13-modda. Davlat chegarasidagi vaqtinchalik rejim cheklovlari
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida (820-I-son) · Sana: 20.08.1999 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligini taʼminlash maqsadida Davlat chegarasini kesib oʻtish, shu jumladan uning ayrim uchastkalarini kesib oʻtish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda vaqtincha cheklab yoki toʻxtatib qoʻyilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi yoki chet el davlat hududida oʻta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi boʻlgan taqdirda Davlat chegarasining ayrim uchastkalarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Davlat chegarasini kesib oʻtuvchi shaxslar, tovarlar, boshqa mol-mulk, hayvonlar, urugʻliklar, koʻchatlar hamda kelib chiqishi hayvonotga va oʻsimlikka mansub boʻlgan boshqa mahsulotlar uchun karantin oʻrnatilishi mumkin.
