Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2864-son)
28.02.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 28-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2864]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 28-fevraldagi 50-mh-son “Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati xodimi lavozimiga tavsiya etiladigan nomzodlarni adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2562, 2014-yil 28-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 9-son, 100-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
4. Huquqiy targʻibot va axborot boshqarmasi (A. Ochilov) mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari N. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-fevral,
42-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi 42-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalarini majburiy tartibda tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya organlari deb yuritiladi) bilan kelishish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlari uchun davlat organlari va tashkilotlari deganda, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari (bundan buyon matnda davlat organlari va tashkilotlari deb yuritiladi) tushuniladi.
2. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi lavozimiga tayinlash va undan ozod etishga taqdim etilgan nomzodlarni (bundan buyon matnda nomzod deb yuritiladi) adliya organlari bilan kelishish ularning tavsiya etilgan lavozimga layoqatini va kasbiga munosibligini aniqlash, shuningdek yuridik xizmat xodimlarini noqonuniy taʼsir koʻrsatishdan himoyalash maqsadida amalga oshiriladi.
3. Respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari yuridik xizmati xodimlari lavozimga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan, tumanlar va shaharlar hokimliklari, shuningdek hududiy davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlari lavozimga tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari bilan kelishilgan holda tayinlanadi va ozod qilinadi.
Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi lavozimiga adliya organlari bilan kelishilib lavozimga tayinlangan xodimlar kelgusida ushbu tashkilotning yuridik xizmatidagi lavozimi oʻzgarsa adliya organlari bilan kelishish talab etilmaydi, yuridik xizmat rahbari va uning oʻrinbosari lavozimi bundan mustasno.
Bunda Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining maʼlumotlari bazasini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2861, 2017-yil 28-fevral) asosan davlat organlari va tashkilotlari oʻn kun muddatda tegishli maʼlumotni adliya organiga yuborishi lozim.
Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari adliya organlari bilan lavozimiga tayinlanishi kelishilgan kundan boshlab bir yil davomida boshqa davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatiga ishga oʻtganda adliya organlari bilan suhbatdan oʻtkazilmasdan kelishilishiga yoʻl qoʻyiladi, yuridik xizmat rahbari va uning oʻrinbosari lavozimlari bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining yuridik xizmat xodimlari hamda ular bilan kelishib lavozimga tayinlangan yuridik xizmat xodimlari adliya organlari bilan kelishish talab etilmaydi.
2-bob. Yuridik xizmat xodimlarini lavozimga tayinlash masalalarini kelishish
4. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yuridik xizmat xodimi lavozimiga tayinlash masalasini kelishish uchun bir yoki undan ortiq nomzodlar tavsiya etilishi mumkin.
5. Davlat organlari va tashkilotlari nomzodni lavozimga tayinlash masalasini kelishish uchun tegishli adliya organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
davlat organi va tashkiloti rahbarining nomzodni lavozimga tavsiya etish toʻgʻrisidagi taqdimnomasi;
nomzodning ushbu Nizomning 1 va 2-ilovalariga muvofiq shakldagi maʼlumotnomasi va yaqin qarindoshlari haqidagi maʼlumot.
Yuridik xizmat xodimi lavozimiga kelishish uchun bir yoki undan ortiq nomzodlar tavsiya etilganda, mazkur hujjatlar har bir nomzod uchun alohida taqdim etiladi.
6. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar qaytarib berilmaydi.
7. Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlashni kelishish masalasini koʻrib chiqishda nomzod bilan suhbat oʻtkaziladi.
8. Suhbat adliya organlarida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan oʻtkaziladi. Komissiyalar tarkibi tegishli adliya organi rahbari tomonidan kamida besh kishidan, yaʼni rais, uning oʻrinbosari va aʼzolaridan iborat tarkibda tasdiqlanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida vazirning soha boʻyicha masʼul oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida esa, tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi adliya vaziri va adliya boshqarmasi boshligʻi komissiya raisi hisoblanadi.
10. Komissiyalar faoliyatini tashkil qilish boʻyicha tashkiliy masalalar ishchi organlar tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Huquqiy xizmat koʻrsatishni tartibga solish boshqarmasi va uning boʻlimlari tegishli komissiyalarning ishchi organi hisoblanadi.
11. Kelishish hujjatlar tegishli adliya organiga kelib tushgan sanadan boshlab bir oy ichida amalga oshiriladi.
12. Ishchi organ tomonidan hujjatlarni koʻrib chiqish jarayonida kamchiliklar aniqlanmasa, nomzodni tavsiya etgan davlat organi va tashkilotiga suhbat oʻtkazilishidan kamida uch kun oldin suhbat oʻtkaziladigan kun, vaqt va joy haqida xabar beriladi.
13. Hujjatlarda kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ular tegishli adliya organiga kelib tushgan sanadan boshlab besh ish kuni ichida ishchi organ tomonidan kamchiliklar koʻrsatilgan holda nomzodni tavsiya etgan davlat organi va tashkilotiga xabar yuboriladi.
14. Hujjatlarni koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf qilgan holda takroran yuborishda ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlar takroran taqdim qilinadi.
15. Komissiya ishida aʼzolarning kamida yarmi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi. Komissiyaning aʼzosi ish joyida boʻlmagan taqdirda uning oʻrniga uning vazifasini bajaruvchi shaxs ishtirok etishiga yoʻl qoʻyiladi.
16. Nomzod bilan uning kasb faoliyatiga bogʻliq boʻlgan qonunchilik sohalari, shu jumladan konstitutsiyaviy huquq, fuqarolik huquqi va mehnat huquqi sohalari, shartnomaviy-huquqiy faoliyat va sud ishlarini yuritish asoslari boʻyicha suhbat oʻtkaziladi.
17. Suhbat jarayonidagi nomzodga beriladigan savollar va ularning javoblari, komissiya aʼzolari tomonidan nomzodga qoʻyilgan ballar hamda suhbatning umumiy natijalari “Yurist-adliya” elektron tizimida qayd etib boriladi.
18. Komissiya aʼzolari nomzodning bilimi, shuningdek ish tajribasini hisobga olib, uni suhbatdan oʻtgan yoki oʻtmagan deb topish haqida qaror qabul qiladi. Mazkur qaror komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Komissiya aʼzolari nomzodni boshqa lavozimga tayinlash haqida tavsiya berishi mumkin.
Suhbatga kela olmaydigan nomzodlar suhbat boshlangunga qadar Komissiyaning ishchi organini yozma xabardor qilishlari lozim. Komissiyaning ishchi organini suhbatga kela olmasligi toʻgʻrisida yozma xabar bergan nomzodlar Komissiyaning navbatdagi yigʻilishida suhbatga qoʻyiladilar.
Suhbatga kelmagan va komissiya ishchi organini yozma xabardor qilmagan nomzodlar suhbatdan oʻtmagan deb topiladi va bu haqda ishchi organ tomonidan nomzodni tavsiya etgan davlat organi va tashkilotiga maʼlum qilinadi.
19. Suhbat natijalariga koʻra nomzodning suhbatdan oʻtganligi yoki oʻtmaganligi holati boʻyicha ishchi organ uch ish kuni ichida nomzodni tavsiya etgan davlat organi va tashkilotini xabardor qiladi.
21. Suhbatdan oʻta olmagan nomzodlar bir oydan soʻng, umumiy asoslarda tegishli lavozimga qayta tavsiya etilishi mumkin.
22. Yuridik xizmat xodimi lavozimiga suhbatdan uch marotaba oʻta olmagan nomzodlar uch oydan soʻng umumiy asoslarda tegishli lavozimga qayta tavsiya etilishi mumkin.
3-bob. Yuridik xizmat xodimlarini lavozimdan ozod etish masalalarini kelishish
23. Yuridik xizmat xodimlarini lavozimidan ozod etishni kelishish uchun davlat organi va tashkiloti tomonidan adliya organlariga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
davlat organi va tashkiloti rahbarining yuridik xizmat xodimini lavozimidan ozod etish haqidagi taqdimnomasi, ushbu taqdimnomada xodimni lavozimidan ozod etish sabablari, motivlari va boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi;
yuridik xizmat xodimining arizasi — mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilishda;
yuridik xizmat xodimini lavozimidan ozod etish sabablarini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar qaytarib berilmaydi.
24. Yuridik xizmat xodimlarini lavozimdan ozod etish masalalarini kelishish mazkur Nizomda belgilangan yuridik xizmat xodimlarini lavozimga tayinlash masalasini kelishish tartibida amalga oshiriladi. Bunda xodim bilan suhbat ishchi organ tomonidan zarur deb topilgan hollardagina oʻtkaziladi.
Xodim tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan boʻlsa, mazkur masalaning komissiya tomonidan koʻrib chiqilishi talab etilmaydi.
Yuridik xizmat xodimini lavozimidan ozod etishning kelishilganligi yoki kelishilmaganligi (sabablari koʻrsatilgan holda) haqida tegishli adliya organi tomonidan davlat organi va tashkiloti yozma ravishda xabardor qilinadi.
25. Zarur hollarda, adliya organlari tomonidan yuridik xizmat xodimini lavozimidan ozod etish masalasiga doir qoʻshimcha hujjatlar talab qilinishi hamda yuridik xizmat xodimi bilan suhbat oʻtkazilishi mumkin.
26. Quyidagilar yuridik xizmat xodimini lavozimidan ozod etishni kelishishni rad etish uchun asos boʻladi:
yuridik xizmat xodimini lavozimidan ozod etish uchun sabablar yetarli emas deb topilganda;
yuridik xizmat xodimining zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqmaydigan ishlarni bajarmaganligi yoki uni oʻziga yuklatilgan majburiyatlarini bajarganligi uchun taʼqib qilinganligi holati aniqlanganda.
27. Mazkur Nizomning 26-bandi uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, davlat organi va tashkilotida tegishli adliya organi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi mumkin.
28. Xizmat tekshiruvini oʻtkazish uchun asos boʻlgan holat oʻz isbotini topganda, tegishli adliya organi davlat organi va tashkilotining aybdor mansabdor shaxslarini belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini koʻradi.
281. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 7-bandiga muvofiq yuridik xizmat xodimi lavozimidan ozod etilganda hamda yuridik xizmat shtat birligi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tugatilganda yuridik xizmat xodimini lavozimidan ozod etishni adliya organlari bilan kelishish talab etilmaydi.
Yuridik xizmat xodimini yuridik xizmat bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa lavozimga oʻtkazish mazkur Nizomning 23 — 27 bandlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
29. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalarini kelishish bilan bogʻliq barcha hujjatlar tegishli adliya organida saqlanadi.
30. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
31. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Mehnat vaziri A. ABDUXAKIMOV
2017-yil 28-fevral
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi Q. RAFIKOV
2017-yil 28-fevral
Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
NAMUNA
MAʼLUMOTNOMA 3x4 sm oʻlchamli fotosurat uchun joy Azizov Aziz Azizovich 2021-yil 14-sentabrdan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bosh yuriskonsulti Tugʻilgan yili: 22.10.1982 Tugʻilgan joyi: Surxondaryo viloyati, Termiz shahri Millati: oʻzbek Partiyaviyligi: yoʻq Pasport seriyasi, raqami, uni bergan organ va berilgan vaqti: AA 0445566, 27.11.2012 Toshkent shahar, Shayhontoxur tumani IIB Maʼlumoti: oliy Tamomlagan: 2015-y. Oʻzbekiston Milliy universiteti (kunduzgi) 2017-y. Toshkent davlat yuridik universiteti (magistratura) Oliy maʼlumot toʻgʻrisida diplom haqidagi maʼlumotlar (diplom seriyasi, raqami, berilgan vaqti va oliy taʼlim muassasasining nomi: B № 050898, 11.06.2015, Oʻzbekiston Milliy universiteti Ilmiy darajasi: yoʻq Ilmiy unvoni: yoʻq Qaysi chet tillarini biladi: rus va ingliz tillari Harbiy (maxsus) unvoni: 2-darajali yurist Davlat mukofotlari bilan taqdirlanganmi (qanaqa): yoʻq Xalq deputatlari, respublika, viloyat, shahar va tuman Kengashi deputatimi yoki boshqa saylanadigan organlarning aʼzosimi (toʻliq koʻrsatilishi lozim): yoʻq MEHNAT FAOLIYATI 2011-2015-yy. - Oʻzbekiston Milliy universitetining talabasi 2015-2017-yy. 04.09.2015-y 22.05.2017-y - Toshkent davlat yuridik universitetining magistranti Toshkent davlat yuridik universitetining kotib ish yurituvchisi 22.05.2017-y 29.03.2018-y - Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ishlar boshqarmasi bosh mutaxassisi 29.03.2018-y 14.04.2018-y - Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Yuridik departamenti katta yuriskonsulti 14.04.2018-y 10.07.2020-y - Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bosh yuriskonsulti 10.07.2020-y 05.10.2021-y - Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi Yuridik byuro boshligʻi 05.10.2021 — h.v. - Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bosh yuriskonsulti
Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Adliya organlariga kelishish uchun tavsiya etilgan nomzodning yaqin qarindoshlari haqida
MAʼLUMOT
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 6-apreldagi 9-mh-son boʻyrugʻiga (roʻyxat raqami 2864-4, 07.04.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 10/22/2864-4/0287-son)
