Muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik qarzlar paydo boʻlganligi uchun vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va korxonalar rahbarlarining javobgarligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (347-son)
19.07.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Toʻlov intizomini mustahkamlash, muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlar paydo boʻlishi va koʻpayishiga yoʻl qoʻymaslik, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va korxonalar rahbarlarining amaldagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
6. Belgilansinki:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar toʻlov muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni har chorakda oʻzaro solishtirib chiqishga majburdirlar. Qarzlarni oʻz vaqtida va toʻliq solishtirib chiqish yuzasidan shaxsan javobgarlik xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari zimmasiga yuklansin;
tovar olingandan soʻng 90 kun mobaynida yetkazib berilgan mahsulotning toʻliq qiymati xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan toʻlanmagan hollarda tartibni buzuvchi korxonalarga mahsulot yetkazib berish ilgari berilgan mahsulotning barcha qiymati olinishiga qadar toʻxtatib qoʻyiladi. Bunday korxonalarga keyinchalik mahsulot berish toʻlovning akkreditiv shakli vositasi bilan amalga oshiriladi. Tartibni buzuvchi korxonalarga paydo boʻlgan qarzni uzishgacha boʻlgan davrda tovar yetkazib berish toʻxtatilishi uchun masʼuliyat mahsulot yetkazib beruvchi korxonalar rahbarlari zimmasiga yuklanadi;
muddati oʻtkazib yuborilgan debitorlik qarzlarni undirish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrmaganlik, shu jumladan iqtisodiy sudda daʼvo qoʻzgʻatmaganlik mahsulot yetkazib beruvchi korxonalarning rahbarlarini va mansabdor shaxslarini qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
7. Vazirliklar, idoralar, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar qishloq xoʻjaligiga mahsulot berishni (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatishni) qishloq xoʻjaligi korxonalaridan faqat oldindan toʻlanadigan, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob Jamgʻarmasi tomonidan belgilangan tartibda ajratiladigan avans mablagʻlari turidagi haq olingandan soʻng amalga oshirsinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 19-iyul,
347-son
