1878-modda. Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma
Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-418-son) · Sana: 29.12.2016 · Amalda
Taftish oʻtkazuvchi shaxslar oʻtkazilgan taftish natijalariga koʻra dalolatnoma tuzadi.
Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
1) taftish oʻtkazilgan joy, dalolatnoma tuzilgan sana;
2) taftish oʻtkazish uchun asoslar;
3) taftish oʻtkazilgan muddat;
4) taftish oʻtkazgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi;
5) yuridik shaxsning toʻliq nomi, tekshirilayotgan davrda uning rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshirgan mansabdor shaxslarining familiyasi, ismi, otasining ismi (yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi);
6) tekshirilayotgan subyektning joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari, shuningdek uning soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
7) tekshirilayotgan subyekt moliya-xoʻjalik faoliyatining ilgarigi tekshiruvlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
8) tekshirilayotgan davr hamda taftish oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar, axborot va materiallar toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar;
9) qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarining (ular mavjud boʻlgan taqdirda) batafsil tavsifi qonun hujjatlarining buzilgan normalariga havola qilingan holda;
10) oʻtkazilgan taftish natijalariga doir, shu jumladan qonun hujjatlarining buzilishlari mavjud emasligi toʻgʻrisidagi xulosalar.
Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma kamida uch nusxada tuziladi.
Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning barcha nusxalari taftish oʻtkazuvchi shaxslar tomonidan imzolanadi. Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning bir nusxasi tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga topshiriladi, u dalolatnomaning barcha nusxalariga olganligi toʻgʻrisida olish sanasini koʻrsatgan holda imzo qoʻyishi shart. Taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning qolgan nusxalari taftish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
