10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-419-son) · Sana: 03.01.2017 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati oʻz vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiradi;
korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari toʻgʻrisidagi axborotni yigʻadi hamda tahlil qiladi, milliy xavfsizlik uchun tahdidlarni baholashni amalga oshiradi, tegishli davlat organlariga zarur axborotni taqdim etadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini koʻradi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oʻz vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qoʻyilishini taʼminlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
