Haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasi boʻyicha ijrochi buyurtmachining topshirigʻi bilan ashyoviy shaklda boʻlmagan xizmatni bajarish (muayyan harakatlarni qilish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish), buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq toʻlash majburiyatini oladi (19-1603/6480-son)
26.09.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi (bundan buyon matnda — adliya boshqarmasi) “Termiz Umid Trans” MChJ (bundan buyon matnda – daʼvogar) manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Ramziddin Kamazi” xususiy korxonasidan (bundan buyon matnda — javobgar) 18 683 672 soʻm asosiy qarz, 6 352 390 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 18 683 672 soʻm asosiy qarz, 2 000 000 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Javobgarning kassatsiya shikoyatida sudlar tomonidan daʼvogar hisobiga 2016-yil 26-martda 2 000 000 soʻm pul mablagʻi oʻtkazib berilganligi inobatga olinmaganligi, penya miqdori notoʻgʻri belgilanganligi bayon qilinib, sud qarorlarini bekor qilish va javobgar tomonidan toʻlangan 7 500 000 soʻmni inobatga olish soʻralgan.
Sudlov hayʼati javobgar vakilining tushuntirishini hamda prokurorning sud qarorlarini oʻzgartirish haqidagi fikrini tinglab, kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari asosida muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra sud qarorlarini oʻzgartirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (bundan buyon matnda — FK) 703-moddasiga koʻra haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasi boʻyicha ijrochi buyurtmachining topshirigʻi bilan ashyoviy shaklda boʻlmagan xizmatni bajarish (muayyan harakatlarni qilish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish), buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq toʻlash majburiyatini oladi.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, daʼvogar (yuk tashuvchi) va javobgar (mijoz) oʻrtasida 2015-yil 28-mayda yuk tashish toʻgʻrisida 14-sonli shartnoma tuzilgan.
Shartnomaga asosan daʼvogar javobgarning buyurtmasiga asosan 10 000 000 soʻmlik yukni koʻrsatilgan manzilga yetkazib berish, javobgar esa koʻrsatilgan xizmat uchun belgilangan haqni 100 foiz toʻlash majburiyatini olgan.
Daʼvogar tomonidan 2015-yil 23-iyuldagi 16-sonli hisob-fakturaga asosan 9 600 000 soʻmlik, 2015-yil 21-avgustdagi 17-sonli hisob-fakturaga asosan 6 800 000 soʻmlik, 2015-yil 02-oktabrdagi 26-sonli hisob-fakturaga asosan 7 700 000 soʻmlik, 2015-yil 26-oktabrda 7 400 000 soʻmlik,. 2015-yil 21-dekabrda 3 302 500 soʻmlik, jami 34 802 500 soʻmlik xizmatlar koʻrsatilgan, javobgar tomonidan 16 188 828 soʻm toʻlovlar amalga oshirilgan boʻlsada, qolgan 18 683 672 soʻmlik koʻrsatilgan xizmatlar haqi toʻlab berilmagan.
Shu sababli, adliya boshqarmasi daʼvogar manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgardan 18 683 672 soʻm asosiy qarz va toʻlov muddati kechiktirilgan kunlar uchun 6 352 390 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi javobgarning daʼvogar oldidagi qarzdorligi 18 683 672 soʻmni tashkil qilganligi asosi bilan javobgardan daʼvogar foydasiga 18 683 672 soʻm asosiy qarz undirish haqida notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Chunki, ish hujjatlaridagi mavjud toʻlov topshiriqnomalariga koʻra daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgunga qadar javobgar tomonidan 2016-yil 26-martdagi 03-sonli toʻlov topshiriqnomasi bilan 2 000 000 soʻm toʻlovlar amalga oshirilgan, yaʼni daʼvo arizasi berilgan vaqtda javobgarning daʼvogar oldidagi qarzdorligi 16 683 672 soʻmni tashkil qilgan.
Lekin, birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu holatlarga eʼtibor berilmasdan, javobgardan 2 000 000 soʻm ortiqcha pul mablagʻi undirilib, xatolikka yoʻl qoʻyilgan. Oʻz navbatida apellatsiya instansiya sudi ham ushbu yoʻl qoʻyilgan xatolikni eʼtibordan chetda qoldirgan.
FKning 333-moddasiga asosan qarzdor aybi boʻlgan taqdirda, majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javob beradi.
Bundan tashqari, daʼvogar shartnomaning 4.5-bandiga asosan koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov muddati kechiktirilgan kunlar uchun javobgardan 6 352 390 soʻm (18 683 672 soʻm x 0,4%=74 734 soʻm x 85 kun) penya undirishni soʻragan.
Lekin, daʼvogar tomonidan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi berilgan vaqtda javobgarning daʼvogar oldidagi qarzdorligi 16 683 672 soʻmni tashkil qilganligi sababli (16 683 672 x 0,4%=66 734 soʻm x 85 kun) )=5 672 448 soʻm penya hisoblanishi lozim edi.
FKning 326-moddasiga koʻra, sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga toʻlanishi lozim boʻlgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
Ushbu qonun normasiga tayanib, birinchi instansiya sudi undirishi soʻralgan penya miqdorini 2 000 000 soʻmga kamaytirish haqida qonuniy xulosaga kelganligi sababli, apellatsiya instansiya sudi hal qiluv qarorining ushbu qismini oʻzgarishsiz qoldirish haqida asosli xulosaga kelganligi uchun sud qarorlarining ushbu qismi oʻzgarishsiz qoldirilishi lozim boʻladi.
Garchand, “javobgar kassatsiya shikoyatida sudlov hayʼatidan javobgar tomonidan toʻlab berilgan 7 500 000 soʻm toʻlovlarni inobatga olishni” soʻragan boʻlsada, sudlov hayʼati ushbu holatni inobatga olishni lozim topmaydi.
Chunki, 7 500 000 soʻm toʻlovlar birinchi instansiya sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganidan soʻng, yaʼni 2016-yil 28-iyun va 2016-yil 10-avgustda toʻlab berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda — XPK) 188-moddasi birinchi qismiga koʻra moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish asos boʻladi.
Bunday holatda, sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirib, sud qarorlarini oʻzgartirishni, sud qarorlarining javobgardan daʼvogar foydasiga undirilgan 18 683 672 soʻm asosiy qarz — 16 683 672 soʻmga, javobgardan respublika budjetiga 250 360 soʻm davlat boji undirish qismini — 223 562 soʻmga oʻzgartirishni, daʼvo talabining rad etilgan qismi boʻyicha 26 798 soʻm davlat bojini daʼvogar zimmasiga yuklashni, lekin Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 330-moddasiga asosan adliya boshqarmasi davlat boji toʻlashdan ozod etilganligi bois, daʼvogardan davlat boji undirmaslikni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrilishi bilan bogʻliq toʻlangan 111 781 soʻm davlat boji va 7 000 soʻm pochta xarajatini javobgar zimmasida qoldirishni, ortiqcha toʻlangan 13 399 soʻm davlat bojini javobgarga qaytarishni, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini javobgardan undirishni lozim topadi.
2016-yil 26-sentabr.,
19-1603/6480-son
