Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashda hamkorlik toʻgʻrisida
24.01.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Afgʻoniston Islom Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasi Tomonlar davlatlari xavfsizligi, jamiyat manfaatlari va aholi salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirishini anglab,
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik orqali saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishning dolzarbligini tan olib,
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi samarali kurashish maqsadida bir-birlariga zaruriy koʻmak koʻrsatishga tayyorliklarini bildirib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1961-yildagi Narkotik moddalar toʻgʻrisida Yagona Konvensiyasi, 1972-yildagi Bayonnoma bilan unga kiritilgan oʻzgartishlar, 1971-yildagi Psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1988-yildagi Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya, shuningdek BMTning boshqa tegishli rezolyutsiyalari va hujjatlari qoidalarini inobatga olib,
oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Umumiy qoidalar
1. Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning (bundan buyon “giyohvandlik vositalari”) noqonuniy muomalasiga qarshi samarali kurashni tashkil etishda hamkorlik qiladilar.
2. Mazkur Bitim ekstraditsiya qilish va jinoiy ishlarda huquqiy yordam koʻrsatish masalalariga daxl qilmaydi.
2-modda Hamkorlik yoʻnalishlari
1. Tomonlarning mazkur Bitim doirasidagi hamkorligi quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiriladi:
a) bir Tomonning soʻrovnomasiga binoan boshqa Tomon tarafidan tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish;
b) giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasi sohasidagi uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatining oldini olishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan zarur hollarda “nazorat qilinadigan yetkazib berish” usulini qoʻllash;
c) kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish;
d) moddiy-texnik va konsultativ yordam koʻrsatish, shuningdek ekspertiza oʻtkazishda koʻmaklashish;
e) giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasiga qarshi kurash masalalari boʻyicha oʻzaro qiziqish uygʻotadigan ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
f) hamkorlik jarayonida vujudga keladigan masalalar, shu jumladan ishchi guruhlar tashkil etish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish;
g) Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq hamkorlikning oʻzaro manfaatli boshqa yoʻnalishlari.
2. Mazkur modda birinchi bandi “s”, “d” va “e” kichik bandlarida koʻzda tutilgan hamkorlikni amalga oshirishning aniq shartlari hamda uni moliyalashtirish Tomonlar oʻrtasidagi alohida kelishuvlar bilan belgilanadi.
3-modda Hamkorlik shakllari
1. Tomonlarning mazkur Bitim doirasidagi hamkorligi quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
a) giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasiga aloqador jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash va ochishga koʻmaklashuvchi maʼlumot, shu jumladan shaxslar, tashkilotlar, predmetlar va hujjatlar, yoʻnalishlar, giyohvandlik vositalari kontrabandasini amalga oshirish usullari va vositalari, giyohvandlik vositalarining yangi koʻrinishlari va ularni ishlab chiqarish texnologiyasi haqida maʼlumot almashish;
b) tajriba almashish, shu jumladan uchrashuv, konferensiya va seminarlar oʻtkazish orqali;
c) normativ-huquqiy hujjatlar, ularni qoʻllash amaliyoti haqidagi materiallar, statistik maʼlumotlar va giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasiga qarshi kurash boʻyicha uslubiy tavsiyalar almashish;
d) kinologik xizmatlar ishini tashkil etish boʻyicha tajriba almashish.
2. Mazkur Bitim Tomonlar hamkorlikning boshqa oʻzaro maqbul shakllarini joriy qilishlari va rivojlantirishlariga toʻsqinlik qilmaydi.
4-modda Maʼlumot almashish
1. Mazkur Bitim doirasida quyidagilar haqida maʼlumot almashish amalga oshiriladi:
a) Tomonlardan birining davlati hududida sodir etishga tayyorgarlik koʻrilayotgan yoki sodir etilgan giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga aloqador har qanday jinoyatlar;
b) bir Tomon davlatiga boshqa Tomon davlatidan giyohvandlik vositalarini noqonuniy tarzda, shu jumladan boshqa davlatlar hududi orqali tranzit olib oʻtilgan holatlar;
c) bir Tomon davlati hududidan boshqa Tomon davlati hududiga giyohvandlik vositalari noqonuniy tarzda oʻtkazishga boʻlgan intilishlarga oid faktlar va holatlar;
d) giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasiga aloqador boʻlgan va faoliyati shu jumladan transmilliy xususiyat kasb etuvchi jinoiy guruhlarning tuzilmasi, shaxsiy tarkibi, faoliyat yoʻnalishlari, boshqaruvning tashkil etilishi va aloqalari;
e) giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasiga aloqador jinoiy faoliyatni amalga oshirishning shakl va usullari;
f) daromadlarni legallashtirish va giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasi sohasidagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlardan terrorizmni moliyalashtirish jinoyatlari, basharti bir Tomon davlati hududi yoki muassasalari boshqa Tomon fuqarolari tarafidan bunday maqsadlarda foydalanilayotgan boʻlsa;
g) giyohvandlik vositalarini yashirishning yangi turlari, shuningdek ularni aniqlash usullari, noqonuniy tashish yoʻnalishlari va kanallari, noqonuniy muomalaga kirib kelayotgan bunday vositalar va ashyolarning yangi koʻrinishlari, ularning xususiyatlari va tayyorlash texnologiyasi;
h) giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasida foydalanilayotgan transport vositalari, yuklar va pochta joʻnatmalari;
i) oʻzaro manfaatli boshqa masalalar.
5-modda Nazorat qilinadigan yetkazib berishlar
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasida ishtirok etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida Tomonlar davlatlari hududiga Tomonlar davlatlari vakolatli organlari oldindan xabardor boʻlgan va nazorat qilayotgan noqonuniy tashilayotgan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki oʻrnini bosuvchilarining kirishi, tranziti yoki olib chiqilishiga yoʻl qoʻyiladigan “nazorat qilinadigan yetkazib berish” usulini qoʻllash uchun Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligi va xalqaro majburiyatlariga muvofiq zaruriy shart-sharoitlarni taʼminlaydilar.
Tomonlar tarafidan “nazorat qilinadigan yetkazib berish” usulidan foydalanish toʻgʻrisida qaror har bir alohida holatda ular oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq va oʻzarolik prinsipi asosida qabul qilinadi.
Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga amal qilgan holda, noqonuniy giyohvandlik vositalari kontrabanda kanallarini, shu jumladan uchinchi tomonlarning ishtirokini aniqlash maqsadida keyingi tashishda foydalanilishi mumkin.
6-modda Hamkorlikni amalga oshirish
1. Mazkur Bitim doirasida koʻmak berish bunday koʻmak oʻzaro manfaatli deb hisoblangan Tomon tashabbusi bilan va soʻrovnomalari asosida amalga oshiriladi.
Koʻmak berish haqidagi soʻrovnoma yozma shaklda yoki matnni oʻzgartirish texnik vositalaridan foydalangan holda taqdim etiladi.
Maʼlumot uzatishning texnik vositalaridan foydalanilganda, shuningdek olingan soʻrovnomaning haqiqiyligi yoki mazmuni shubha tugʻdirganda, soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomondan yozma shaklda tasdiqlashni soʻrashi mumkin. Soʻrovnomada quyidagilar aks ettirilishi lozim:
a) soʻrayotgan Tomon nomi;
b) soʻralayotgan Tomon nomi;
c) soʻralayotgan ish mohiyati, ish boʻyicha oʻtayotgan yoki unga aloqador shaxs yoki shaxslar, maʼlumot talab qilinayotgan faktlar, predmet va hujjatlar toʻgʻrisida imkon qadar batafsil maʼlumot;
d) bajarilishi lozim boʻlgan tadbirlar yoki muayyan tartibning qoʻllanish sabablari hamda batafsil tavsifi;
e) zarur hollarda, soʻrovnoma bajarilishi kutilayotgan muddat;
f) soʻrovnoma bajarilishi uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumot;
g) chiqish raqami, sanasi va mazkur Bitimga havola.
Zarur xollarda, soʻrovnoma bajarilishini yengillashtirish maqsadida unga hujjatlar, hujjatlardan nusxalar yoki koʻchirmalar, fotosurat, audio, video va boshqa materiallar ilova qilinishi mumkin.
2. Soʻralayotgan Tomon soʻrovnomani tez va imkon qadar toʻliq bajarilishini taʼminlash uchun barcha zaruriy choralar koʻradi. Zarur hollarda, Tomonlar soʻrovnoma bajarilishini yengillashtirish maqsadida qoʻshimcha maʼlumot soʻrashlari mumkin.
3. Soʻralayotgan Tomon soʻrovnomani oʻz davlati hududida ijro etishda soʻrayotgan Tomonning vakolatli vakillari ishtirok etishlariga ruxsat berishi mumkin, basharti bu uning davlati milliy qonunchiligiga zid boʻlmasa.
7-modda Soʻrovnomani bajarishni rad etish
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrovnomani bajarish inson huquqlarining buzilishi, uning davlati suvereniteti, xavfsizligi va boshqa muhim manfaatlariga zarar yetkazishi yoxud davlatining milliy qonunchiligiga zid deb topsa, soʻrovnomani bajarishni toʻlaligicha yoki qisman rad etishi mumkin.
2. Soʻrovnomani bajarish rad etilgan taqdirda, soʻralayotgan Tomon darhol soʻrayotgan Tomonni yozma ravishda xabardor qiladi.
8-modda Maxfiylik
1. Tomonlar mazkur Bitim doirasida bir-birlaridan oladigan maʼlumotlarning, basharti bunday maʼlumot maxfiy boʻlsa yoki taqdim etuvchi Tomon uning oshkor etilishini istamasa, maxfiyligini taʼminlaydilar. Mazkur tartib texnik vositalar, qurilmalar va materiallarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
2. Mazkur Bitim doirasida olingan maʼlumot, texnik vositalar, qurilmalar va materiallarni uchinchi tomonga taqdim etish zarur boʻlgan hollarda, ularni taqdim etgan Tomonning yozma roziligi talab etiladi.
3. Soʻrovnomaning maxfiyligini saqlagan holda uni bajarishning imkoni boʻlmagan hollarda, soʻralayotgan Tomon bu haqda soʻrayotgan Tomonni xabardor qiladi va soʻrayotgan Tomon bunday shartlarda soʻrovnomani bajarish haqida qaror qabul qiladi.
4. Barcha hollarda Tomonlar maʼlumotdan begona shaxslarning foydalanishi, uni noqonuniy oʻzgartirilishi, yoʻq qilinishi yoki oshkor qilinishidan samarali himoyani taʼminlaydilar.
9-modda Xarajatlar
1. Har bir Tomon, basharti boshqacha kelishuvga erishilmagan boʻlsa, mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan xarajatlarni mustaqil qoplaydi.
2. Zaruriyat tugʻilganda, Tomonlar mazkur Bitimdan kelib chiqadigan harakatlarni amalga oshirish boʻyicha xarajatlarni birgalikda qoplashlari mumkin, bunda har bir alohida holat oʻzaro maqbul kelishuv bilan yakunlanadi. Birgalikdagi xarajatlar boʻyicha Tomonlarning majburiyatlari mazkur kelishuvlar bilan tartibga solinadi.
10-modda Hamkorlik tili
Tomonlar mazkur Bitim doirasida hamkorlikni amalga oshirishda ingliz tili yoki oʻzaro kelishuvga muvofiq boshqa tildan foydalanadilar.
11-modda Hamkorlikni amalga oshirishni nazorat qilish
Tomonlar oʻzaro kelishuvga muvofiq mazkur Bitim doirasidagi hamkorlikning samaradorligini baholash va oʻzaro koʻrib chiqish hamda zaruriyat tugʻilganda hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari va tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil qiladilar. Uchrashuvlar navbat bilan har bir Tomon davlati hududida oʻtkaziladi.
12-modda Nizolarni hal qilish
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq yuzaga keladigan barcha nizolar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qilinadi.
13-modda Oʻzgartish va qoʻshimchalar
Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanuvchi va mazkur Bitim uchun belgilangan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar orqali oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
14-modda Bitimning kuchga kirishi, amal qilishi va tugatilishi
Mazkur Bitim imzolangan sanadan kuchga kiradi va Tomonlardan biri ushbu Bitimning amal qilishini tugatish istagi toʻgʻrisida uch (3) oy avvaldan yozma xabardor qilguniga qadar amal qiladi.
Qobul shahrida 2017-yil 24-yanvarda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, dori va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovut yuzaga kelgan taqdirda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
