8-modda. Tranzit ruxsatnomasi
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti toʻgʻrisida (213-II-son) · Sana: 11.05.2001 · Amalda
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ tomonidan beriladigan tranzit ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
Tranzit ruxsatnomasini olish uchun talabnoma beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki u vakolat bergan organga zarur hujjatlar ilova qilingan tegishli ariza bilan murojaat qiladi.
Tranzit ruxsatnomasini berish toʻgʻrisidagi yoki uni berishni rad etish haqidagi qaror ariza olingan kundan eʼtiboran yigirma kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi. Qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda mazkur muddat oʻn kungacha uzaytirilishi mumkin.
Turkum qilib yuboriladigan maxsus yuklarning tranzitiga ruxsatnoma har bir turkum uchun alohida-alohida beriladi.
Qurol-yarogʻ, harbiy texnika, harbiy mol-mulk va xavfli yuklarning tranzitiga yengib boʻlmas kuch taʼsir etgan va belgilangan joyga eltib qoʻyishning imkoniyati boʻlmagan takdirda odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof muhitga va Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligiga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararni qoplashga moʻljallangan sugʻurta va boshqa moliyaviy kafolatlar, shuningdek oʻzga majburiyatlar talabnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan takdirda ruxsat etiladi. Koʻrsatib oʻtilgan kafolatlar sugʻurta polisi, bank kafolati shaklida yoxud qonunchilikda belgilangan boshqacha shaklda boʻlishi mumkin.
