Jinoyat ishi boʻyicha umumiy sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan harakatlar sodir etilgan yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha xoʻjalik sudi uchun majburiydir (17-1606/11304-son)
06.09.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasi xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, yakka tartibdagi tadbirkor K. Yuldashevga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 114-moddasining uchinchi qismiga asosan 48 155 740 soʻm, 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam ish haqining ellik baravari 6 512 000 soʻm moliyaviy sanksiya qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talablar qanoatlantirilgan. Yakka tartibdagi tadbirkor K. Yuldashevga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 114-moddasining uchinchi qismiga asosan 48 155 740 soʻm, 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam ish haqining ellik baravari 6 512 000 soʻm moliyaviy jarima tayinlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 108-moddasining sakkizinchi qismiga asosan uncha ogʻir boʻlmagan moliyaviy sanksiyani ogʻirroq jarima bilan qamrab olish orqali uzil-kesil 48 155 740 soʻm moliyaviy sanksiya qoʻllanilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida ishni koʻrishda moddiy va protsessual huquq normalari notoʻgʻri qoʻllanilganligi, ish hujjatlari toʻliq oʻrganilmaganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlarga koʻra, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining 2016-yil 22-fevraldagi 06-3862-sonli ruxsatiga, Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasining 2016-yil 15-martdagi 102-x/s-sonli, 2016-yil 31-martdagi 126-xs-sonli buyruqlariga asosan yakka tartibdagi tadbirkor K. Yuldashevning 2011 — 2015-yillardagi tadbirkorlik faoliyati yuzasidan rejadan tashqari tekshirish oʻtkazilib, tekshirish natijalari yuzasidan 2016-yil 31-martda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Tekshirishda yakka tartibdagi tadbirkor K. Yuldashev savdo faoliyati bilan shugʻullanishda nazorat-kassa mashinasini qoʻllash tartibini buzganligi, cheklardan foydalanmasdan chakana savdoni amalga oshirganligi, 240 778 700 soʻmlik mahsulotlarni naqd pulga sotib, sotuvdan tushgan pul mablagʻlarini bankka topshirmaganligi kabi soliqqa oid huquqbuzarliklar aniqlangan.
Tekshirish materiallari Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasida koʻrib chiqilib, uning natijalari boʻyicha 2016-yil 26-aprelda qaror qabul qilingan.
Hisoblangan jarima belgilangan muddatlarda toʻlanmaganligi natijasida mazkur nizo kelib chiqqan.
Ishdagi dalillar haqiqatan ham yakka tartibdagi tadbirkor K. Yuldashev tomonidan savdo faoliyati bilan shugʻullanishda nazorat-kassa mashinasini qoʻllash tartibi buzilganligi, cheklardan foydalanmasdan chakana savdo amalga oshirilganligi, 240 778 700 soʻmlik mahsulotlar naqd pulga sotib, sotuvdan tushgan pul mablagʻlari bankka topshirilmaganligi, natijada Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 114-moddasining uchinchi qismi hamda 119-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar sodir etilganligidan dalolat beradi. Ushbu holatlarni inkor etib boʻlmaydi.
Bir necha huquqbuzarlik sodir etilganligi uchun moliyaviy sanksiyalarni qoʻllashda davlat soliq xizmati organi tomonidan arizada qoʻllanilishi soʻralayotgan jarimalarning eng yuqori miqdori ogʻirroq jarima hisoblanadi. Uncha ogʻir boʻlmagan jarima ogʻirroq jarima bilan qamrab olinganda ogʻirroq jarima qoʻllaniladi. Bunda jarimaning uzil-kesil miqdori jarimaning yuqori miqdori nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan jarimaning eng koʻp miqdoridan oshmasligi lozim. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2010-yil 18-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi umumiy qismini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 210-sonli qarorining 25.2-bandida taʼkidlangan.
Shunga koʻra, birinchi instansiya sudi moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, arz qilingan talablarni qanoatlantirib, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 108-moddasining sakkizinchi qismiga asosan uncha ogʻir boʻlmagan moliyaviy sanksiyani ogʻirroq jarima bilan qamrab olish orqali uzil-kesil 48 155 740 soʻm moliyaviy sanksiya qoʻllash haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar bilan kelishmaydi. Chunki K. Yuldashevning 240 778 700 soʻmlik yogʻ mahsulotlarini 2016-yil mart oyi holatiga naqd pulga sotib, savdodan tushgan naqd pul mablagʻlarini nazorat-kassa mashinasiga kirim qilmaganlik holati jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudining 2016-yil 14-iyundagi hukmi bilan toʻliq oʻz isbotini topgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 60-moddasi toʻrtinchi qismining mazmuniga koʻra soliq toʻlovchining rahbari yoki xodimiga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha hukm muayyan harakatlar sodir etilgan yoki sodir etilmaganligi va ular kimlar tomonidan sodir etilganligi masalalari boʻyicha xoʻjalik sudi uchun majburiydir. Bunda vakolatli organ tekshirish tartibi va qoidalari buzilmagan holda oʻtkazilganligini hamda soliq toʻlovchining soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganligini isbotlashdan ozod etiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2010-yil 18-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi umumiy qismini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 210-sonli qarori 20-bandining ikkinchi xatboshisida taʼkidlangan.
Javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarning mavjudligini javobgar dalillar asosida isbotlamagan. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2010-yil 18-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi umumiy qismini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 210-sonli qarorining 35.1-bandida taʼkidlangan. Shu sababli birinchi instansiya sudi ishni koʻrishda moddiy va protsessual huquq normalarini toʻgʻri qoʻllab, Soliq kodeksi 112-moddasining toʻrtinchi qismini qoʻllamagan.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, shikoyatni esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, toʻlangan 7 000 soʻm pochta xarajatlarini yakka tartibdagi tadbirkor K. Yuldashev zimmasida qoldirib, undan sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatlarini undirishni lozim topadi.
2016-yil 6-sentabr.,
17-1606/11304-son
