19-modda. Chegara oldi zonasi va chegara oldi mintaqasi
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida (820-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Chegara oldi zonasi va chegara oldi mintaqasi Davlat chegarasi rejimini taʼminlash uchun belgilanadi.
Chegara oldi zonasi — Davlat chegarasiga tutash hududning bir qismi boʻlib, uning doirasida chegara oldi rejimi joriy etiladi.
Chegara oldi zonasi Davlat chegarasiga tutash tuman, shahar, shaharcha, qishloq, ovul hududi doirasida belgilanadi. Chegara oldi zonasi tarkibiga bunday mintaqa belgilangan joydagi Oʻzbekiston Respublikasining ichki suvlari, chegara boʻyi daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalari suv qismi hamda shu suvlarda joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi orollari ham kiritiladi.
Chegara oldi mintaqasi — chegara oldi zonasining Davlat chegarasi chizigʻiga bevosita tutash qismidir.
Chegara oldi mintaqasi bevosita Davlat chegarasi boʻylab, uning quruqlik uchastkalarida yoki chegara boʻyi daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalari qirgʻogʻi boʻylab oʻtkaziladi.
Chegara oldi mintaqasida chegara qoʻshinlari tomonidan kirish va chiqish (oʻtish), boʻlish (yashash), shaxslar va transport vositalari harakatlanishiga oid qoʻshimcha rejim qoidalari belgilanadi.
Chegara oldi zonasi va chegara oldi mintaqasini belgilash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
