13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-419-son) · Sana: 03.01.2017 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti oʻz vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar, iqtisodiy va korrupsiya bilan bogʻliq boshqa jinoyatlar boʻyicha tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiradi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning ehtimol tutilgan yoʻllari va mexanizmlarini aniqlash uchun pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarning monitoringini tashkil etadi hamda oʻtkazadi;
jinoiy taʼqib etishni tashkil qilish va huquqiy taʼsir koʻrsatishning boshqa choralarini koʻrish uchun tegishli davlat organlarini korrupsiyaga oid aniqlangan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qiladi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oʻz vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qoʻyilishini taʼminlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
