24-modda. Sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni tanlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida (O‘RQ-427-son) · Sana: 06.04.2017 · Amalda
Boʻsh sudyalik lavozimlari toʻgʻrisidagi axborot Kengashning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni koʻrib chiqish muqobillik asosida amalga oshiriladi.
Sudyalikka nomzod boʻsh sudyalik lavozimlarini toʻldirish uchun tanlovda ishtirok etish toʻgʻrisida bevosita Kengashga ariza berish huquqiga ega.
Sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni, yangi vakolat muddatiga yoki boshqa sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlashda Kengash tomonidan belgilanadigan tartibda turli oʻrganish usullaridan — suhbat oʻtkazishdan, mustaqil ekspertlar tomonidan test sinovidan oʻtkazishdan, berilgan muammolar boʻyicha mavzuga oid referatlar tayyorlashdan, bilim darajasini aniqlash uchun elektron soʻrov dasturidan foydalanilishi mumkin.
Sudyalik lavozimiga nomunosibligi tufayli rad etilgan nomzod bir yil oʻtgach, boʻsh sudyalik lavozimini toʻldirish uchun eʼlon qilingan tanlovda ishtirok etishi toʻgʻrisidagi ariza bilan Kengashga takroran murojaat qilishi mumkin.
