Oʻquv dasturlari, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini qayta koʻrib chiqish va yangilarini yaratish boʻyicha respublika muvofiqlashtirish komissiyasini tuzish toʻgʻrisida (208-son)
29.05.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yosh avlodni milliy mafkura va istiqlol gʻoyalari ruhida tarbiyalash, uzluksiz taʼlim tizimiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni izchil joriy etish uchun ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishdagi mavjud oʻquv dasturlari, darsliklar va oʻquv adabiyotlarini zamonaviy talablar asosida qayta koʻrib chiqish va yangilarini yaratishni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi quyidagilarning amalga oshirilishini taʼminlasin:
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari asosida maktabgacha, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlim muassasalari uchun ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishdagi mavjud oʻquv dasturlari, darsliklar va oʻquv adabiyotlarini milliy mafkura tamoyillari va zamon talablariga muvofiq qayta koʻrib chiqish;
jamiyatning turli toifalariga moʻljallangan ilmiy-ommabop risolalar, toʻplamlar yaratish boʻyicha tavsiyalar berish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Fan va texnika davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Respublika komissiyasi tavsiyasiga koʻra yaratilayotgan darslik va oʻquv adabiyotlari uchun grantlar ajratsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta, maxsus taʼlim vazirligi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Davlat matbuot qoʻmitasi, tasarrufida taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar yaratilgan oʻquv dasturlari, darsliklar va oʻquv adabiyotlarining oʻz vaqtida nashr etilishi va oʻquv jarayoniga toʻla joriy etilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tasdiqlangan va amalda qoʻllanilayotgan davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlariga Respublika komissiyasi ishlab chiqqan talablar asosida tegishli oʻzgartirishlar hamda qoʻshimchalar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda takliflar bersin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tajriba-sinovdan oʻtayotgan va loyiha sifatida ishlab chiqilgan davlat taʼlim standartlari, oʻquv rejalari va dasturlariga Respublika komissiyasi ishlab chiqqan talablar asosida tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat test markazi tasarrufida taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda “Kafedra toʻgʻrisida nizom”ni qayta koʻrib chiqsinlar hamda “Ijtimoiy-gumanitar fanlari kafedrasi toʻgʻrisida nizom”ni ishlab chiqsinlar va ularni belgilangan tartibda tasdiqlab, amalga oshirsinlar;
ikki oy muddatda oliy taʼlim muassasalari ijtimoiy-gumanitar kafedralar mudirlarini va bosqichma-bosqich professor-oʻqituvchilar tarkibini Maʼnaviyat va mustaqillik mafkurasi asosida attestatsiyadan oʻtkazsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Respublika komissiyasi buyurtmasiga muvofiq davlat budjetida darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini yaratish va nashr etish uchun rejalashtirilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtirishni taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 29-may,
208-son
