Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotish tartibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (44-son)
01.02.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
Eksportga mahsulot yetkazib berish hajmlari va turlarini kengaytirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli, eksportga moʻljallangan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni ragʻbatlantirish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-iyundagi 245-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 6-son, 33-modda) bilan tasdiqlangan Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotish tartibiga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-fevral,
44-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-fevraldagi 44-son qaroriga ILOVA
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotish tartibiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 10-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Tovarlar va xizmatlarni eksportga sotishdan olingan xorijiy valyutadagi tushumning 25 foizi vakolatli banklarga majburiy sotilishi kerak, eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutadagi tushumning 50 foizi majburiy sotilishi kerak boʻlgan 4-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha tovarlar va xizmatlarning alohida turlari bundan mustasno.”.
2. 15-bandning birinchi xatboshidagi “4-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha taqdim etadilar (xorijiy valyutaning har bir turi boʻyicha alohida varaqlarda, 100 va 50 foiz majburiy sotish boʻyicha alohida)” soʻzlari “5-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha taqdim etadilar (xorijiy valyutaning har bir turi boʻyicha alohida varaqlarda, majburiy sotishning har bir stavkasi boʻyicha alohida)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 16-bandda:
birinchi xatboshidagi “xorijiy valyuta majburiy sotilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni 5-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha” soʻzlari “xorijiy valyutadagi tushumning majburiy sotilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni 6-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “5-ilovaga” soʻzlari “6-ilovaga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani sotish majburiy boʻlgan tovarlar ROʻYXATI
T/r Tovarning nomi TIF TN kodi 1. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va yovvoyi oʻsimliklar 0701 — 0709, 0714, 0801 — 0802, 0803 10 100 0, 0803 90 100 0, 0804 10 000 1, 0804 20 100 0, 0804 30 000 1, 0804 40 000 0 — 0804 50 000 1, 0805, 0806 10, 0807 — 0810, 12 2. Tabiiy gaz* 2711 21 3. Mis va misdan tayyorlangan buyumlar 74, 8544
* Shu jumladan tranzit.”.
5. Quyidagi mazmundagi 4-ilova qoʻshilsin:
“4-ILOVA
Eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutadagi tushumning 50 foizi majburiy sotiladigan tovarlar va xizmatlarning alohida turlari ROʻYXATI
T/r Tovarlar va xizmatlar nomi TIF TN kodi 1. Bugʻdoy 1001 2. Barcha turlardagi oltingugurt 2503 00, 2802 00 000 0 3. Tabiiy gaz va neft-gaz tarmogʻining boshqa mahsulotlari* 2701-2715 4. Vodorod, inert gazlar va boshqa metall boʻlmagan gazlar 2804 5. Rux va undan tayyorlangan buyumlar 2817 00 000,79 6. Gidrazin va gidroksilamin hamda ularning noorganik tuzlari, boshqa noorganik asoslar, oksidlar, gidroksidlar va boshqa metallar peroksidlari 2825 7. Uran 2844 8. Polietilen 3901 9. Polipropilen 3902 10. Qora metalllar 72 11. Mis va undan tayyorlangan buyumlar 74, 8544 12. Boshqa qimmatli boʻlmagan metallar, metallokeramika, ulardan tayyorlangan buyumlar 81 13. Aviatransport xizmatlari 14. Temir yoʻl transporti xizmatlari 15. Telekommunikatsiya xizmatlari (pochta aloqasi xizmatlari bundan mustasno) 16. Bank xizmatlari
* Shu jumladan tranzit.”.
6. 4 va 5-ilovalar tegishli ravishda 5 va 6-ilovalar deb hisoblansin.
7. 5-ilovaning 4-pozitsiyasidan “(100%, 50%)” soʻzlari chiqarib tashlansin.
8. 6-ilovaning nomidan “50 foiz” soʻzlari chiqarib tashlansin.
