19-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishi
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-420-son) · Sana: 09.01.2017 · Amalda
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida hollarda (yaqin qarindoshning vafoti yoki yaqin qarindoshning hayotiga tahdid soluvchi ogʻir kasallik, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga yoki uning oilasiga ancha miqdorda moddiy zarar yetkazgan hodisa) ikkala tomonga borib-kelish vaqti (ikki sutkagacha) hisobga olinmagan holda bir sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishga ruxsat berilishi mumkin. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi doirasida chetga chiqish uchun ruxsat etiladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berish toʻgʻrisidagi arizasi ariza kelib tushgan paytdan eʼtiboran keyingi kundan kechiktirmay maxsus qabulxona maʼmuriyati tomonidan koʻrib chiqiladi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning chetga chiqishi toʻgʻrisidagi qaror uning shaxsi, xulq-atvori, tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi inobatga olingan holda qabul qilinadi.
Maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish vaqti maʼmuriy qamoqni oʻtash muddatiga qoʻshib hisoblanadi.
Maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish xarajatlari maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning mablagʻlari hisobidan yoki boshqa shaxslar tomonidan toʻlanadi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxonaga belgilangan muddatda qaytib kelishini qiyinlashtiruvchi kutilmagan holatlarda qaytib kelish muddati maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs turgan joydagi ichki ishlar organi boshligʻining qaroriga koʻra ikki sutkagacha uzaytirilishi mumkin va bu haqda maxsus qabulxona maʼmuriyati xabardor qilinishi shart.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxs belgilangan muddatda maxsus qabulxonaga qaytib kelishdan boʻyin tovlagan taqdirda u ichki ishlar organi tomonidan ushlanadi va maxsus qabulxonaga joʻnatiladi. Bunday holda maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish vaqti maʼmuriy qamoqni oʻtash muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
