Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida
05.04.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
turizmni rivojlantirish va Tomonlar davlatlari aholisining madaniy hayoti bilan yaxshiroq tanishtirish uchun qulay shart- sharoitlar yaratish maqsadida,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida madaniyat, fan va texnika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, axborot, sport va turizm sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida 1993-yil 19-martda imzolangan Bitim qoidalariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida strategik sherikchilik toʻgʻrisida 2004-yil 16-iyunda imzolangan Bitimda oʻz aksini topgan Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarining fundamental prinsiplariga amal qilgan holda,
Tomonlar davlatlarining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotida turizmning muhim oʻrnini eʼtiborga olgan holda,
turizm sohasida ikki tomonlama asosda samarali hamkorlikka erishishga intilib.
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar bir Tomon davlati fuqarolarini boshqa Tomon davlatining fan, iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish, madaniyat sohasidagi yutuqlari, tabiati va diqqatga sazovor joylari, shuningdek tarixiy obidalari va xalqlarining madaniy anʼanalari bilan tanishtirish maqsadida turizm sohasida hamkorlikni kengaytirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar xalqaro konferensiyalar, forumlar, seminarlar, koʻrgazmalar, ommaviy axborot vositalarida nashrlar tashkil qilish orqali “Buyuk Ipak yoʻli” kabi qoʻshma turistik yoʻnalishlar va brendlarni ilgari surishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladilar:
Tomonlar davlatlarida ommaviy axborot vositalari orqali reklama kampaniyalarini oʻtkazish;
turizmni rivojlantirish boʻyicha turli tadbirlar oʻtkazish;
Tomonlar davlatlari hududlarida oʻtkaziladigan turistik yarmarka va koʻrgazmalarda ishtirok etish;
Tomonlar davlatlarining turistik tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun oʻzaro tanishtiruv sayohatlarini tashkil qilish;
turizm sohasiga investitsiya jalb qilishda Tomonlar hamkorligini qoʻllab-quvvatlash;
Tomonlar davlatlarining manfaatdor muassasalari mutaxassislarining tajriba almashishlari orqali kadrlar tayyorlashga va turizm sanoati vakillari uchun stajirovkalar tashkil qilishga koʻmaklashish;
turizm sohasida, jumladan, turistik majmualar va rekreatsiya zonalarini tashkil qilishda axborot va ish tajribasi, shuningdek investitsiyalar sohasida Tomonlar davlatlari qonunchiligiga muvofiq taqdim etiladigan imtiyozlar toʻgʻrisida axborot almashish;
Tomonlar davlatlari qonunchiligi doirasida turistik nashrlar va boshqa materiallar, xususan, Tomonlar davlatlarining turistik salohiyatini reklama qiluvchi audio va video materiallarni tarqatish.
4-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining turistik va madaniy-tarixiy salohiyatlari toʻgʻrisidagi axborot va reklama-tarqatma materiallarini uchinchi davlatlarda Rossiya Federatsiyasining milliy turistik idoralari orqali tarqatish imkoniyatini koʻrib chiqadilar.
5-modda
Tomonlar boshqa Tomon davlati hududida boʻlib turgan Tomonlar davlatlari turistlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha, shu jumladan, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda ularni evakuatsiya qilish boʻyicha oʻz davlatlari qonunchiligida oʻrnatilgan tartibda choralar koʻradilar.
6-modda
Mazkur Bitim qoidalarini qoʻllash yoki talqin qilish bilan bogʻliq tarzda yuzaga keladigan har qanday nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida oʻzaro maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
7-modda
Tomonlar zaruriyat tugʻilganda mazkur Bitim qoidalarini bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadilar va ishchi guruhlar tashkil qiladilar.
8-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning davlatlari ishtirokchilar hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda
Mazkur Bitim qoidalarini bajarish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar, basharti har bir alohida holatda boshqacha tarzda kelishilgan boʻlmasa, Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq tegishli soha uchun ajratilgan mavjud moliyaviy resurslar doirasida har bir Tomon tarafidan qoplanadi.
10-modda
Tomonlarning kelishuviga koʻra mazkur Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan va uning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
11-modda
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan quyidagi vakolatli organlarni tayinlaydilar:
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish boʻyicha davlat qoʻmitasi;
Rossiya tomonidan — Turizm boʻyicha federal agentlik.
12-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonning yozma xabarnomasini olgan sanadan uch oy oʻtguniga qadar amalda boʻladi.
Moskva shahrida 2017-yil 5-aprelda har biri oʻzbek va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
