Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining respublika hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlar olib kelinishini tartibga solishga doir ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (335-son)
27.09.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish, jismoniy shaxslar tomonidan respublika hududiga isteʼmol tovarlari olib kelinishi tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2002-yil 1-oktabrdan boshlab jismoniy shaxslardan undiriladigan yagona bojxona toʻlovi TIF TN kodidan va tovarning kelib chiqish mamlakatidan qatʼi nazar, tovarlarning barcha toifalari boʻyicha bojsiz olib kelish normalari qoʻllanilmasdan tovar bojxona qiymatining:
oziq-ovqat tovarlari boʻyicha 40 foizi (undan tashqari);
nooziq-ovqat tovarlari boʻyicha 70 foizi miqdorida toʻlanishi belgilansin.
3. Belgilansinki, 2002-yil 1-oktabrdan boshlab tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelishda jismoniy shaxslardan undiriladigan yagona bojxona toʻlovi xorijiy valyutaga yigʻim toʻlanadigan kunda vujudga kelgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda belgilangan tartibga va tasdiqlangan stavkalarga muvofiq erkin kurs boʻyicha milliy valyuta – “soʻm”da toʻlanadi.
4. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlar olib kelinishini tartibga solish toʻgʻrisida” 2002-yil 6-maydagi 154-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 5-son, 24-modda) 2-bandi;
Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlar olib kelinishini tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2002-yil 12-iyuldagi 248-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 7-son, 40-modda)1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 27-sentabr,
335-son
