43-modda. Qurol va harbiy texnikani qoʻllash
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida (820-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Chegara qoʻshinlari, Havo hujumiga qarshi mudofaa qoʻshinlari Davlat chegarasini himoya qilish va qoʻriqlash paytida quyidagi maqsadlarda qurol va harbiy texnikani qoʻllaydilar:
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qurolli bostirib kirishni daf etish;
Davlat chegarasidagi harbiy fitnalarning oldini olish;
transport vositalarini yoʻlovchilarsiz chet elga olib qochishga urinish hollarining oldini olish.
Qurol va harbiy texnika Davlat chegarasini buzuvchilar kuch ishlatgan hollarda ularga qarshi javob sifatida yoki qoidabuzarlikning oldini olish yoxud qoidabuzarlarni boshqa vositalar bilan ushlashning iloji boʻlmagan hollarda ham qoʻllaniladi.
Zarur hollarda Davlat chegarasini himoya qilish va qoʻriqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari boshqa qoʻshinlarining qurol va harbiy texnikasi qoʻllanilishi mumkin.
Qurol va harbiy texnikani qoʻllash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
