22-modda. Maʼmuriy tartib-taomillar sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar
Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-419-son) · Sana: 03.01.2017 · Amalda
Maʼmuriy tartib-taomillar sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
qonuniylik va adolatlilik prinsiplarini taʼminlash, maʼmuriy-boshqaruv jarayonining begʻarazligi kafolatlarini yaratish, ushbu jarayonning shaffofligini, tashqi va ichki nazorat uchun ochiqligini oshirish;
oʻz ixtiyoricha harakat qilish vakolatlarini cheklagan holda maʼmuriy tartib-taomillarni batafsil tartibga solish, byurokratik rasmiyatchilikka yoʻl qoʻymaslik;
soddalashtirilgan maʼmuriy tartib-taomillarni joriy etish;
davlat organlarining qarorlari ustidan shikoyat qilishning va yetkazilgan zarar oʻrnini qoplashning samarali mexanizmlarini belgilash.
Qonunchilikda maʼmuriy tartib-taomillar sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir boshqa chora-tadbirlar ham nazarda tutilishi mumkin.
