Bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (106-son)
27.02.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Notarial idoralar faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining:
notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni avtomatlashtirishni;
koʻchmas mulk va avtomototransport vositalarini boshqaga oʻtkazish taqiqlanganligi yoki xatlanganligi boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirishni;
notarial harakatlarni amalga oshirishda idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan davlat xizmatlari koʻrsatishni nazarda tutuvchi “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimini amalga kiritish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish va ipoteka bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda notarial tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan almashinadigan maʼlumotlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini notarial tasdiqlash:
Toshkent shahrida — 2017-yil 1-iyuldan boshlab;
Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida (Toshkent shahri bundan mustasno) — 2018-yil 1-iyuldan boshlab amalga oshiriladi.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida (Toshkent shahri bundan mustasno) idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimi orqali qarzdorlikni aniqlash elektr va gaz taʼminoti boʻyicha 2019-yil 1-yanvardan, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarish xizmatlari boʻyicha 2021-yil 1-yanvardan boshlab amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻztransgaz” AK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oʻzaro hisob-kitoblar, elektr energiyasi, tabiiy gaz, sovuq va issiq suv isteʼmolchilari shaxsiy hisob raqamlarining hisobga olish maʼlumotlari, shu jumladan yakka tartibda hisobga olish asboblari holati toʻgʻrisida 3-ilovaga muvofiq batafsil maʼlumotlarni shakllantirish tizimi joriy etilishini va idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimiga aniq vaqt rejimida yuborilishini:
Toshkent shahri boʻyicha — 2017-yil 1-iyuldan boshlab;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublika viloyatlari boʻyicha — 2018-yil 1-iyuldan boshlab taʼminlasinlar.
Bunda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublika viloyatlarida — idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimi orqali qarzdorlik haqidagi maʼlumotlar elektr va gaz taʼminoti boʻyicha 2019-yil 1-yanvardan, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarish xizmatlari boʻyicha 2021-yil 1-yanvardan boshlab yuborilishi taʼminlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AK, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarish tashkilotlari 2017-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda idoralararo elektron hamkorlik vositasida almashinadigan maʼlumotlarni dolzarblashtirish, olish va berish yuzasidan axborot tizimlarini oʻzaro muvofiqlashtirsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
2017-yil 1-aprelgacha boʻlgan muddatda — notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan davlat boji va boshqa toʻlovlarni elektron tarzda amalga oshirish boʻyicha takliflar kiritsin;
2017-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda — ariza beruvchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shaxsiy kabinet orqali bitimlar loyihalarini tayyorlash, notarial harakatlar haqida tushuntirishlar olish va notarius qabuliga oldindan yozilish uchun murojaat qilish mexanizmini joriy qilsin;
2017-yil mobaynida ushbu qarorning qoʻllanilishi yuzasidan monitoring olib borsin va tahlil qilsin hamda, zaruriyat boʻlganda, koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlarini notarial tasdiqlash tartibini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar Toshkent shahri boʻyicha — 2017-yil 1-iyuldan boshlab, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublika viloyatlari boʻyicha — 2018-yil 1-iyuldan boshlab kuchga kiradi.
8. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov, Gʻ.I. Ibragimov, Z.T. Mirzayev va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri M.M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 27-fevral,
106-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi 106-son qaroriga 1-ILOVA
Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish va ipoteka bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda notarial tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi va “Elektron hukumat toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish va ipoteka bitimlarini (keyingi oʻrinlarda — bitim) idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda notarial tasdiqlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — bitimni notarial tasdiqlash maqsadida notarial idoraga murojaat etuvchi koʻchmas mulk mulkdori yoki qonunchilikda belgilangan tartibda uning nomidan harakat qilishga vakolatli boʻlgan vakili;
elektron ariza — ariza beruvchining bitimni notarial tasdiqlash haqida elektron hujjat shaklidagi murojaati;
kommunal xizmatlar — gaz taʼminoti, sovuq suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarish, issiqlik taʼminoti (markaziy isitish va issiq suv taʼminoti) boʻyicha xizmatlar;
“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (bundan buyon matnda “Notarius” AAT deb ataladi) — notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni avtomatlashtirish uchun moʻljallangan axborot tizimi;
elektron arizaning noyob raqami — elektron ariza toʻldirilgandan keyin “Notarius” AAT tomonidan shakllantiriladigan ramzlarning noyob toʻplami.
3. Bitimlarni idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda notarial tasdiqlash ushbu nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.
2-bob. Elektron arizani toʻldirish
4. Ariza beruvchi bitimni notarial tasdiqlash uchun notarial idoraga:
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shaxsiy kabinet orqali ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi elektron arizani bevosita toʻldirish yoʻli bilan;
elektron arizani toʻldirish uchun pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan notarial idoraga oʻzi kelib murojaat qilishi mumkin.
Oʻzi kelib murojaat qilinganda elektron ariza qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlov undirilgandan soʻng ariza beruvchining nomidan notarial idoraning xodimi tomonidan toʻldiriladi.
5. Elektron ariza toʻldirilgandan keyin soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik, koʻchmas mulkka nisbatan taqiq va xatlash mavjudligi Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yoki “Notarius” AATda idoralararo elektron hamkorlik orqali avtomatik tarzda tekshiriladi.
Bunda kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorliklar haqidagi maʼlumotlar kommunal tashkilotlar axborot tizimlari orqali va ijro hujjatlari boʻyicha qarzdorlik mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar Majburiy ijro byurosi axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshiriladi. Elektron tizimlarda texnik nosozliklar boʻlganda, ushbu tashkilotlar bilan axborot almashuvi kuryerlik xizmati orqali amalga oshiriladi.
6. Soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik yoki koʻchmas mulkka nisbatan taqiq va xatlash mavjudligi aniqlansa, ariza beruvchiga qarzdorlik bartaraf etilganidan yoki taqiq va xatlash olib tashlanganidan keyin bitimni notarial tasdiqlash uchun murojaat qilish huquqi borligi haqida xabar beriladi. Ariza beruvchining talabiga koʻra bildirishnoma yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Bunda ariza beruvchiga soliqlar, kommunal xizmatlar yoki elektr energiyasi boʻyicha aniqlangan qarzdorlikni notarial idorada, shu jumladan elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlash imkoniyati beriladi. Ariza beruvchi tomonidan amalga oshirilgan toʻlovlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tezkorlik bilan “Notarius” AATda aks ettiriladi.
7. Soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik yoki koʻchmas mulkka nisbatan taqiq va xatlash mavjud boʻlmasa, elektron arizaga noyob raqam beriladi.
Ariza beruvchiga bitimni notarial tasdiqlash mumkinligi, davlat boji miqdori, shuningdek bitimni notarial tasdiqlash uchun zarur boʻlgan hujjatlar haqida xabar beriladi.
Ushbu Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan hujjatlar mavjud boʻlsa, ariza beruvchi elektron arizaga noyob raqam berilgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida bitimni notarial tasdiqlashni amalga oshirishni talab qilish huquqiga ega.
8. Ariza beruvchi bitimni notarial tasdiqlash uchun notarial idoraga keladigan kun va qulay vaqtni belgilagan holda notarius qabuliga oldindan yozilishi mumkin.
Ariza beruvchining xohishiga koʻra elektron arizaning noyob raqamini, notarial idoraga kelinadigan kun va vaqtni, notarial idoraning notariusi familiyasi, ismi va otasining ismini koʻrsatgan holda notarius qabuliga oldindan yozilganligi haqida unga yozma shaklda bildirishnoma beriladi. Ariza beruvchi bildirishnomada koʻrsatilgan vaqtda notarial idoraga kelishi kerak.
9. Elektron arizaga noyob raqam berilgan kundan boshlab 10 kalendar kun ichida ariza beruvchi notarial idoraga kelishi mumkin.
Koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin notarial idoraga murojaat etilsa, elektron arizani toʻldirish ushbu Nizomning 4 — 7-bandlarida nazarda tutilgan tartibda qayta amalga oshiriladi.
10. Ariza beruvchining xohishiga koʻra notarial idoraning xodimlari tomonidan bitimning dastlabki loyihasi tuziladi. Bunda bitim loyihasi notarial tasdiqlash uchun notarial idoraga kelingan kuni taqdim etiladi. Bitim loyihasi tuzilganligi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlov undiriladi.
3-bob. Bitimni notarial tasdiqlash uchun taqdim etiladigan hujjatlar
11. Bitimni notarial tasdiqlash qonunchilikda belgilangan notarial harakatlarni amalga oshirish qoidalariga muvofiq tomonlarning ishtirokida amalga oshiriladi.
12. Bitimni notarial tasdiqlash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
elektron arizaning noyob raqami;
pasport yoki bitim tomonlarining shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
xususiylashtirilgan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishda — koʻchmas mulkni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslarning notarial tasdiqlangan roziligi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalaridan (Toshkent shahrida — “Toshkent shahrida uy-joyga davlat orderlari va maʼlumotlar berish markazi” davlat unitar korxonasidan) olingan xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
agar koʻchmas mulk birgalikdagi nikoh davomida orttirilgan boʻlsa — erning (xotinning) notarial tasdiqlangan roziligi;
agar koʻchmas mulk garovga qoʻyilgan boʻlsa — garovga oluvchining roziligi;
agar vasiylikdagi (homiylikdagi) shaxs nomidan vasiy (homiy) shartnoma tuzsa — vasiylik va homiylik organining roziligi;
yuridik shaxslar uchun — yuridik shaxs vakolatli organining qarori (umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuvchi kengashning qarori, buyruq va boshqalar);
davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Koʻchmas mulkning kadastr maʼlumotlari, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, shuningdek, yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan shaxslarning pasportiga oid maʼlumotlarni notariuslar idoralararo elektron hamkorlik orqali mustaqil oladilar.
Yuridik shaxslarning koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlarni notarial tasdiqlash taraflarning oʻz xohishiga koʻra amalga oshiriladi hamda majburiy tusga ega emas.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Bitim notarial tasdiqlangandan keyin koʻchmas mulkning kadastr raqami toʻgʻrisidagi maʼlumot va sotib oluvchi haqidagi quyidagi maʼlumotlar “Notarius” ATT orqali Davlat kadastrlari palatasining tegishli tuman (shahar)dagi filialiga yuboriladi:
jismoniy shaxsning shaxsiy indentifikatsiya raqami;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan manzili;
telefon raqami (mavjud boʻlsa);
elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa);
notarial harakat amalga oshirilgan kun va uning qayd etilgan raqami.
14. Ishonchsiz va buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar taqdim etilgani uchun ushbu maʼlumotlarni taqdim etgan shaxslar javob beradilar.
15. Ushbu Nizomni buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish va ipoteka bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda notarial tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish va ipoteka bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda notarial tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya qilish va ipoteka bitimlarini idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda notarial tasdiqlashni amalga oshirishga
ARIZA
T/rAriza beruvchi haqidagi maʼlumotlar1.Familiyasi, ismi, otasining ismi/yuridik shaxsning nomi2.Tugʻilgan sanasi (yil, kun, oy)3.Pasport seriyasi va raqami, qachon va kim tomonidan berilgan/yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning seriyasi va raqami4.Yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan manzili/yuridik shaxsning joylashgan joyi5.Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamiAloqa qilinadigan maʼlumotlar (mavjud boʻlsa)6.Pochta manzili7.Telefon raqami8.Elektron pochta manziliKoʻchmas mulk haqidagi maʼlumotlar9.Koʻchmas mulkning kadastr raqami (kadastr yigʻmajildiga muvofiq)10.Koʻchmas mulkning manziliSana: 20___ y. “___” __________Imzo: ____________________
Izoh:
Idoralararo axborot tizimlarida maʼlumotlar mavjud boʻlsa, elektron arizaning tegishli bandlari avtomatik tarzda toʻldiriladi.
Elektron ariza notarial idoraning xodimlari tomonidan toʻldirilsa, elektron ariza qogʻozga chiqariladi va ariza beruvchi tomonidan koʻrsatilgan maʼlumotlar tasdiqlangan holda imzolanadi. Qogʻozga chiqarilgan ariza bitim boʻyicha hujjatlar bilan birga qoʻshib tikiladi.
Soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik yoki koʻchmas mulkka nisbatan taqiq va xatlash mavjud emasligi elektron arizaga noyob raqam berish uchun asos boʻladi. Bunda ariza beruvchi elektron arizaga noyob raqam berilgan kundan boshlab 10 kalendar kun ichida notarial idoraga kelishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi 106-son qaroriga 2-ILOVA
Idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan almashiladigan maʼlumotlar
ROʻYXATI
T/rMaʼlumotning nomiMaʼlumotlarni qabulqiluvchi idoraMaʼlumotlarni taqdimetuvchi idoraMaʼlumotlarni taqdim qilish sharti1.Yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan shaxslarning soni, yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan/roʻyxatdan chiqarilgan kunGaz taʼminoti tashkilotlari, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tashkilotlariOʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiKoʻchmas mulkning kadastr raqami boʻyicha bir martalik soʻrovlar boʻyicha2.Yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan shaxslar (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, F.I.O, pasport seriyasi va raqami, bergan organ, berilgan sana) haqidagi maʼlumotlarNotarial idoralarKoʻchmas mulkning kadastr raqami boʻyicha bir martalik soʻrovlar boʻyicha3.Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, STIR, sotib oluvchining yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan manzili, mobil telefon raqami, elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa), notarial harakat amalga oshirilgan kun va qayd etilgan raqam, koʻchmas mulkning kadastr raqamiOʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligiNotarial idoralarNotarial tasdiqlangandan keyin4.Koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari, mol-mulk ijarasi shartnomalari tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori, shuningdek meros qilib olish yoki hadya tarzida fuqarolarning mulkiga oʻtayotgan mol-mulk qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarOʻzbekiston RespublikasiDavlat soliq qoʻmitasiNotarial harakatlar amalga oshirilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechikmay5.STIR, soliqlar boʻyicha qarzdorlik mavjudligi yoki yoʻqligi haqidagi maʼlumotNotarial idoralarOʻzbekiston RespublikasiDavlat soliq qoʻmitasiKoʻchmas mulkning kadastr raqami boʻyicha bir martalik soʻrovlar boʻyicha 6.Koʻchmas mulkning kadastr maʼlumotlari, koʻchmas mulkni boshqaga oʻtkazish taqiqlanganligi va xatlanganligi haqidagi maʼlumotlarNotarial idoralarOʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligiKoʻchmas mulkning kadastr raqami boʻyicha bir martalik soʻrovlar boʻyicha7.Mulkdorning familiyasi, ismi va otasining ismi, yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan manzili, notarial harakat amalga oshirilgan sana va qayd etilgan raqam, koʻchmas mulkning kadastr raqami va umumiy (turar joy) maydoni, mulkdorning mobil telefon raqami (mavjud boʻlsa), mulkdorning elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa)Davlat soliq qoʻmitasi,hududiy elektr tarmoqlari korxonalari, gaz taʼminoti tashkilotlari, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligiMulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin, bir vaqtda — amaldagi mulkdorning mulk huquqi paydo boʻlgandan keyin mulkdorga mulk huquqini beruvchi hujjatlarni toʻliq bir-biriga moslashtirish
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi 106-son qaroriga 3-ILOVA
Aniq vaqt rejimida idoralararo elektron oʻzaro hamkorlik tizimida beriladigan oʻzaro hisob-kitoblar, elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq va sovuq suv isteʼmolchilari shaxsiy hisob raqamlarining hisobga olish maʼlumotlari, shuningdek yakka tartibda hisobga olish asboblari holati toʻgʻrisida
BATAFSIL MAʼLUMOT
Koʻchmas mulkning kadastr raqami Isteʼmolchi tomonidan koʻrsatilgan yakka tartibda hisobga olish asbobining koʻrsatkichi Yakka tartibda hisobga olish asbobining avvalgi koʻrsatkichi bilan farqi Hisob-kitobning boshqa mezoni Oʻlchov birligi Amalga oshirilgan toʻlov (soʻm) Toʻlov amalga oshirilgan sana Yakka tartibda hisobga olish asbobi holati tekshirilgan sana Yakka tartibda hisobga olish asbobini navbatdagi tekshirish sanasi Inspektor tomonidan koʻrsatilgan yakka tartibda hisobga olish asbobining koʻrsatkichi Isteʼmolchining balansi (soʻm)
Izoh.
Ushbu jadvalda oxirgi uch yil mobaynidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari, gaz taʼminoti tashkilotlari, issiq suv taʼminoti, suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tashkilotlari oʻz xususiyatlaridan kelib chiqib ushbu jadvalda koʻrsatilmagan qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi 106-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 4-apreldagi 180-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 4-son, 20-modda) bilan tasdiqlangan Xususiylashtirilgan kvartiralar (kvartiralarning bir qismi), uylar (uylarning bir qismi)ni boshqalarga berish va meros qilib qoldirishda mulkchilik huquqining oʻtishi haqidagi shartnomalarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Xususiylashtirilgan uy-joyni boshqa shaxsga oʻtkazish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Alohida uy (uyning bir qismi) yoki kvartirani xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida yigʻim undiriladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 1-noyabrdagi 511-son qarorining 2-bandi toʻrtinchi xatboshi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 11-son, 103-modda) quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish shartnomalarini notarial tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazish faqat elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari uchun qarzlar toʻliq toʻlangan taqdirda amalga oshiriladi”.
5. Vazirlar Mahkamasining “Kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 7-son, 72-modda):
a) 1-ilovada:
58-bandga “maʼlumotlar taqdim etilishi” soʻzlaridan keyin “, shuningdek zarur hollarda yoki Isteʼmolchining talabiga koʻra uy ichidagi issiqlik taʼminoti tizimi yoki uy ichidagi asbob-uskunalarni tekshirishi” soʻzlari qoʻshilsin;
75-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“shaxsiy hisob raqami va yakka tartibda hisobga olish asboblarining holati haqida batafsil maʼlumotni shakllantirishga va idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimiga aniq vaqt rejimida yuborishga”;
107 va 108-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“107. Shaxsiy hisob raqami va yakka tartibda hisobga olish asboblarining holati toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar Yetkazib beruvchi tomonidan shakllantiriladi va aniq vaqt rejimida idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimiga yuboriladi.
108. Yangi mulkdor koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 30 kun muddatda shartnoma tuzishi shart.
Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tomonidan Yetkazib beruvchiga yangi mulkdorning familiyasi, ismi, otasining ismi, yangi doimiy propiska qilingan manzili, notarial harakat amalga oshirilgan sana va qayd etilgan raqam, koʻchmas mulkning kadastr raqami va umumiy (turar joy) maydoni, mobil telefon raqami va elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa) haqidagi maʼlumotni yuboradi. Bunda Yetkazib beruvchi maʼlumot tushgandan keyin bir oy muddatda mulkdor bilan issiqlik taʼminoti shartnomasi tuzilishini taʼminlashi shart”;
b) 2-ilovada:
115-bandda:
ikkinchi va uchinchi xatboshisidagi “7 kun muddatda” soʻzlari “30 kun muddatda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Koʻchmas mulkning oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bitimlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tomonidan ISKX tashkilotiga yangi mulkdorning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy propiska qilingan manzili, notarial harakat amalga oshirilgan sana va qayd etilgan raqam, koʻchmas mulkning kadastr raqami va umumiy (turar joy) maydoni, mobil telefon raqami va elektron pochta manzili (mavjud boʻlsa) haqidagi maʼlumotni yuboradi. Bunda ISKX tashkiloti maʼlumot olingandan keyin bir oy muddatda mulkdor bilan issiqlik suv taʼminoti va (yoki) oqova suvni chiqarish xizmatlaridan foydalanishga shartnoma tuzilishini taʼminlashi shart”;
119-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“shaxsiy hisob raqami va yakka tartibda hisobga olish asboblarining holati haqida batafsil maʼlumotni shakllantirish va idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimiga aniq vaqt rejimida yuborish”.
