2017-yil uchun aholi bandligi dasturi toʻgʻrisida (619-III-son)
28.10.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi shuni taʼkidlaydiki, Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I. Karimov tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy siyosatning eng muhim va ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish, iqtisodiyotni yanada isloh etish va diversifikatsiyalash, chuqur tuzilmaviy oʻzgartirishlar iqtisodiyotning yuqori va barqaror surʼatlarda oʻsishiga hamda aholining bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining joriy yil 8-sentabr kuni boʻlib oʻtgan qoʻshma majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. Mirziyoyev ham mamlakatimiz aholisini ish bilan taʼminlash eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifa ekanligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan 2017-yil uchun aholi bandligi dasturi ilgarigi yillardagi tajribani hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid boshqa dasturlar bilan uzviy bogʻliqdir. Ushbu Dastur yangi obyektlarni ishga tushirish, amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, qayta jihozlash hamda ulardan yanada toʻliqroq foydalanish, asosan sanoatdagi, xizmat koʻrsatish va servis sohasidagi faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalarni tiklash, infratuzilma, kommunikatsiya, uy-joy qurilishlarining miqyoslarini kengaytirish, kichik biznesni, shu jumladan yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni, shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarni jadal rivojlantirish hisobiga aholini ish bilan taʼminlashga qaratilgandir.
Shuni taʼkidlash kerakki, Dasturni ishlab chiqishda yangicha yondashuvlar qoʻllanildi va unga qator konseptual oʻzgartishlar kiritildi. Mehnat bozoridagi talab va taklifga chuqur baho berildi, barcha tumanlar va shaharlarning 2017-yilda aholi bandligiga boʻlgan ehtiyoji va uning tuzilmasi aniqlandi, 2017-yilda barcha yoʻnalishlar va hududlar boʻyicha aholi bandligini taʼminlashga moʻljallangan xarajatlar belgilandi, tasdiqlangan dasturlar doirasida, shu jumladan kichik sanoat zonalarini tashkil etish natijasida ish oʻrinlari yaratish hisobiga bandlikni taʼminlashning yoʻnalishlari kengaytirildi hamda alohida ajratib koʻrsatildi.
Aholini ish bilan taʼminlash parametrlarining sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida Dasturda uning tumanlar va shaharlar, tarmoqlar va aniq korxonalar boʻyicha amalga oshirilishining tizimli va muntazam monitoringini davlat organlarining elektron axborot tizimlaridan faol foydalangan holda yuritish vazifalari nazarda tutildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan 2017-yil uchun aholi bandligi dasturini siyosiy partiyalar fraksiyalarining, Ekologik harakat deputatlar guruhining takliflari va fikr-mulohazalarini hisobga olgan holda koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. 2017-yil uchun aholi bandligi dasturi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017-yilda 789,5 ming nafar kishining ishga joylashtirilishini soʻzsiz taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi:
2017-yil uchun tasdiqlanadigan parametrlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash yuzasidan oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrgan holda tumanlar va shaharlar, tarmoqlar va aniq korxonalar boʻyicha aholi bandligi dasturining amalga oshirilishini tizimli ravishda monitoring qilish va tahlil etishni taʼminlasin;
yoʻnalishlar va hududlar boʻyicha yangidan tashkil etiladigan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi koʻrsatkichlarning haqqoniyligi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda nazorat oʻrnatsin;
tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda chuqur oʻrganish asosida mehnat bozoridagi talab va taklifni baholashni amalga oshirsin, uning natijalariga koʻra aholini ish bilan taʼminlash yuzasidan zarur qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsin;
aholiga mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, mustaqil ravishda ishga joylashish uchun ish joyi tanlash boʻyicha bepul maslahatlar berilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga 2017-yilga aholi bandligi dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida har chorakda umumlashtirilgan axborot va materiallarni taqdim etsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2017-yil uchun aholi bandligi dasturi asosiy yoʻnalishlari va parametrlarining tegishli hududda bajarilishini taʼminlasin;
yangi ish oʻrinlarini yaratish va ilgari tashkil etilgan ish oʻrinlarining barqaror faoliyat koʻrsatishi uchun hududlarning hamda iqtisodiyot tarmoqlarining imkoniyatlari va zaxiralarini ishga solish, ish bilan taʼminlashning turli shakllarini, ayniqsa, kichik biznes, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
manfaatdor davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, qayta jihozlash va ulardan yanada toʻliqroq foydalanish, faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalarni tiklash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
viloyatlar markazlarida, barcha shaharlar va tumanlarda potensial ish beruvchilar, boʻsh ish oʻrinlariga ega boʻlgan korxonalar va tashkilotlar ishtirokida ish oʻrinlarining ixtisoslashtirilgan yarmarkalarini tashkil etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlarining ijrosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratsin, bunda Qonunchilik palatasi deputatlari saylov okruglaridagi uchrashuvlar chogʻida 2017-yil uchun aholi bandligi dasturi bajarilishiga, xususan taʼlim muassasalarining, avvalo, kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga yanada jiddiyroq eʼtibor qaratsin.
5. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 28-oktabr,
619-III-son
