17-modda. Internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar
Keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar toʻgʻrisida (O‘RQ-415-son) · Sana: 26.12.2016 · Amalda
Internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar quyidagi turlarni oʻz ichiga oladi:
muntazam ravishda parvarishlashni taʼminlash, maishiy xizmat koʻrsatish, mebeli, ashyo-anjomlari, koʻrpa-yostigʻi boʻlgan qulay xona berish, kiyim-bosh va poyabzal, boshqa eng zarur buyumlar bilan taʼminlash, yoshi va sogʻligʻining holatini inobatga olgan holda ovqatlanishni tashkil etish;
birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, dispanser koʻrigidan oʻtkazish, zarur boʻlgan hollarda statsionarda davolanish uchun yuborish, tibbiy koʻrsatmalarga koʻra dori vositalari, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash;
maxsus psixologik-pedagogik yordam koʻrsatish, hayotiy koʻnikmalarni rivojlantirish;
qiziqishlarni shakllantirish va rivojlantirish uchun boʻsh vaqtni, klub va toʻgaraklar ishini tashkil etish;
shaxslarning internat muassasalaridan chiqishi va ularning mustaqil hayot kechirishi yoki oilada yashashi uchun sharoitlar yaratish.
Internat muassasalaridagi ijtimoiy xizmatlar qonunchilikka muvofiq boshqa turlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
