Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida (SQ-101-III-son)
25.08.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Senatning Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ayrim mansabdor shaxslariga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi takliflarini koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Senat qoʻmitalari tomonidan belgilangan tartibda kiritilgan:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari B.I. Zakirovga kommunal xizmatlar uchun oʻz vaqtida va toʻliq hisob-kitob qilish mexanizmini takomillashtirish, kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining bu boradagi rolini oshirish toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B.M. Axmedovga mamlakatimizda teatrlar faoliyatining holati toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B.V. Gulyamovga aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatdagi favqulotda holatlardan himoya qilish, shuningdek sanoat va radiatsiya xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi toʻgʻrisidagi masalalar yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi takliflar qabul qilinsin.
2. Ushbu Qaror tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari B.I. Zakirovga, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B.M. Axmedovga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B.V. Gulyamovga yuborilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari B.I. Zakirov, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B.M. Axmedov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B.V. Gulyamov parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2016-yil 1-oktabrgacha Senatga yozma javob taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi (Z.M. Nizamxodjayev), Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi (F.S. Dadaxodjayev) javob kelib tushgach, ularning nusxalari Senat aʼzolariga yuborilishi, zarur deb topilgan taqdirda javob Senat majlisida muhokama qilinishi uchun tegishli tayyorgarlik ishlarini amalga oshirsin.
5. Ushbu qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari S.B. Artikova zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2016-yil 25-avgust,
SQ-101-III-son
