13-modda. Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning havo transporti orqali tranziti
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti toʻgʻrisida (213-II-son) · Sana: 11.05.2001 · Amalda
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning havo transporti orqali tranziti belgilangan havo yoʻllari (samoviy oraliqlar) boʻyicha ushbu Qonunda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning havo transporti orqali tranziti:
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;
parvozlarni bajarish uchun belgilangan tartibda berilgan maxsus ruxsatnomalar;
tranzit ruxsatnomalari asosida hamda ularda belgilangan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarni tashuvchi havo kemalarida parvozlarni bajarish uchun maxsus ruxsatnomalar tranzit ruxsatnomasi mavjud boʻlgan takdirda beriladi.
Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning havo transporti orqali tranziti Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻnib oʻtish bilan va qoʻnmasdan amalga oshirilishi mumkin. Tranzit ruxsatnomasi havo kemasining Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiy qoʻnishi toʻgʻrisidagi talabni nazarda tutishi mumkin.
