda.
Bu, oʻz navbatida, mamlakat tijorat banklariga yetakchi xalqaro reyting agentliklarining ijobiy reyting baholarini olish imkoniyatini yaratmoqda. Xususan, “Mudis” xalqaro reyting agentligi Oʻzbekiston bank tizimining rivojlanish prognozi “barqaror” darajada ekanligini ketma-ket oltinchi yil tasdiqladi. Bugungi kunda mamlakatning barcha tijorat banklari “Mudis”, “Fitch Reytings” va “Standart end Purs” yetakchi xalqaro reyting agentliklarining “barqaror” bahosini olgan.
Shu bilan bir qatorda, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining tadbirkorlik faoliyatini yuritish shart-sharoitlari boʻyicha “Biznesni yuritish — 2016” hisobotida kreditlash sohasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining global reytingdagi mavqeyi soʻnggi uch yilda 112 pogʻonaga, yaʼni 154-oʻrindan 42-oʻringa koʻtarilganligi qayd etildi.
Mamlakatimiz bank tizimini rivojlantirishning 2015-yilgi natijalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 7-yanvardagi PQ-1464-sonli Qarori bilan belgilangan milliy indikatorlarga asosan baholaganda bank tizimi faoliyatining barcha asosiy koʻrsatkichlari “yuqori” bahoga mos keladi.
Fuqarolar hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning banklarga boʻlgan ishonchini mustahkamlash banklar faoliyati rivojlantirilishini taʼminlashning va samarali boʻlishining muhim sharti hisoblanadi. Chunonchi, hisobot yilida aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlar depozitlarining tijorat banklaridagi umumiy hajmi 28 foizga koʻpaygan.
Iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashga doir investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda bank investitsiyalarining kengaytirilishi muhim ahamiyatga ega ekanligini hisobga olgan holda, 2015-yilda tijorat banklari tomonidan ushbu yoʻnalishdagi loyihalarni moliyalashtirishga 10,2 trln soʻmlik kreditlar ajratildi, bu esa 2014-yil bilan taqqoslaganda 20 foizga koʻpdir.
Hisobot yilida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 2014-yilga nisbatan 1,3 barobarga oshdi.
Banklar tomonidan kollej bitiruvchilarining biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor berilgan. Xususan, tijorat banklari tomonidan kollej bitiruvchilarining oʻz biznesini tashkil qilish uchun 280 mlrd soʻm kreditlar ajratilgan, bu esa 2014-yilga nisbatan 1,3 barobarga koʻpdir.
Tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hisobiga 293 mingdan ziyod ish oʻrni yaratildi.
Banklarning yangi xizmat turlari yildan-yilga kengayib bormoqda. Jumladan, koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmi birgina 2015-yilda 1,3 barobarga, oxirgi 5 yil davomida esa 3,5 barobarga oshgan.
Markaziy bankning mamlakat bank tizimi barqarorligi va samaradorligini taʼminlash borasidagi ishtiroki muhim ekanligini qayd etib, bank nazorati tizimini takomillashtirish, xalqaro normalar, mezonlar va standartlardan foydalanish amaliyotini kengaytirish, banklarning investitsiyaviy faoliyatini yanada kuchaytirish borasidagi ishlarni davom ettirish, bunda mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan loyihalarni moliyalashtirishga, ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlashga, imtiyozli kreditlar ajratish yoʻli bilan tadbirkorlikni keng qamrovli rivojlantirish hamda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor berish zarurdir.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2015-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (F. Mullajonov):
inflatsiya darajasini tasdiqlangan prognoz parametrlari doirasida saqlab turishga va 2016-yilgi iqtisodiy dasturning ustuvor yoʻnalishlari doirasida iqtisodiy oʻsishning barqaror yuqori surʼatlarini taʼminlashga qaratilgan pul-kredit siyosati yuritilishini davom ettirsin;
ichki valyuta bozorining barqarorligini taʼminlashga, zamonaviy raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirishga va eksportni ragʻbatlantirishga qaratilgan valyuta siyosati yuritishni davom ettirsin;
bank tizimining barqarorligi va ishonchliligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil hamda aniq maqsadga qaratilgan holda roʻyobga chiqarishni davom ettirsin, bank sohasida raqobatni yanada kuchaytirish hamda banklarning qimmatli qogʻozlari bozorini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsin;
tijorat banklari faoliyatini xalqaro standartlar va prinsiplarga muvofiq tartibga solish, nazorat qilish va baholash tizimini yanada takomillashtirishga doir tadbirlar bajarilishini taʼminlasin;
bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasining standartlari va tavsiyalarini (Bazel III standartlari) mamlakatimiz bank tizimiga bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi PF-4725-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar Dasturida Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan vazifalarning, shuningdek ularni amalga oshirish boʻyicha tasdiqlangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlasin;
xalqaro tajribani hamda globallashuv jarayonida yuz berayotgan oʻzgarishlarni hisobga olgan holda bankka oid qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishni davom ettirsin;
bank faoliyatini tartibga solishga doir Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bank-moliya tizimini isloh qilish hamda mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga doir farmonlari va qarorlari bilan belgilangan talablarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlasin;
mamlakat bank tizimini yanada isloh qilish hamda samaradorligi va ishonchliligini oshirish boʻyicha qabul qilingan bank sohasiga doir qonun hujjatlarining mohiyatini, ahamiyatini hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini tushuntirish boʻyicha joylarda muntazam ravishda seminarlar oʻtkazib borsin.
3. “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-maydagi “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2344-sonli Qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan vazifalardan kelib chiqib, bank faoliyati subyektlariga quyidagilar tavsiya etilsin:
qoʻshimcha aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni chiqarish hamda joylashtirish boʻyicha bozor vositalari va mexanizmlaridan samarali foydalanish hisobiga, shuningdek aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boʻsh pul mablagʻlarini uzoq muddatli depozitlarga jalb etishni kengaytirish hisobiga banklarning resurs bazasi yanada oshirilishini taʼminlasin;
aktivlarni diversifikatsiyalash, shu jumladan kredit portfelini yaxshilash, tavakkalchiliklarni samarali boshqarish yuzasidan zarur choralar koʻrsin;
yetakchi xalqaro reyting agentliklari bilan yaqin hamkorlik qilish ishlarini davom ettirsin va xalqaro reyting baholarini muntazam yangilab borish choralarini koʻrsin;
iqtisodiyot real sektorining korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash hamda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga doir investitsiyaviy loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tadbirlari olib borilishini davom ettirsin;
mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda kichik biznesni rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalarning belgilangan tartibda moliyalashtirilishini taʼminlasin;
“Sogʻlom ona va bola yili” Davlat dasturida hamda mamlakat mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida tijorat banklari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlasin;
banklar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning turlarini yanada kengaytirish va sifatini yaxshilash, bank infratuzilmasini, ayniqsa, qishloq joylarda kengaytirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllagan holda masofadan turib xizmatlar koʻrsatishni kengaytirish boʻyicha choralar koʻrsin;
yoshlarning, shu jumladan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes loyihalarini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish ishlarini kuchaytirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (F. Mullajonov) ushbu Qarorning bajarilishi haqida 2017-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
5. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2016-yil 1-aprel,
SQ-84-III-son
