Sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim va fan sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
05.04.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim va fan sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga koʻmaklashish istagida,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida strategik sherikchilik toʻgʻrisida 2004-yil 16-iyunda imzolangan Bitim hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisida 2005-yil 14-noyabrda imzolangan Shartnoma qoidalariga asoslangan holda,
sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim va fan sohasida oʻzaro qiziqish uygʻotadigan bir qator muammolarni hal etishda ikkala davlat saʼy-harakatlarini birlashtirish maqsadga muvofiqligini anglab,
sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim va fan sohasida hamkorlik ikki davlat oʻrtasida oʻzaro doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga oʻz hissasini qoʻshishini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar tenglik va oʻzaro manfaatlarni inobatga olish prinsiplari asosida hamda Tomonlar davlatlari qonunchiligiga muvofiq sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim va fan sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
2-modda
Tomonlar Oʻzbekiston bilan Rossiya tashkilotlari oʻrtasida sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim va fan sohasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab-quvvatlaydilar.
3-modda
Tomonlar sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim va fan sohasida dolzarb masalalar boʻyicha quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
sogʻliqni saqlash milliy tizimini tashkil etish va sogʻliqni saqlash sohasida faoliyatni boshqarish;
atrofdagilar uchun xavfli boʻlgan kasalliklar, shu jumladan sil kasalligi, odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) va boshqa kasalliklar;
yuqumli boʻlmagan kasalliklar, shu jumladan yurak-qon-tomir, onkologik, endokrin va boshqa kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash;
onalar va bolalar sogʻligʻini muhofaza qilish;
tibbiy buyumlar va tibbiyotda qoʻllash uchun dori vositalari muomalasi sohasida davlat tomonidan tartibga solish masalalari;
tibbiy buyumlar va tibbiyotda qoʻllash uchun dori vositalarini ishlab chiqarish;
aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash;
sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish;
salomatlik va atrof-muhit;
ovqatlanish gigiyenasi;
halokatlar vaqtida tibbiy yordam koʻrsatish;
sogʻliqni saqlash sohasida mutaxassislarni oʻqitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim va fan sohasida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tarafidan kelishilgan hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari.
4-modda
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik quyidagi shaklda amalga oshiriladi:
sogʻliqni saqlash sohasida mazkur Bitimning 3-moddasida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha normativ-huquqiy, statistik va taxliliy axborot bilan almashish;
mutaxassislar, oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi;
mutaxassislar, oʻqituvchilar va talabalarning Tomonlardan biri tashkillashtirayotgan kongress, ilmiy konferensiyalar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishi;
qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish;
Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari tarafidan kelishilgan hamkorlikning boshqa koʻrinishlari.
5-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish, shu jumladan, Tomonlar vakillarining xizmat safarlari va ularning qabul qiluvchi davlat hududida yashashi bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlarni Tomonlar mustaqil ravishda qoplaydilar, basharti boshqacha tarzda kelishib olmasalar.
6-modda
Mazkur Bitim bajarilishi uchun quyidagilar vakolatli organlar hisoblanadi:
Oʻzbekiston tomonidan:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi;
“Oʻzfarmsanoat” davlat-aksiyadorlik konserni;
Rossiya tomonidan:
Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi;
Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vazirligi.
7-modda
Mazkur Bitim amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari:
mazkur Bitimni bajarish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi dasturlar va rejalarni tasdiqlaydilar;
zarur hollarda Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari va boshqa tashkilotlari vakillari ishtirokida sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim va fan sohasida hamkorlikni rivojlantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha uchrashuvlar oʻtkazadilar.
8-modda
Har bir Tomon davlati qonunchiligiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi ishtirokchisi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq, Tomonlar intellektual faoliyat natijalarini huquqiy himoya qilishni taʼminlash, shuningdek intellektual faoliyatdan va intellektual mulkdan noqonuniy foydalanishning oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻradilar.
Mazkur Bitimni amalga oshirish jarayonida yaratiladigan, foydalaniladigan va taqdim etiladigan intellektual faoliyat natijalariga huquqni taqsimlash, ushbu natijalarning huquqiy himoyasi va ulardan foydalanish tartibi, shuningdek mazkur Bitimni amalga oshirish jarayonida yaratiladigan, foydalaniladigan va taqdim etiladigan intellektual mulkni himoyalash va undan foydalanish tartibi alohida ikki tomonlama bitimlar predmeti hisoblanadi.
9-modda
Tomonlar mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq xar qanday kelishmovchiliklarni, shuningdek mazkur Bitimni bajarishdan kelib chiqishi mumkin boʻlgan nizoli masalalarni maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal qiladilar.
10-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra mazkur Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan, uning ajralmas qismi hisoblanadigan va mazkur Bitim 11-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonning tegishli yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan olti oy oʻtguniga qadar amalda boʻladi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi, basharti Tomonlar oʻrtasida boshqa kelishuvga erishilmagan boʻlsa, ushbu Bitim doirasida amalga oshirilayotgan amaldagi dasturlar, rejalar va kelishuvlarni bajarishga nisbatan daxl qilmaydi.
Moskva shahrida 2017-yil 5-aprelda har biri oʻzbek va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
