7-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsni qabul qilish tartibi
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-420-son) · Sana: 09.01.2017 · Amalda
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga hududiy ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan keltiriladi.
Maxsus qabulxonaga qabul qilish chogʻida maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga nisbatan shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, barmoq izlarini roʻyxatga olish, ushbu shaxsni fotosuratga olish, undagi mavjud ashyolarni koʻzdan kechirish, shuningdek tibbiy koʻrik amalga oshiriladi.
Maxsus qabulxona maʼmuriyati maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs maxsus qabulxonaga joylashtirilgan paytdan boshlab unga u maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi toʻgʻrisida advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish yoki xabar qilish huquqini berishi shart. Agar maxsus qabulxonaga joylashtirilgan shaxs chet el fuqarosi boʻlsa, uning maxsus qabulxonaga joylashtirilganligi toʻgʻrisidagi yozma bildirish yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuborilishi kerak.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonaga qabul qilish kechayu kunduz amalga oshiriladi.
