16-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlari
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-420-son) · Sana: 09.01.2017 · Amalda
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar beriladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga yuridik yordam olishi uchun advokat bilan uchrashuvlar qonunchilikda belgilangan tartibda, soni va davomiyligi cheklanmagan holda beriladi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga maʼmuriy qamoqni oʻtash davrida bir marta qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan davomiyligi bir soatgacha boʻlgan uchrashuv beriladi. Ayrim hollarda, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga maxsus qabulxona maʼmuriyatining ruxsati bilan davomiyligi bir soatgacha boʻlgan qoʻshimcha uchrashuv berilishi mumkin.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar bilan uchrashuvlar quyidagilarga beriladi:
advokatga — u orderni va advokatlik guvohnomasini koʻrsatganda;
qarindoshga yoki boshqa shaxsga — oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatganda.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning arizasiga koʻra, uchinchi shaxslar eshitishi mumkin boʻlgan doiradan tashqarida va eshitishning texnik vositalarini qoʻllamasdan advokat bilan xoli uchrashishga maxsus qabulxona xodimlari tomonidan chetdan koʻz bilan koʻrib turib nazoratni amalga oshirish imkoniyati boʻlishi sharti bilan ruxsat beriladi.
Qarindoshlar yoki boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar maxsus qabulxona xodimlarining nazorati ostida amalga oshiriladi hamda ichki tartib qoidalariga koʻra saqlash hamda foydalanish taqiqlangan hujjatlarni, pul mablagʻlarini, qimmatbaho buyumlarni, narsalarni va boshqa ashyolarni maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga topshirishga urinish boʻlgan taqdirda muddatidan ilgari toʻxtatib qoʻyiladi.
Advokatlarga, qarindoshlarga yoki boshqa shaxslarga uchrashuvlar berilganda ularning yonida aloqa vositalari, shaxsiy kompyuter, fotoapparatlar, videokameralar va ovoz yozish qurilmalari boʻlishi taqiqlanadi.
