Agar shartnomada aynan bitta majburiyatning buzilishi uchun neustoykani ham jarima, ham penya koʻrinishida toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, qonun hujjatlarida boshqacha hollar nazarda tutilmagan boʻlsa, daʼvogar faqat bir shakldagi neustoyka qoʻllashni talab qilishga haqli (20-1606/2095-son)
03.10.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
“GOLDEN MILLENNIUM TECHNOLOGY” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda – daʼvogar) xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “ENTER Engineering Pte.Ltd” kompaniyasining Qorakoʻl tumanidagi doimiy muassasasidan (bundan buyon matnda – javobgar) 258 326 345 soʻm asosiy qarz, 13 140 718 soʻm penya, 32 205 980 soʻm bank foizini undirishni soʻragan.
Sudning 2016-yil 28-martdagi ajrimi bilan ishga “ENTER Engineering Pte.Ltd” kompaniyasi javobgar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2016-yil 5-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 258 326 345 soʻm asosiy qarz, 7 884 430 soʻm penya, 32 205 980 soʻm bank foizi undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan. Javobgarning Qorakoʻl tumanidagi doimiy muassasasiga nisbatan ish yuritish tugatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2016-yil 9-iyundagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Javobgarning kassatsiya shikoyatida sudlar tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari talablari buzilganligi sababli sud qarorlarini oʻzgartirish, sud qarorlarining penya va bank foizi undirish qismini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan sud qarorlarini oʻzgartirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, daʼvogar (Ijaraga beruvchi) va javobgar (Ijaraga oluvchi) oʻrtasida 2015-yil 3-yanvarda EE-GMT/4-sonli mashina-mexanizmlarni ekipaji bilan ijaraga berish shartnomasi tuzilgan.
Shartnomaning 1.1-bandiga asosan daʼvogar javobgarga 2015-yil yanvardan 2015-yil 30-iyunga qadar jami 616 660 216 soʻmlik mashina-mexanizmlar ijarasi boʻyicha xizmat koʻrsatgan, javobgar tomonidan 358 333 871 soʻm toʻlov amalga oshirilgan.
Biroq, javobgar shartnomaning 3.5-bandiga asosan hisob varaq-faktura taqdim etilgan kundan boshlab 15 bank kuni ichida toʻlovlarni toʻliq amalga oshirmagan, natijada ishdagi hujjatlarga asosan 258 326 345 soʻm qarzdorlik yuzaga kelgan.
Daʼvogar javobgardan asosiy qarz, penya va bank foizi undirishni soʻrab xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi taraflar oʻrtasida tasdiqlangan hisobvaraq-fakturalarga asosan toʻlov amalga oshirilmagan 258 326 345 soʻm asosiy qarzdorlikni undirib toʻgʻri toʻxtamga kelgan.
Biroq, penya hamda bank foizi undirish toʻgʻrisida barvaqt xulosaga kelingan.
Shartnomaning 4.1-bandida taraflar tomonidan majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni asosida javobgarlik belgilangan. Shuningdek, shartnomaning 4.2-bandida “Ijaraga oluvchi” toʻlovlarni belgilangan muddatda amalga oshirmagan taqdirda “Ijaraga beruvchi”ga har bir kun uchun toʻlov kechiktirilgan summaning 0,01 foizi miqdorida, biroq kechiktirilgan summaning 20 foizidan oshmagan miqdorda penya toʻlashi belgilangan.
Shundan kelib chiqib, daʼvogar daʼvo arizasida javobgardan 13 140 718 soʻm penya undirishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 186-moddasiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni kassatsiya instansiyasida koʻrganida moddiy va protsessual huquq normalari birinchi instansiya va apellatsiya instansiyasi sudida toʻgʻri qoʻllanilganligini tekshiradi.
Birinchi instansiya sudi penya miqdorini kamaytirishda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarorining 2-bandini notoʻgʻri qoʻllagan.
Chunki, penya miqdori qonun talablariga muvofiq toʻgʻri hisoblanganligi, majburiyat buzilishi oqibatlariga mutanosib kelganligi, qarzdorning mulkiy ahvoli toʻgʻrisida biron-bir hujjatning mavjud emasligi, qolaversa, texnika va mashina-mexanizmlar ijarasi boʻyicha “Ijaraga beruvchi”ga nisbatan xizmat koʻrsatishning sifati boʻyicha eʼtirozi yoʻqligi dalolatnomalarda aks ettirilganligi sud eʼtiboridan chetda qolgan.
Shu bois, sudlov hayʼati hal qiluv qarorining penya undirish qismini oʻzgartirishni, daʼvoning penya undirish talabini toʻliq qanoatlantirishni, undirilgan 7 884 430 soʻm penya miqdorini 13 140 718 soʻmga oʻzgartirishni lozim topadi.
Shuningdek, birinchi instansiya sudi javobgardan daʼvogar foydasiga 32 205 980 soʻm bank foizi undirish toʻgʻrisida notoʻgʻri toʻxtamga kelgan.
Taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomaning 4.1 va 4.2-bandlarida majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda penya undirish belgilangan boʻlib, bank foizi undirish nazarda tutilmagan.
Shu bois sud shartnoma shartlaridan kelib chiqib daʼvoning penya undirish talabini qanoatlantirishga haqli boʻlib, bank foizi undirish talabini esa qanoatlantirishni rad etishi lozim boʻlgan.
Qonunda yoxud taraflar kelishuvida pul majburiyatlarini bajarishni kechiktirganlik uchun qarzdorning neustoyka (penya) toʻlash majburiyati koʻzda tutilishi mumkin. Bunday holatlarda sud shundan kelib chiqishi kerakki, agar qonunda yoki shartnomada toʻgʻridan toʻgʻri boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kreditor pul majburiyatini bajarmaganligi uchun zarar yetkazilganligi holatini va zararning miqdorini isbotlamasa ham, ushbu choralardan birini qoʻllash haqidagi talabni qoʻyishga haqli.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarorining 13-bandi ikkinchi xatboshida tushuntirish berilgan.
Shunga asosan sudlov hayʼati hal qiluv qarorining javobgardan daʼvogar foydasiga 32 205 980 soʻm bank foizi undirish qismini bekor qilishni, daʼvoning ushbu talabini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 188-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, protsessual huquq normalari buzilgan yoki notoʻgʻri qoʻllanilgan hollarda, agar bu qonun buzilishi notoʻgʻri hal qiluv qarorining, qarorning qabul qilinishiga olib kelgan yoxud olib kelishi mumkin boʻlsa, hal qiluv qarori, qaror bekor qilinadi yoki oʻzgartiriladi.
Bunday holatda sudlov hayʼati, hal qiluv qarorini oʻzgartirishni, javobgardan daʼvogar foydasiga undirilgan 7 884 430 soʻm penya miqdorini 13 140 718 soʻmga, 1 518 365 soʻm davlat boji miqdorini 1 357 335 soʻmga oʻzgartirishni, hal qiluv qarorining 32 205 980 soʻm bank foizi undirish qismini bekor qilishni, daʼvoning ushbu talabini qanoatlantirishni rad etishni, hal qiluv qarorining qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishni, kassatsiya shikoyatini esa qisman qanoatlantirishni, ishni apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq 262 814 soʻm davlat boji va 14000 soʻm pochta xarajatlarini javobgar zimmasida qoldirishni, daʼvogardan javobgarga 137 386 soʻm davlat boji toʻlovini undirishni, ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini daʼvogardan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi foydasiga undirishni lozim topadi.
2016-yil 3-oktabr.,
20-1606/2095-son
