31-modda. Maxsus vositalarni qoʻllash
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-420-son) · Sana: 09.01.2017 · Amalda
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning gʻayrihuquqiy xatti-harakatlariga, shuningdek oʻziga oʻzi zarar yetkazishiga barham berish maqsadida maxsus vositalar qoʻllanilishi mumkin.
Maxsus vositalarga tinchlantirish koʻylaklari, rezina tayoqlar, qoʻlkishanlar yoki boshqa bogʻlash vositalari, koʻzdan yosh oqizuvchi moddalar, chalgʻitma taʼsir koʻrsatuvchi nur-tovush moslamalari, xonalarni ochish moslamalari hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa vositalar kiradi.
Maxsus vositalar quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona xodimlariga, maʼmuriy qamoqqa olingan boshqa shaxslarga va oʻzga shaxslarga hujumini daf etishda;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar tomonidan sodir etilgan ommaviy tartibsizliklarga, jamoat tartibini guruh boʻlib buzishlarga barham berishda;
maxsus qabulxona xodimlariga ashaddiy tarzda boʻysunmayotgan yoki qarshilik koʻrsatayotgan huquqbuzarlarni ushlashda;
maxsus qabulxonadan qochgan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni ushlashda;
maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonadan qochishining oldini olish uchun qoʻriqlab turishda.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga nisbatan, agar ular jazavaga tushsa, tinchlantirish koʻylagini qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
Maxsus vositalar turlari va ularni ishlatish muttasilligi yuzaga kelgan vaziyat, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning shaxsi inobatga olingan holda belgilanadi. Maxsus vositalarni qoʻllash maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga va boshqa shaxslarga mumkin qadar kam zarar yetkazishi kerak.
Tinchlantirish koʻylagi maxsus qabulxonaning tibbiyot xodimi ishtirokida qoʻllaniladi hamda uni qoʻllashning davomiyligi ikki soatdan oshmasligi kerak.
Maʼmuriy qamoqqa olingan ayollarga va nogironlik belgilari yaqqol koʻrinib turgan shaxslarga nisbatan maxsus vositalarni qoʻllash taqiqlanadi, bundan ular tomonidan faol yoki qurolli qarshilik koʻrsatilgan yoxud maʼmuriy qamoqqa olingan boshqa shaxslarning, oʻzga shaxslarning yoki maxsus qabulxona xodimlarining hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, guruh boʻlib hujum qilingan hollar mustasno.
