15-modda. Davlat chegarasini buzuvchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida (820-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Quyidagilar Davlat chegarasini buzuvchilar deb hisoblanadi:
Davlat chegarasini Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlaridan boshqa joydan yoki oʻtkazish punktlari orqali boʻlsa-da, lekin chegarani kesib oʻtish qoidalarini buzgan holda har qanday usul bilan kesib oʻtgan yoki kesib oʻtishga harakat qilayotgan shaxslar;
chet elga ketayotgan transport vositalariga Oʻzbekiston Respublikasidan noqonuniy ravishda chiqib ketish maqsadida chiqib olgan yoki chiqib olishga urinayotgan shaxslar;
Oʻzbekiston Respublikasi ichki suvlariga, shuningdek chegara boʻyi daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalari suv qismiga ularga kirish yuzasidan belgilangan qoidalarni buzgan holda kirgan chet el noharbiy kemalari va harbiy kemalari;
Davlat chegarasini tegishli davlat organlarining ruxsatisiz kesib oʻtgan yoki Davlat chegarasi orqali uchib oʻtish qoidalarini boshqa tarzda buzgan havo kemalari va boshqa xil uchish apparatlari.
Davlat chegarasini tegishli ruxsati boʻlmay turib yoki belgilangan tartibni buzgan holda har qanday texnikaviy yoki boshqa xil vositalar bilan kesib oʻtish ham Davlat chegarasini buzish hisoblanadi.
