13-modda. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari
Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida (O‘RQ-420-son) · Sana: 09.01.2017 · Amalda
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi va sharoitlari, oʻz huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida axborot olish;
arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish;
maxsus qabulxona boshligʻiga yoki u vakolat bergan shaxslarga shaxsan qabul qilish toʻgʻrisida murojaat qilish;
oʻzlarining shaxsiy xavfsizligi va sogʻligʻi saqlanishi taʼminlanadigan sharoitlarda saqlanish, tegishli tibbiy yordam olish;
pochta joʻnatmalarini va yoʻqlovlarni olish hamda joʻnatish;
advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻyicha telefon orqali har kuni limitlangan bir martalik soʻzlashish;
tungi vaqtda uzluksiz sakkiz soat uxlash;
maxsus qabulxona hududida maxsus ajratilgan joylarda kunduzgi vaqtda davomiyligi ikki soatdan kam boʻlmagan har kungi sayr qilish;
diniy rasm-rusumlarni ado etish, agar bu ichki tartib qoidalarini, shuningdek boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmasa;
mehnatga jalb qilingan taqdirda tegishli haq olish va mehnatining muhofaza qilinishi;
belgilangan normalar boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanish, moddiy-maishiy sharoitlardan, oʻquv-badiiy, axborot materiallaridan va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa narsalar va ashyolardan foydalanish;
belgilangan tartibda dori vositalarini olish va saqlash.
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy qamoqqa olingan fuqarolari, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovda va Oʻzbekiston Respublikasining referendumida qonunchilikka muvofiq ishtirok etish huquqiga ega.
Maʼmuriy qamoqqa olingan chet el fuqarolari, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari, oʻz davlatlarining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan, Oʻzbekiston Respublikasida diplomatik va konsullik muassasalariga ega boʻlmagan mamlakatlarning fuqarolari esa, ularning manfaatlarini himoya qilishni oʻz zimmasiga olgan davlatning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan aloqa bogʻlash huquqiga ega.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
