Qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun javob beradi (13-1602/3971-son)
18.07.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ (bundan buyon matnda — daʼvogar) manfaatini koʻzlab xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Qishloqxoʻjalikimyo” AJ Zomin tuman filialidan (bundan buyon matnda — javobgar) 8 851 287 soʻm asosiy qarz, 159 644 627 soʻm jarima, jami 168 495 914 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan. Javobgardan daʼvogar foydasiga 2 351 287 soʻm asosiy qarz, 6 364 167 soʻm jarima undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Javobgarning kassatsiya shikoyatida ishni koʻrishda birinchi instansiya sudi moddiy huquq normasini notoʻgʻri qoʻllab, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Ustavining 132-moddasiga koʻra vagonlarni belgilangan muddatlardan ortiq boʻsh turib qolganligi uchun hisoblangan va javobgar tomonidan tan olingan jarima summasini asossiz ravishda kamaytirganligi bayon qilinib, hal qiluv qarorini oʻzgartirish va javobgardan daʼvogar foydasiga 63 641 679 soʻm jarima undirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagilarga asosan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, daʼvogar tomonidan berilgan ishonchnomaga asosan “Oʻztemiryoʻlhisobmarkaz” Jizzax yuk hujjatlarini qayta ishlash markazi bilan javobgar oʻrtasida 2012-yil 25-oktabrda 0329-sonli temir yoʻlda yuklarni tashiganlik va koʻrsatilgan xizmatlar uchun hisob-kitoblar tartibi toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan.
Kelishuvning 2.3-bandida mijoz koʻrsatilishi kutilayotgan temir yoʻl tashuvlari va xizmatlari uchun oldindan 100 foizlik toʻlovlarni amalga oshirishi belgilangan.
Kelishuvning 3.1-bandida taraflar oʻrtasida javobgarlik “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Ustavi va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanishi qayd etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi transport prokuraturasi tomonidan daʼvogar tizimidagi “Oʻztemiryoʻlhisobmarkaz” Jizzax yuk hujjatlarini qayta ishlash texnologik markazida oʻtkazilgan tekshirishda javobgar tomonidan oʻzaro toʻlov intizomini mustahkamlashga oid qonunchilik talablari qoʻpol ravishda buzilganligi, yaʼni javobgar “Oʻztemiryoʻlhisobmarkaz” Jizzax yuk hujjatlarini qayta ishlash texnologik markazidan 2016-yil 1-yanvar holatiga asosiy qarz boʻyicha 8 851 287 soʻm, vagonlarni belgilangan muddatlardan ortiq boʻsh turib qolganligi uchun hisoblangan jarima boʻyicha 159 644 627 soʻm, jami 168 495 914 soʻm qarzdorlikka yoʻl qoʻyganligi aniqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (keyinchalik matnda — FK) 8 va 234-moddalariga koʻra, majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida va ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.
FKning 236-moddasida, majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerakligi nazarda tutilgan.
Ishni koʻrish jarayonida javobgarning daʼvogar oldidagi 89 502 948 soʻm qarzi Jizzax viloyat xoʻjalik sudining 13-1306/7182-sonli xoʻjalik ishi boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori bilan undirib berilganligi, javobgarning 8 851 287 soʻm asosiy qarz, 70 141 679 soʻm jarima boʻyicha qarzi mavjudligi aniqlangan boʻlib, ishni koʻrish kuniga qadar ushlab qolingan pul mablagʻlari shartnomaning 2.7-bandi talablariga muvofiq proporsiya shaklida taqsimlangach, javobgarning daʼvogar oldidagi mavjud qarzi asosiy qarz boʻyicha 2 351 287 soʻmni, jarima boʻyicha 63 641 679 soʻmni tashkil qilgan.
FKning 263-moddasiga koʻra, neustoyka toʻlash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qatʼi nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoyka (qonuniy neustoyka)ni toʻlashni talab qilishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktabrdagi 232-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Ustavining 132-moddasiga koʻra yukni joʻnatuvchi, yukni qabul qiluvchi vositalari bilan yukni tushirish yoki yuklashga berilgan vagonlarni belgilangan muddatlardan ortiq boʻsh turib qolganligi uchun yukni joʻnatuvchi yoki yukni qabul qiluvchidan jarima undiriladi.
Oddiy vagonlarni boʻsh turib qolganligi (yopiq vagonlar, yarim vagonlar, platformalar) jarimalar quyidagi miqdorlarda undiriladi:
1 soatdan 6 soatgacha boʻsh turib qolgan bir vagon/soat uchun — eng kam oylik ish haqining 0,05 foizi miqdorida;
7 soatdan 12 soatgacha boʻsh turib qolgan bir vagon/soat uchun — eng kam oylik ish haqining 0,1 foizi miqdorida;
13 soatdan 18 soatgacha boʻsh turib qolgan bir vagon/soat uchun — eng kam oylik ish haqining 0,15 foizi miqdorida;
18 soatdan ortiq boʻsh turib qolgan bir vagon/soat uchun — eng kam oylik ish haqining 0,25 foizi miqdorida.
Stansiyalarda, oraliq va qoʻshni temir yoʻl stansiyalarida yukni tushirish yoki yuklashni kutib turgan va yukni qabul qiluvchiga bogʻliq sabablar bilan boʻsh turib qolgan vagonlarga ham yuqoridagi miqdorlarda jarimalar undiriladi.
Vagonlarni boʻsh turib qolishi uchun jarima yuklarni tashish rejasi bajarilmaganligi uchun undiriladigan jarimadan qatʼi nazar, undiriladi.
2015-yil dekabr oyi uchun 0702133 raqamli vagon boʻsh turib qolganligi uchun daʼvogar tomonidan 63 641 679 soʻm jarima hisoblangan.
Daʼvoning 2 351 287 soʻm asosiy qarz va 63 641 679 soʻm jarima undirish talablari javobgar tomonidan eʼtirozsiz imzolangan vagonlarni taqdim qilish va tozalash vedomostlari va qoʻshimcha yigʻimlar uchun jamgʻarib boriladigan kartochkalar bilan, shuningdek 2016-yil 1-yanvardagi oʻzaro solishtirma dalolatnoma bilan toʻliq tasdiqlanadi.
FKning 333-moddasida qarzdor aybi boʻlgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun javob berishligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarorining 4-bandida agar toʻlanishi lozim boʻlgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi koʻrinib tursa, sud qarzdor tomonidan majburiyatlarning bajarilish darajasini, majburiyatda ishtirok etuvchi taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek kreditorning manfaatlarini eʼtiborga olib, neustoyka miqdorini kamaytirishga haqliligi, biroq nestoykaning eng kam miqdori FKning 327-moddasida koʻrsatilgan foizlar miqdoridan kam boʻlmasligi lozimligi haqida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sudning hal qiluv qarori haqida” 2007-yil 15-iyundagi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Birinchi instansiya sudi ushbu Plenum qarori talablariga rioya qilgan holda ishdagi mavjud dalillarga huquqiy baho berib, daʼvo talablarini qisman qanoatlantirish, daʼvoning jarima undirish qismini FKning 326-moddasi talablariga asosan kamaytirish haqida qonuniy toʻxtamga kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi 188-moddasining birinchi qismida moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilishi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini yoki qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻlishi nazarda tutilgan.
Ushbu holatda, hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asoslar mavjud emas.
Agar apellatsiya va kassatsiya shikoyatlari berilganda sud hujjatining faqat undirish yoki undirishni rad etish qismi shikoyat qilinayotgan boʻlsa, davlat boji nizolashilayotgan summadan kelib chiqib hisoblanadi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 2008-yil 18-apreldagi 180-sonli qarorining 4.6-bandida batafsil tushuntirish berilgan.
Bunday holatda, sudlov hayʼati, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish bilan bogʻliq toʻlangan 318 208 soʻm davlat boji va 7 000 soʻm pochta xarajatini daʼvogar zimmasida qoldirishni va undan sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatini undirishni lozim topadi.
2016-yil 18-iyul,
13-1602/3971-son
