Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (2090-12-son)
26.12.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 26-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2090-12]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2010-yil 30-martdagi 64-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2090, 2010-yil 30-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 13-son, 99-modda) bilan tasdiqlangan Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Notariat, advokatura va FHDY organlari boshqarmasi hamda Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Hududiy adliya organlari rahbarlari:
2017-yilning 1-mart kuniga qadar mulkni tasarruf etish huquqi bilan berilgan amaldagi ishonchnomalar hamda vasiyatnomalar haqidagi maʼlumotlarni “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga (bundan buyon matnda Tizim deb yuritiladi) kiritilishini;
qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash va xatlash hamda ularni bekor qilish huquqiga ega organlar va mansabdor shaxslarning mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash va xatlash yoki uni bekor qilish haqidagi xabarlarini Tizimga oʻz vaqtida kiritmagan notarius lavozimdan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy javobgarlikka tortilishi hamda u tomonidan yetkazilgan zarar belgilangan tartibda undirilishi haqida qatʼiy ogohlantirilishini;
notariuslar tomonidan amalga oshirilgan notarial harakatlar Tizimga oʻz vaqtida kiritilishi holati doimiy ravishda monitoring qilib borilishini taʼminlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari N. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 26-dekabr,
304-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2016-yil 26-dekabrdagi 304-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. II bob quyidagi mazmundagi 352 — 357-bandlar bilan toʻldirilsin:
“352. Notariuslar notarial harakatlarni rasmiylashtirish jarayonida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan (keyingi oʻrinlarda Tizim deb yuritiladi) foydalanadilar.
Tizim notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq jarayonlarni avtomatlashtirish, koʻchmas mulk va avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanganligi yoki xatlanganligi boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan davlat xizmatlari koʻrsatishga moʻljallangan.
353. Tizim imkoniyatidan kelib chiqib, unga amalga oshirilgan notarial harakatlar, bitimlar bekor boʻlganligi yoki ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritiladi.
354. Taqiq va xatlov bazasini yurituvchi davlat notarial idorasiga qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash yoki xatlash hamda ularni olib tashlash huquqiga ega organlar va mansabdor shaxslar tomonidan mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash yoki xatlash yoxud uni bekor qilish haqida xabarlar belgilangan tartibda yuborilsa, ushbu xabarlarning davlat notarial idorasiga kelib tushgan aniq vaqti (soat, daqiqa) haqida Hujjatlarning kirim daftarida qayd etiladi.
Qonunning 31-moddasiga asosan manfaatdor shaxs tasdiqlashni soʻrayotgan huquq yoki fakt ustida daʼvolashish uchun sudga murojaat qilish istagidagi boshqa manfaatdor shaxsning arizasiga koʻra notarial harakatni amalga oshirish oʻn kun muddatga kechiktirilganda, ushbu muddat ichida mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash haqida notarius tomonidan Tizimga maʼlumot kiritiladi. Agar bu muddat ichida ariza tushganligi haqida suddan maʼlumot olinmasa, notarius tomonidan taqiq olib tashlanganligi haqida Tizimga maʼlumot kiritiladi va notarial harakat amalga oshiriladi.
Boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlangan yoki xatlangan mol-mulk haqidagi maʼlumotlar zudlik bilan Tizimga kiritilishi lozim.
355. Mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi haqidagi maʼlumot Tizim orqali tekshiriladi. Bunda, mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi haqidagi maʼlumotnoma chop etiladi va tegishli hujjatlar yigʻmajildi bilan birga tikiladi.
Jismoniy va yuridik shaxsning talabiga koʻra unga tegishli mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi haqida maʼlumotnoma beriladi.
356. Notarial tasdiqlangan ishonchnomaning bekor boʻlgan yoki boʻlmaganligi haqidagi maʼlumot Tizim orqali tekshiriladi.
357. Notariuslar tomonidan garov (ipoteka) shartnomalari rasmiylashtirilganda yoki taraflar oʻrtasida toʻlov majburiyatlarini kechiktirish sharti bilan mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish boʻyicha bitimlarni tasdiqlashda, ushbu shartnomalarni (bitimlarni) tasdiqlagan notarius tomonidan mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash haqidagi maʼlumotlar Tizimga kiritiladi”.
2. 41-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitimni bekor qilish haqidagi bitim asosiy bitimga qoʻshib qoʻyiladigan alohida hujjat tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bitim predmeti koʻchmas mulk boʻlib davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan taqdirda, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi toʻgʻrisidagi belgilangan namunadagi maʼlumotnomasi (bundan keyingi oʻrinlarda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining maʼlumotnomasi deb yuritiladi) talab qilinadi hamda Tizim orqali koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi tekshiriladi. Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, tegishli maʼlumotnoma notarius tomonidan idoralararo soʻrov orqali “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasidan olinadi.”.
3. 56-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining maʼlumotnomasida uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi koʻrsatilganligidan qatʼi nazar, bu haqdagi maʼlumot Tizim orqali tekshirilishi lozim.”.
4. 105-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“105. Notariuslar tomonidan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlash avtomototransport vositasini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlamaganligi tekshirilgandan keyin amalga oshiriladi. Avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan bitimlarni tasdiqlash ularning xatlamaganligi tekshirilgandan keyin amalga oshiriladi.”.
5. 133-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ijaraga olingan mulkni sotib olish sharti bilan shartnoma tuzilsa va ushbu mulk davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan mulk boʻlsa, notarius Tizim orqali mazkur mulkning boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligini tekshirishi lozim.”.
6. 178-band quyidagi tahrirdagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Bu haqda shu kunning oʻzida Tizimga tegishli maʼlumot kiritiladi.”.
7. 179-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Notariuslar tomonidan vasiyatnoma tasdiqlangandan keyin vasiyat qiluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, vasiyatnomani tasdiqlash sanasi va reyestr raqami hamda unga oʻzgartirish kiritilganligi yoki bekor qilinganligi haqidagi maʼlumotlar alifbo kitobiga va Tizimga kiritilishi lozim.”;
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
8. 189-bandning ikkinchi jumlasi chiqarib tashlansin.
9. 204-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“204. Bekor qilingan ishonchnomalar haqidagi maʼlumot (bekor boʻlgan ishonchnoma kim tomonidan va kimga rasmiylashtirilganligi, sanasi va reyestr raqami, mulkni joylashgan joyi) notarius tomonidan Tizimga kiritilishi shart. Bunda ishonchli vakilga zudlik bilan xabar beriladi.”.
10. 248-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Vasiyatnoma boʻyicha merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma berish vaqtida vasiyatnomaning mavjudligi, oʻzgartirilmaganligi yoki bekor qilinmaganligi Tizim orqali tekshiriladi.”.
11. 254-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“254. Agar meros mulki tarkibiga uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi, korxona yoki boshqa koʻchmas mol-mulk kirsa, meros qoldiruvchiga ushbu mol-mulk mulk huquqi asosida tegishliligini tasdiqlovchi hujjat, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining maʼlumotnomasi taqdim qilinadi. Bunda ushbu mulk taqiqlanmaganligi yoki xatlanmaganligi Tizim orqali tekshiriladi. Tadbirkorlik subyektlari notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan murojaat etsa, tegishli maʼlumotnoma notarius tomonidan idoralararo soʻrov orqali “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasidan olinadi.”.
12. 280-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“280. Qonun hujjatlarida koʻrsatilgan hollarda, shuningdek banklar (boshqa kredit tashkilotlari), tegishli tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi va boshqa koʻchmas mulk sotib olish yoki qayta taʼmirlash va boshqa maqsadlarda berilgan qarzlarning qaytarilishini taʼminlash uchun koʻchmas mulk garovga qoʻyilgan boʻlsa, garov shartnomalarini tasdiqlash vaqtida mazkur koʻchmas mulk joylashgan hududdagi notarius koʻchmas mulkka nisbatan taqiq qoʻyadi va bu haqda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasiga xabarnoma yuboradi. Koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatga notarius tomonidan taqiq qoʻyilganligi haqida belgi qoʻyiladi va Tizimga maʼlumot kiritiladi.
Agar garov shartnomasining predmeti avtomototransport vositalari boʻlsa, ularga notarius tomonidan garov shartnomasi boʻyicha majburiyatlar bajarilgunga qadar taqiq qoʻyiladi va Tizimga maʼlumot kiritiladi hamda bu haqda transport vositasini qayd etish guvohnomasiga yozib qoʻyilib, u roʻyxatda turgan tegishli DYHXX organiga (kuryer yoki buyurtma xatlar orqali) maʼlumot yuboriladi.”.
13. 284 va 285-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“284. Sud, tergov, prokuratura organlari va sud ijrochilari tomonidan koʻchmas mulk va avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanganligi yoki xatlanganligi toʻgʻrisidagi xabarlar mazkur Yoʻriqnomaning ilovasida koʻrsatilgan taqiq va xatlov bazasini yurituvchi notarius tomonidan taqiqlar va xatlovlarni roʻyxatga olish kitobida qayd etiladi va Tizimga kiritiladi. Ushbu xabarlar alifbo kitobiga ham yozib qoʻyiladi.
285. Notariuslar banklar (boshqa kredit tashkilotlari), tegishli tashkilotlarning qarz majburiyatlari bajarilganligi haqidagi yoxud garov (ipoteka) toʻgʻrisidagi shartnomaning bekor qilinganligi haqidagi xabarni olganlaridan soʻng koʻchmas mulk va avtomototransport vositasining boshqa shaxsga oʻtkazilishiga qoʻyilgan taqiqni olib tashlaydilar.
Taqiq olib tashlanganligi haqida alifbo kitobiga yozib qoʻyiladi va Tizimga maʼlumot kiritiladi, tegishli idoralarga xabar qilinadi.
Taqiq va xatlov bazasini yurituvchi notarius tomonidan sud, tergov, prokuratura organlari va sud ijrochisining taqiq va xatlovni olib tashlanganligi toʻgʻrisidagi hujjatlarni ilova qilgan holda yuborgan xabarnomalarini olgan kuni bu haqda taqiqlar va xatlovlarni roʻyxatga olish kitobiga, alifbo kitobiga yozib qoʻyadi hamda Tizimga maʼlumot kiritadi.”.
14. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalarning ilovasiga muvofiq tahrirda ilova bilan toʻldirilsin.
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga ILOVA
“Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ILOVA
Koʻchmas mulk va avtomototransport vositalari boʻyicha taqiq va xatlov bazasini yurituvchi davlat notarial idoralari
ROʻYXATI
T/r Hududlar Tuman (shahar) nomi Davlat notarial idora nomi 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahri Nukus shahar 8-son DNI* Nukus tumani Nukus tuman DNI Qoraoʻzak tumani Qoraoʻzak tuman DNI Chimboy tumani Chimboy tuman DNI Taxtakoʻpir tumani Taxtakoʻpir tuman DNI Kegeyli tumani Kegeyli tuman DNI Shumanay tumani Shumanay tuman DNI Qonlikoʻl tumani Qonlikoʻl tuman DNI Qoʻngʻirot tumani Qoʻngʻirot tuman 1-son DNI Moʻynoq tumani Moʻynoq tuman DNI Xoʻjayli tumani Xoʻjayli tuman 1-son DNI Amudaryo tumani Amudaryo tuman 2-son DNI Ellikqalʼa tumani Ellikqalʼa tuman 1-son DNI Beruniy tumani Beruniy tuman 1-son DNI Toʻrtkoʻl tumani Toʻrtkoʻl tuman 1-son DNI 2. Andijon viloyati Andijon shahri Andijon shahar 2-son DNI* Andijon tumani Andijon tuman 1-son DNI Asaka tumani Asaka tuman 3-son DNI Boʻz tumani Boʻz tuman DNI Buloqboshi tumani Buloqboshi tuman DNI Baliqchi tumani Baliqchi tuman 1-son DNI Qoʻrgʻontepa tumani Qoʻrgʻontepa tuman 1-son DNI Ulugʻnor tumani Ulugʻnor tuman DNI Oltinkoʻl tumani Oltinkoʻl tuman DNI Marhamat tumani Marhamat tuman 1-son DNI Paxtaobod tumani Paxtaobod tuman 1-son DNI Shahrixon tumani Shahrixon tuman 4-son DNI Xoʻjaobod tumani Xoʻjaobod tuman 1-son DNI Jalaquduq tumani Jalaquduq tuman 1-son DNI Xonabod shahri Xonabod shahar DNI Izboskan tumani Izboskan tuman DNI 3. Buxoro viloyati Buxoro shahri Buxoro shahar 1-son DNI* Buxoro tumani Buxoro tuman DNI Vobkent tumani Vobkent tuman DNI Shofirkon tumani Shofirkon tuman 1-son DNI Gʻijduvon tumani Gʻijduvon tuman 1-son DNI Romitan tumani Romitan tuman 1-son DNI Peshku tumani Peshku tuman DNI Jondor tumani Jondor tuman 1-son DNI Qorakoʻl tumani Qorakoʻl tuman 1-son DNI Olot tumani Olot tuman DNI Kogon shahri Kogon shahar 1-son DNI Kogon tumani Kogon tuman DNI Qoravulbozor tumani Qoravulbozor tuman DNI 4. Jizzax viloyati Jizzax shahri Jizzax shahar 2-son DNI* Arnasoy tumani Arnasoy tuman DNI Baxmal tumani Baxmal tuman DNI Gʻallaorol tumani Gʻallaorol tuman 1-son DNI Doʻstlik tumani Doʻstlik tuman DNI Jizzax tumani Jizzax tuman 1-son DNI Mirzachoʻl tumani Mirzachoʻl tuman DNI Paxtakor tumani Paxtakor tuman DNI Zomin tumani Zomin tuman 1-son DNI Zarbdor tumani Zarbdor tuman DNI Forish tumani Forish tuman DNI Yangiobod tumani Yangiobod tuman DNI Zafarobod tumani Zafarobod tuman DNI 5. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri Qarshi shahar 1-son DNI* Qarshi tumani Qarshi tuman DNI Gʻuzor tumani Gʻuzor tuman 1-son DNI Koson tumani Koson tuman 1-son DNI Kitob tumani Kitob tuman DNI Qamashi tumani Qamashi tuman DNI Kasbi tumani Kasbi tuman DNI Dehqonobod tumani Dehqonobod tuman DNI Nishon tumani Nishon tuman 1-son DNI Muborak tumani Muborak tuman DNI Mirishkor tumani Mirishkor tuman DNI Shahrisabz tumani Shahrisabz tuman 2-son DNI Chiroqchi tumani Chiroqchi tuman 1-son DNI Yakkabogʻ tumani Yakkabogʻ tuman 1-son DNI 6. Navoiy viloyati Navoiy shahri Navoiy shahar 2-son DNI* Karmana tumani Karmana tuman 1-son DNI Xatirchi tumani Xatirchi tuman 1-son DNI Qiziltepa tumani Qiziltepa tuman 1-son DNI Konimeh tumani Konimeh tuman DNI Navbahor tumani Navbahor tuman DNI Nurota tumani Nurota tuman DNI Zarafshon shahri Zarafshon shahar 1-son DNI Uchquduq tumani Uchquduq tuman DNI Tomdi tumani Tomdi tuman DNI 7. Namangan viloyati Namangan shahri Namangan shahar 3-son DNI* Namangan tumani Namangan tuman 1son DNI Toʻraqoʻrgʻon tumani Toʻraqoʻrgʻon tuman 1-son DNI Chust tumani Chust tuman 1-son DNI Pop tumani Pop tuman 1-son DNI Mingbuloq tumani Mingbuloq tuman DNI Yangiqoʻrgʻon tumani Yangiqoʻrgʻon tuman DNI Chortoq tumani Chortoq tuman DNI Uychi tumani Uychi tuman 1-son DNI Kosonsoy tumani Kosonsoy tuman 1-son DNI Uchqoʻrgʻon tumani Uchqoʻrgʻon tuman 1-son DNI Norin tumani Norin tuman DNI 8. Samarqand viloyati Samarqand shahri Samarqand shahar 12-son DNI* Samarqand tumani Samarqand tuman 1-son DNI Toyloq tumani Toyloq tuman 1-son DNI Bulungʻur tumani Bulungʻur tuman 1-son DNI Payariq tumani Payariq tuman 1-son DNI Oqdaryo tumani Oqdaryo tuman 2-son DNI Kattaqoʻrgʻon shahri Kattaqoʻrgʻon shahar 1-son DNI Kattaqoʻrgʻon tuma�i Kattaqoʻrgʻon tuman 1-son DNI Pastdargʻom tumani Pastdargʻom tuman 1-son DNI Paxtachi tumani Paxtachi tuman DNI Urgut tumani Urgut tuman 2-son DNI Narpay tumani Narpay tuman DNI Nurobod tumani Nurobod tuman DNI Qoʻshrabod tumani Qoʻshrabod tuman DNI Jomboy tumani Jomboy tuman DNI Ishtixon tumani Ishtixon tuman 1-son DNI 9. Sirdaryo viloyati Guliston shahri Guliston shahar 1-son DNI* Shirin shahri Shirin shahar DNI Yangiyer shahri Yangiyer shahar 1-son DNI Boyovut tumani Boyovut tuman DNI Sayxunobod tumani Sayxunobod tuman DNI Guliston tumani Guliston tuman DNI Sardoba tumani Sardoba tuman DNI Mirzaobod tumani Mirzaobod tuman DNI Sirdaryo tumani Sirdaryo tuman 4-son DNI Xovos tumani Xovos tuman DNI Oqoltin tumani Oqoltin tuman DNI 10. Surxondaryo viloyati Termiz shahri Termiz shahar 1-son DNI* Termiz tumani Termiz tuman DNI Angor tumani Angor tuman 2-son DNI Sherobod tumani Sherobod tuman 1-son DNI Sariosiyo tumani Sariosiyo tuman DNI Denov tumani Denov tuman 1-son DNI Muzrobod tumani Muzrabod tuman DNI Qiziriq tumani Qiziriq tuman 1-son DNI Boysun tumani Boysun tuman DNI Jarqoʻrgʻon tumani Jarqoʻrgʻon tuman 1-son DNI Qumqoʻrgʻon tumani Qumqoʻrgʻon tuman DNI Shoʻrchi tumani Shoʻrchi tuman 1-son DNI Oltinsoy tumani Oltinsoy tuman DNI Uzun tumani Uzun tuman 1-son DNI 11. Fargʻona viloyati Fargʻona shahri Fargʻona shahar 1-son DNI* Qoʻqon shahri Qoʻqon shahar 1-son DNI Margʻilon shahri Margʻilon shahar 1-son DNI Quvasoy shahri Quvasoy shahar 1-son DNI Quva tumani Quva tuman 1-son DNI Yozyovon tumani Yozyovon tuman DNI Fargʻon tumani Fargʻon tuman 1-son DNI Oltiariq tumani Oltiariq tuman 1-son DNI Rishton tumani Rishton tuman 1-son DNI Bogʻdod tumani Bogʻdod tuman DNI Buvayda tumani Buvayda tuman DNI Dangʻara tumani Dangʻara tuman DNI Uchkoʻprik tumani Uchkoʻprik tuman 2-son DNI Oʻzbekiston tumani Oʻzbekiston tuman DNI Beshariq tumani Beshariq tuman 1-son DNI Soʻx tumani Soʻx tuman DNI Toshloq tumani Toshloq tuman DNI Qoʻshtepa tumani Qoʻshtepa tuman DNI Furqat tumani Furqat tuman DNI 12. Xorazm viloyati Urganch shahri Urganch shahar 4-son DNI* Xazorasp tumani Xazorasp tuman 1-son DNI Bogʻot tumani Bogʻot tuman 1-son DNI Gurlan tumani Gurlan tuman 1-son DNI Qoʻshkoʻpir tumani Qoʻshkoʻpir tuman 2-son DNI Urganch tumani Urganch tuman 1-son DNI Xonqa tumani Xonqa tuman 1-son DNI Xiva tumani Xiva tuman 2-son DNI Shovot tumani Shovot tuman 1-son DNI Yangiariq tumani Yangiariq tuman DNI Yangibozor tumani Yangibozor tuman DNI 13. Toshkent viloyati Angren shahri Angren shahar 1-son DNI Olmaliq shahri Olmaliq shahar 2-son DNI Ohangaron tumani Ohangaron tuman 2-son DNI Bekobod shahri Bekobod shahar 1-son DNI Chirchiq shahri Chirchiq shahar 3-son DNI Boʻstonliq tumani Boʻstonliq tuman 3-son DNI Boʻka tumani Boʻka tuman 2-son DNI Bekobod tumani Bekobod tuman DNI Oqqoʻrgʻon tumani Oqqoʻrgʻon tuman DNI Qibray tumani Qib�ay tuman 2-son DNI Quyichirchiq tumani Quyichirchiq tuman DNI Zangiota tumani Zangiota tuman 1-son DNI Piskent tumani Piskent tuman DNI Parkent tumani Parkent tuman DNI Oʻrtachirchiq tumani Oʻrtachirchiq tuman 2-son DNI* Yuqorichirchiq tumani Yuqorichirchiq tuman DNI Chinoz tumani Chinoz tuman 1-son DNI Yangiyoʻl tumani Yangiyoʻl tuman 6-son DNI 14. Toshkent shahar Bektemir tumani Bektemir tuman 2-son DNI Mirzo Ulugʻbek tumani Mirzo Ulugʻbek tuman 7-son DNI* Mirobod tumani Mirobod tuman 1-son DNI Olmazor tumani Olmazor tuman 8-son DNI Sergeli tumani Sergeli tuman 3-son DNI Uchtepa tumani Uchtepa tuman 2-son DNI Chilonzor tumani Chilonzor tuman 8-son DNI Shayxontohur tumani Shayxontohur tuman 8-son DNI Yunusobod tumani Yunusobod tuman 6-son DNI Yakkasaroy tumani Yakkasaroy tuman 6-son DNI** Yashnobod tumani Yashnobod tuman 8-son DNI
Izoh: *Hududiy adliya organlariga shaxsning barcha mol-mulklariga nisbatan taqiq qoʻyish haqida sud, tergov, prokuratura organlari va sud ijrochilarining xabarnomalari kelib tushsa, ushbu xabarnomalar roʻyxatda koʻrsatilgan davlat notarial idoralariga “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish uchun yuboriladi.
**Sud, tergov, prokuratura organlari va sud ijrochilari tomonidan shaxsning barcha mol-mulklariga nisbatan taqiq qoʻyish haqida xabarnomalari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kelib tushsa, ushbu xabarnomalar roʻyxatda koʻrsatilgan davlat notarial idorasiga “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish uchun yuboriladi. Boshqa hududiy adliya organlariga ushbu xabarnomalar maʼlumot uchun yuboriladi.”.
