Moddiy va protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi (16-1506/10737-son)
12.07.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, “TAYFUN MOBILE” MChJga nisbatan:
Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan 1 207 711 500 soʻm;
Soliq kodeksi 114-moddasining ikkinchi qismiga asosan 191 920 600 soʻm;
Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan (16-1501/10401-sonli ish).
“TAYFUN MOBILE” MChJ ham xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi berib, Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasining 2015-yil 6-iyundagi qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan (16-1506/11737-sonli ish).
Sudning 2015-yil 11-avgustdagi ajrimi bilan ishlar birlashtirilgan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 20-avgustdagi hal qiluv qarori bilan “TAYFUN MOBILE” MChJning arz qilgan talabi qanoatlantirilgan, Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasining arz qilgan talablarini qanoatlantirish rad etilgan. Shuningdek xususiy ajrim chiqarilib, Namangan viloyat davlat soliq boshqarmasiga yuborilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 29-dekabrdagi qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilib, Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasining arz qilgan talablari koʻrmasdan qoldirilgan.
Sudning 2016-yil 5-yanvardagi ajrimi bilan apellatsiya instansiyasi sudi qarori yozuvidagi xato tuzatilgan.
Kassatsiya protestida sud instansiyalari nizolashilayotgan DSIning 2015-yil 6-iyundagi qarori DSIning 2015-yil 6-iyundagi qarori bilan bekor qilinganligi va nizo bartaraf etilganligiga eʼtibor bermaganligi, bunday holatda nizoli qaror bekor boʻlganligini hisobga olib daʼvoni qanoatlantirish rad etilishi lozimligi bayon etilib, sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Namangan shahar boʻlimining 2015-yil 17-apreldagi qarori, ushbu Departament Namangan viloyat boshqarmasining 2015-yil 29-apreldagi 78-sonli va Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasining 2015-yil 24-apreldagi 266-sonli buyruqlariga asosan “TAYFUN MOBILE” MChJning moliya-xoʻjalik faoliyati yuzasidan hujjatli tekshirish oʻtkazilgan hamda uning natijasi boʻyicha 2015-yil 21-mayda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Tekshirishda “TAYFUN MOBILE” MChJda 2013 — 2015-yillarda jami 2 941 501,4 ming soʻmlik tovarlarni sotishdan tushgan tushum nazorat-kassa mashinasiga kirim qilinmasdan, bankka topshirilmaganligi va boshqa maqsadlarga ishlatib yuborilganligi aniqlangan.
Tekshirish materiallari Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi tomonidan 2015-yil 1-iyunda koʻrib chiqilganidan keyin dastlab 2015-yil 6-iyunda “TAYFUN MOBILE” MChJga nisbatan Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 588 300,3 ming soʻm, 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha moliyaviy jarima hisoblash haqida qaror qabul qilingan.
Soʻngra Namangan viloyat davlat soliq boshqarmasi Soliq nizolarini sudgacha koʻrib chiqish boʻyicha Ishchi guruhining 2015-yil 17-iyundagi xulosasiga asoslanib, Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasi boshligʻining 2015-yil 22-iyuldagi qarori bilan 2015-yil 6-iyundagi qaror oʻzgartirilib, “TAYFUN MOBILE” MChJga nisbatan Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan 1 207 711,5 ming soʻm, omborda yoki realizatsiya qilish joyida mavjud boʻlmagan 959 603,1 ming soʻmlik mahsulotlar summasiga nisbatan 20 foiz miqdorida 191 920,6 ming soʻm, 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha moliyaviy jarima hisoblangan.
Keyinchalik Namangan viloyat davlat soliq boshqarmasi Soliq nizolarini sudgacha koʻrib chiqish boʻyicha Ishchi guruhining 2015-yil 17-iyundagi xulosasiga asoslanib, Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasi boshligʻining 2015-yil 5-avgustdagi qarori bilan 2015-yil 6-iyundagi qaror oʻzgartirilib, “TAYFUN MOBILE” MChJga nisbatan Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 588 300,3 ming soʻm, 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha moliyaviy jarima hisoblangan.
Va, nihoyat, tekshirish materiallariga asoslanib Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasi boshligʻining 2015-yil 6-avgustdagi qarori bilan “TAYFUN MOBILE” MChJga nisbatan Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 588 300,3 ming soʻm, 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha moliyaviy jarima takroran hisoblangan.
Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasi “TAYFUN MOBILE” MChJga nisbatan Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan 1 207 711 500 soʻm, 114-moddasining ikkinchi qismiga asosan 191 920 600 soʻm, 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda moliyaviy jarima qoʻllash, “TAYFUN MOBILE” MChJ esa Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasining 2015-yil 6-iyundagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqida xoʻjalik sudiga ariza bergan.
Apellatsiya instansiyasi sudi Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasining arz qilgan talablarini koʻrmasdan qoldirgan.
Sud majlisida aniqlanishicha, 16-1604/178-sonli ish boʻyicha 2016-yil 13-apreldagi hal qiluv qarori bilan Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasining aynan shu tekshirish materiallari boʻyicha arz qilgan talablari qanoatlantirilib, “TAYFUN MOBILE” MChJga nisbatan Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan kirim qilinmagan 1 207 711 500 soʻmlik tovarlar qiymatining 20 foizi miqdorida 241 542 300 soʻm, 114-moddasining uchinchi qismiga asosan jamiyat omborida yoki realizatsiya qilish joyida mavjud boʻlmagan 959 603 100 soʻmlik mahsulot qiymatining 20 foizi miqdorida 191 920 600 soʻm, 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam ish haqining 30 baravari, yaʼni 3 907 200 soʻm miqdorida moliyaviy jarima tayinlanib, Soliq kodeksi 108-moddasining sakkizinchi qismiga muvofiq tayinlangan uncha ogʻir boʻlmagan moliyaviy sanksiyani ogʻirroq moliyaviy sanksiya bilan qamrab olish boʻyicha hisoblash orqali uzil-kesil 241 542 300 soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilgan.
Ammo birinchi instansiya sudining “TAYFUN MOBILE” MChJning arz qilgan talabini qanoatlantirish, apellatsiya instansiyasi sudining hal qiluv qarorining ushbu qismini oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisidagi xulosalari bilan kelishib boʻlmaydi. Chunki, sud majlisida aniqlanishicha, nizolashilayotgan Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasining 2015-yil 6-iyundagi qarori 2015-yil 21-iyuldagi qaror bilan bekor qilingan.
Vaholanki, ish boʻyicha sudning hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar nizolashilayotgan hujjat uni qabul qilgan organ tomonidan bekor qilingan boʻlsa, nizo bartaraf etilganligi munosabati bilan hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabni qanoatlantirish rad etiladi. Ushbu masala yuzasidan Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini haqiqiy emas deb topish, ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2016-yil 17-iyundagi 298-sonli qarori 18-bandining birinchi xatboshisida ham taʼkidlangan.
Shunday ekan kassatsiya protestida bu haqda keltirilgan vaj asoslidir. Lekin kassatsiya protestida sud qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborish toʻgʻrisida qoʻyilgan masala bilan kelishib boʻlmaydi.
Chunki, kassatsiya instansiyasi sudi Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 188-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan hollardagina hal qiluv qarorini bekor qilish hamda ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga haqli. Bu haqda Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida” 2005-yil 23-dekabrdagi 136-sonli qarorining 15.1-bandida taʼkidlangan.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati xoʻjalik sudining 2015-yil 20-avgustdagi hal qiluv qarori va 2015-yil 29-dekabrdagi qarorini oʻzgartirishni, hal qiluv qarorining ““Tayfun mobil” MChJning daʼvosi qanoatlantirilsin, Namangan shahar DSIning 06.06.2015-yildagi “Soliqqa oid huquqbuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida” qarori haqiqiy emas deb topilsin” degan qismini hamda apellatsiya instansiyasi sudi qarorining hal qiluv qarorining oʻzgarishsiz qoldirilgan shu qismini bekor qilishni, “TAYFUN MOBILE” MChJning Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasining 2015-yil 6-iyundagi qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabini rad etishni lozim deb topadi.
2016-yil 12-iyul,
16-1506/10737-son
